13–BOB
Isroil xalqi hali bosib olmagan yerlar
1 Yillar oʻtib, Yoshua ancha keksayib qolgan paytda, Egamiz unga shunday dedi: “Sen qariding, yoshing ham oʻtib qoldi, lekin Men sizlarga bergan yurtning koʻp joylari hali bosib olinmagan. 2 Isroil xalqi hali quyidagi yerlarni egallamagan: butun Filist va Geshir xalqining yerlari, 3 yaʼni Misrning sharqiy chegarasidagi Shixor irmogʻidan shimoldagi Exron chegaralarigacha boʻlgan yerlar. Hozir bu yerlar Kanʼon xalqiga tegishli. U yerlarda Filist xalqining beshta hukmdori yashaydi. Ular quyidagi shaharlarda hukmronlik qiladi: Gʻazo, Ashdod, Ashqalon, Gat va Exron. Janubdagi Avim xalqining yerlari ham hali bosib olinmagan. 4 Shimolda esa Isroil xalqi hali Kanʼon xalqining barcha yerlarini bosib olmagan. Bu yerlar Sidon xalqiga tegishli boʻlgan Merax shahrini oʻz ichiga olib, shimol tomonga, Amor xalqi yerlarining chegarasidagi Ofoq degan joygacha choʻziladi. 5 Isroil xalqi yana Gabolliklarning yerlarini, Lubnon togʻli yerlarining sharq tomonini — Xermon togʻining etagidagi Baal–Gaddan Levo–Xomatgacha boʻlgan joylarni qoʻlga kiritmagan. 6 Ular Lubnondan Misrafoʻt–Mayimgacha boʻlgan qirlarning aholisini — barcha Sidonliklarni ham hali magʻlub qilmagan. Men Oʻzim mana shu xalqlarni bu yurtdan, Isroil xalqining oldidan haydayman. Men senga buyurganimday, mana shu yerlarni albatta Isroil xalqiga mulk qilib bergin. 7 Xullas, mana shu yerlarni qolgan toʻqqizta qabilaga va Manashe qabilasining yarmiga mulk qilib boʻlib bergin.”
Iordan daryosining sharqidagi yerlar
8 Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining boshqa yarmi Iordan daryosining sharqida oʻz ulushlarini olib boʻlgan edilar. Ularga bu yerlarni Egamizning quli Muso bergan edi. 9 Ularning hududi janubdagi Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan tortib, soylikdagi shahargacha choʻzilib, Midavodan Dibongacha boʻlgan butun yassi tepalikni oʻz ichiga oladi. 10 Bu hudud Xashbon shahrida hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻn qoʻli ostida boʻlgan hamma shaharlarni, Ommon xalqining chegarasigacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga olardi. 11-12 Bulardan tashqari, Gashur va Maxo xalqlarining yerlari, shuningdek, shoh Oʻgning butun shohligi, chunonchi, Gilad oʻlkasi, shimoldagi butun Xermon togʻi va sharqdagi Salkogacha boʻlgan butun Bashan oʻsha hududga kirar edi. Shoh Oʻg Rafa xalqining eng oxirgi avlodi boʻlib, Bashan oʻlkasining Ashtaroʻt va Edrey shaharlarida hukmronlik qilgan edi. Muso oʻsha yerlarni bosib olib, xalqlarini haydab chiqargan edi. 13 Lekin Isroil xalqi Gashur va Maxo xalqlarini haydab chiqarmadi, ular bugungacha Isroil xalqi orasida yashaydilar.
14 Faqatgina Levi qabilasiga Muso ulush qilib yer bermadi. Egamiz aytganday, qurbongohda Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab kuydiriladigan qurbonliklar Levi qabilasining ulushidir .
Ruben qabilasining hududi
15 Muso Ruben qabilasiga urugʻlari boʻyicha ulush bergan edi. 16 Ularning hududi janubdagi Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan tortib, soylikdagi shahargacha choʻzilib, Midavo atrofidagi butun yassi tepalikni oʻz ichiga olardi. 17 Mana shu hudud Xashbon shahrini va yassi tepalikda joylashgan quyidagi hamma shaharlarni oʻz ichiga olar edi: Dibon, Bomoʻt–Baal va Bayt–Baal–Miyon, 18 Yaxaz, Kadamoʻt, Mifat, 19 Xiratayim, Sivmo va Iordan vodiysida joylashgan qirning ustidagi Zaret–Xashaxar, 20 Bayt–Piyor, Fisgax togʻ tizmasining yon bagʻirlari, Bayt–Yashimoʻt shaharlari. 21 Ruben qabilasining yerlari yassi tepalik ustidagi barcha shaharlar, Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻnning butun shohligini oʻz ichiga olardi. Muso Sixoʻnni va u bilan ittifoq tuzgan Midiyon hukmdorlarini magʻlub qilgandi. Ularning ismlari Evi, Rahem, Zur, Xur va Raba edi. 22 Isroil xalqi yana Bavoʻr oʻgʻli Balomni ham qilichdan oʻtkazgan edi. U folbinlik bilan shugʻullanar edi. 23 Ruben qabilasi hududining gʻarbiy chegarasi Iordan daryosi va uning qirgʻoqlari edi. Mana shu yerlar Ruben qabilasiga mulk qilib berilgan edi.
Gad qabilasining hududi
24 Muso Gad qabilasiga ham urugʻlari boʻyicha ulush berdi. 25 Yazir shahri, Gilad oʻlkasidagi hamma shaharlar, Rabba shahrining sharqidagi Aror shahrigacha boʻlgan Ommonlar yerining yarmi ularning hududiga kirar edi. 26 Ularning yeri yana janubdagi Xashbon shahridan shimol tomondagi Ramat–Mispi va Batonim shaharlarigacha, shuningdek, shimoldagi Moxanayimdan Debirgacha choʻzilgan edi. 27 Gad qabilasining yeri Iordan vodiysida Bayt–Xaram, Bayt–Nimro, Suxot, Zofun shaharlarini hamda Xashbon hukmdori boʻlgan Sixoʻn shohining qolgan shohligini ham oʻz ichiga olar edi. Bu hududning gʻarbiy chegarasi Iordan daryosi boʻlib, shimoldagi Jalila koʻligacha choʻzilgan edi. 28 Mana shu hududdagi shaharlar va atroflaridagi qishloqlar Gad qabilasiga mulk qilib berilgan edi.
Iordan sharqidagi Manashe qabilasining yarmiga berilgan yerlar
29 Muso Manashe qabilasining yarmiga ham urugʻlari boʻyicha ulush bergan edi. 30 Ularning hududi Moxanayim shahridan shimolga choʻzilib, butun Bashan oʻlkasini va Yovir bosib olgan oltmishta shaharni oʻz ichiga olar edi. Bashan shohi Oʻg mana shu joylarda hukmronlik qilgan edi. 31 Gilad oʻlkasining yarmi, Bashandagi Oʻg shohligining poytaxt shaharlari Ashtaroʻt va Edrey ham ularning hududiga kirar edi. Bu yerlar Manashe oʻgʻli Moxirdan kelib chiqqan naslning yarmiga berilgan edi.
32 Iordanning sharqida, Moʻab tekisligida, Yerixoning roʻparasida Muso boʻlib bergan ulushlar mana shulardir. 33 Lekin Levi qabilasiga Muso ulush qilib yer bermagan edi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ularga: “Men Oʻzim sizlarning ulushingiz boʻlaman”, deb vaʼda bergan edi .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020