1–BOB
Duoyi salom
1 Iso Masihga qilgan xizmatim tufayli qamoqda boʻlgan men — Pavlusdan hamda birodarimiz Timoʻtiydan sevikli hamkorimiz Filimoʻnga salom! 2 Singlimiz Affiya bilan safdoshimiz Arxippusga, shuningdek, xonadoningda yigʻilib turadigan imonlilar jamoatiga ham salom yoʻllaymiz. 3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Xudoga shukrona
4 Ey Filimoʻn, men ibodat qilganimda seni eslab, har doim Xudoyimga shukur aytaman. 5 Chunki sening Rabbimiz Isoga boʻlgan imoning va barcha aziz birodarlarga boʻlgan muhabbating haqida eshitib turibman. 6 Ibodatim shuki, birgalikda baham koʻrayotgan imonimiz sening hayotingda samara bersin. Iso Masih uchun qilishimiz kerak boʻlgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin. 7 Birodarim, sen tufayli birodarlarning koʻngli tinch. Sening mehr–muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi.
Pavlus qul Oʻnisimus uchun iltimos qiladi
8 Filimoʻn, sen ham, men ham Masihga ishonamiz. Shuning uchun men senga, oʻz burchingni bajargin, deb buyurishga haddim sigʻadi. 9 Ammo sen meni yaxshi koʻrganing uchun iltimos qilishni afzal koʻrdim. Iso Masih tufayli qamoqda boʻlgan, yoshi oʻtib qolgan men, Pavlus, 10 mahbusligimda imon orqali menga oʻgʻil boʻlib qolgan Oʻnisimus uchun sendan iltimos qilyapman. 11-12 Oʻnisimus bir vaqtlar senga foydasiz edi. Endi esa u senga ham, menga ham foydalidir . Koʻzimning oqu qorasiday boʻlib qolgan Oʻnisimusni sening oldingga qaytarib yubordim.
13 Men Xushxabarni targʻib qilganim uchun qamoqda yotibman. Oʻnisimusning yonimda qolishini, sening oʻrningga menga xizmat qilishini xohlar edim. 14 Ammo sening roziligingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim, chunki sening iltifotingni majburiy emas, balki ixtiyoriy boʻlishini istadim. 15 Balki, sen Oʻnisimusni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir . 16 Endi u senga faqatgina qul emas, balki quldan yuqori, sevikli birodaringdir. Men uni juda qadrlayman. Ishonchim komilki, u senga qul sifatida ham, Rabbimiz Iso orqali birodaring sifatida ham yanada qadrliroqdir.
17 Agar sen meni Rabbimiz xizmatidagi safdoshing deb bilsang, Oʻnisimusni meni qabul qilganday qabul qilgin. 18 Mabodo, u senga zarar keltirgan boʻlsa yoki sendan qarzdor boʻlsa, buni mening zimmamga yukla. 19 Men, Pavlus, quyidagini oʻz qoʻlim bilan yozyapman : men qarzingni toʻlayman. Sen oʻz hayoting uchun mendan qarzdor ekanligingni aytishimning esa hojati yoʻq. 20 Ha, birodarim, Rabbimiz Iso tufayli mendan bu iltifotingni ayama! Masih haqi–hurmati jonimga oro kirgin! 21 Sen mening soʻzlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham koʻprogʻini bajarasan, deb ishonganim uchun bularni yozdim.
22 Bundan tashqari, menga biror turar joy ham tayyorlab qoʻygin. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga ishonaman.
Soʻnggi salomlar
23-24 Men bilan birga Iso Masih nomi uchun mahbus boʻlgan Epafras, hamkorlarim Mark , Aristarxus, Dimas, Luqo senga salom yoʻllayaptilar.
25 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor boʻlsin .