7–BOB
1 Egamiz Musoga aytdi:
— Qarab tur, akang Horunni sening oʻrningga gapiradigan qilaman. Seni firʼavn uchun Xudoday qilib qoʻyaman. Horun esa sening paygʻambaring boʻlib, gaplaringni firʼavnga yetkazadi. 2 Men senga aytgan hamma amrlarni akangga ayt. Isroil xalqi Misrdan chiqib ketishi uchun ijozat ber, deb Horun firʼavnga aytadi. 3 Lekin Men alomatu moʻjizalarimni Misr yurtida koʻrsatay deb, firʼavnning yuragini tosh qilib qoʻyaman. 4 Firʼavn sizlarning gapingizga quloq solmaydi. Oʻshanda Men Misrga qarshi qoʻl koʻtarib, unga koʻp kulfatlar keltiraman. Keyin hukmning qudratli ishlari bilan Isroil oilalarini va qabilalarini olib chiqaman. 5 Misrga qarshi qoʻl koʻtarib, Isroil xalqini Misrliklarning orasidan olib chiqqanimda, Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi.
6 Muso bilan Horun Egamizning amriga binoan ish tutdilar. 7 Ular firʼavn bilan gaplashganlarida, Muso sakson yoshda, Horun sakson uch yoshda edi.
Horunning tayogʻi
8 Egamiz Muso bilan Horunga gapirdi:
9 — Firʼavn sizlarga: “Birorta ajoyibot koʻrsatinglar–chi”, deb aytsa, Horunga buyur, tayoqni olib, firʼavnning oldiga tashlasin. Tayoq ilonga aylanib qoladi.
10 Shunday qilib, Muso bilan Horun firʼavn huzuriga bordilar. Egamiz amr etganday ish tutdilar: Horun tayogʻini firʼavn va uning aʼyonlari oldiga tashlagan edi, tayoq oʻsha zahoti ilonga aylanib qoldi. 11 Shunda firʼavn ham oʻzining sehrgarlarini — donishmandlarini va folbinlarini chaqirdi. Misr sehrgarlari sehr–jodularini ishlatib, oʻshanaqa moʻjiza koʻrsatdilar. 12 Har biri tayogʻini yerga tashlagan edi, tayoq ilonga aylanib qoldi. Horunning iloni Misr sehrgarlarining ilonlarini yutib yubordi. 13 Egamiz aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qoldi, Muso bilan Horunning gapiga u quloq solmadi.
Birinchi falokat: Nil daryosi qonga aylanadi
14 Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi:
— Baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, xalqimning ketishiga ijozat berishni istamayapti. 15 Ertaga ertalab firʼavnning oldiga bor. U daryoga boradi. Sen uni daryo boʻyida kutib tur. Ilonga aylangan tayogʻing qoʻlingda boʻlsin. 16 Firʼavnga shunday deb ayt: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz meni sening huzuringga shu gapni aytgani yubordi: «Mening xalqimga ijozat ber, ular sahroga borib, Menga sajda qilishsin.» Sen hamon Egamizning gapiga quloq solmayapsan. 17 Egamiz shunday aytmoqda: «Egangiz Men ekanligimni endi bilib olasan.» Qoʻlimdagi mana bu tayoqni Nil daryosining suviga urganimda, suv qonga aylanadi. 18 Daryodagi baliqlar nobud boʻladi. Daryo sasib ketadi. Misr xalqi daryo suvini icholmaydi.”
19 Soʻngra Egamiz Musoga shunday dedi:
— Horunga ayt, tayoqni qoʻliga olib, Misr suvlari tomonga — Misrdagi daryolar, anhorlar, koʻllar, hamma suv havzalari tomonga uzatsin. Misrdagi hamma joylarda suv qonga aylanadi, hatto butun Misr yurtidagi yogʻoch va tosh idishlardagi suvlar ham qonga aylanadi.
20 Shunday qilib, Muso bilan Horun Egamiz amr etganday qilishdi: Horun firʼavn va uning aʼyonlari koʻzi oldida tayogʻini koʻtarib daryo suviga urgan edi, shu zahoti daryo suvi qonga aylanib qoldi. 21 Daryodagi baliqlar nobud boʻlib, daryo suvi sasib ketdi. Misr xalqi daryo suvini icholmay qoldi. Misrning hamma yeri qonga toʻlib ketdi. 22 Misr sehrgarlari ham sehr–jodularini ishlatib, xuddi oʻshanday qildilar. Egamiz aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qoldi, Muso bilan Horunning gapiga u quloq solmadi. 23 Boʻlib oʻtgan moʻjizadan firʼavnning yuragi qilt etmasdan, saroyiga qaytdi. 24 Daryo suvini ichib boʻlmagani sababli, Misr xalqi ichimlik suvi topish uchun daryo yaqinida quduqlar kovlay boshladilar. 25 Egamiz Nil daryosi suvini qonga aylantirgandan keyin yetti kun davomida suv qon boʻlib oqaverdi.