40–BOB
Yusuf mahbuslarning tushini taʼbir qiladi
1 Bir kuni saroy soqiysi bilan novvoyi Misr firʼavnini qattiq xafa qildilar. 2 Firʼavn bu ikkala aʼyonidan — soqiysi bilan novvoyidan gʻazablanib, 3 ularni ham Yusuf yotgan zindonga qamatib qoʻydi. Zindon qoʻriqchilar boshligʻining uyida edi. 4 Qoʻriqchilar boshligʻi Yusufni soqiy bilan novvoyning xizmatiga qoʻydi. Yusuf ularga xizmat qila boshladi. Ular ancha vaqt zindonda qoldilar.
5 Firʼavnning soqiysi bilan novvoyi zindonda yotar ekanlar, bir kuni kechasi ikkovi ham tush koʻrdilar. Har bir tushning oʻziga xos maʼnosi bor edi. 6 Ertalab Yusuf ularning yoniga keldi. Ularning yuzi gʻamgin edi. Yusuf buni payqadi.
7 — Nimaga bugun juda gʻamgin koʻrinasizlar? — deb soʻradi Yusuf ulardan.
8 — Biz tush koʻrgan edik, bu yerda tushimizni taʼbirlab beradigan biron kimsa yoʻq, — deb javob berishdi ular.
— Tushlarni taʼbirlash Xudodandir, — dedi Yusuf. — Marhamat, tushingizni menga ayting–chi.
9 Avval soqiy tushini Yusufga aytib berdi:
— Tushimda tok koʻribman. Tok oldimda turgan emish. 10 Tokning uchta novdasi bor ekan. Novdalar darrov kurtak otib, meva tugib uzumlar pishibdi. 11 Firʼavnning qadahi qoʻlimda emish. Men uzumlarni olib, firʼavnning qadahiga uzumning sharbatini siqibman. Keyin qadahni firʼavnning qoʻliga beribman.
12 Yusuf unga dedi:
— Tushingizning taʼbiri shunday boʻlar: uchta novda — uch kun degani. 13 Uch kun ichida firʼavn sizni zindondan ozod qilib, oldingi mansabingizga qaytaradi: siz yana soqiy boʻlib, ilgarigiday shohga qadah tutasiz. 14 Lekin sizdan bir iltimos: ishlaringiz yaxshi boʻlib ketganda, meni ham eslab qoʻying. Siz menga iltifot koʻrsatib, firʼavnga men toʻgʻrimda ham eslatib qoʻying: meni zindondan chiqarib olsin. 15 Men aslida ibroniylar yurtidan oʻgʻirlab keltirilganman. Buning ustiga, yana bu yerda zindondaman, lekin hech qanday aybim yoʻq.
16 Novvoy qarasa, tushning taʼbiri yaxshilikka ekan. U Yusufga dedi:
— Men ham tush koʻribman. Boshimda uchta non savatni olib ketayotgan emishman. 17 Eng tepadagi savatda firʼavnga atalgan pishiriqlarning har turidan bor ekan. Lekin qushlar uchib kelib, boshimdagi savatdan pishiriqlarni choʻqiyotgan ekan.
18 — Tushingizning taʼbiri shunday boʻlar, — dedi Yusuf. — Uchta savat — uch kun degani. 19 Uch kun ichida firʼavn boshingizni tanangizdan judo qilib, tanangizni tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtiradi. Qushlar tanangizni choʻqib yeydi.
20 Oradan uch kun oʻtgach, firʼavn tugʻilgan kunida barcha aʼyonlariga ziyofat berdi. Soqiysi bilan novvoyini ham zindondan aʼyonlari oldiga chaqirtirdi. 21 Firʼavn soqiysini ozod qilib, oldingi mansabiga qaytardi. Shunday qilib, soqiy yana firʼavnga qadah tutadigan boʻldi. 22 Lekin Yusuf aytganday, firʼavn novvoyning boshini oldirib, jasadini tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. 23 Soqiy esa Yusufni eslamadi, uni unutib yubordi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020