31–BOB
Isroil xalqi ona yurtiga qaytib keladi
1 Egamiz shunday demoqda: “Oʻsha vaqtda Men hamma Isroil qabilalarining Xudosi boʻlaman, ular esa Mening xalqim boʻladi.”
2 Egamiz shunday demoqda:
“Qirgʻindan omon qolgan Isroil xalqi
Tinchlik izlab safarga chiqqanda,
Sahroda inoyat topdi.”
3 Egamiz qadimda Isroilga zohir boʻlib,
Shunday degan edi:
“Seni mangu sevgi bilan sevdim,
Senga sodiq boʻlib keldim.
4 Ey bokira qiz Isroil,
Men seni qaytadan bunyod etaman.
Sen qayta bino boʻlasan.
Sen yana childirmangni chalasan,
Quvonch ila raqsga tushasan.
5 Samariya qirlarida yana uzumzorlar barpo qilasan.
Tok ekkan dehqonlar oʻzlari yetishtirgan hosildan yeydilar.
6 Shunday kunlar keladiki,
Soqchilar Efrayim qirlarida shunday deb jar soladilar:
«Kelinglar, Egamiz Xudoning oldiga boraylik!
Kelinglar, Quddusga chiqaylik!»”
7 Egamiz shunday demoqda:
“Yoqub nasli uchun sevinch ila qoʻshiq ayting,
Ha, xalqlar sardori uchun Xudoni madh qiling.
Xudoga hamdu sanolar oʻqing, Unga yolvorib ayting:
«Ey Egamiz, Oʻz xalqingni xalos qilgin!
Isroilning omon qolganlarini qutqargin!»
8 Men ularni shimoldan olib kelaman,
Dunyoning toʻrt burchagidan yigʻib olaman.
Oralarida koʻru choʻloqlar boʻladi,
Homilador ayollaru toʻlgʻoq tutayotganlar boʻladi.
Katta bir jamoa boʻlib, bu yerga qaytib kelishadi.
9 Ular koʻz yosh toʻkib, yoʻl yurishadi,
Ularni boshlab kelayotganimda iltijo qilishadi.
Men ularni suv buloqlari boʻylab yetaklayman,
Qoqilmasin deb, tekis yoʻldan olib yuraman.
Zotan, Men Isroilning otasidirman,
Efrayim Mening toʻngʻich oʻgʻlimdir.”
10 Ey xalqlar, Egamizning soʻzini eshitinglar,
Dengiz ortidagi yurtlarda shunday eʼlon qilinglar:
“Egamiz Isroil xalqini tarqatib yubordi,
Ammo endi uni qayta yigʻib oladi,
Choʻpon suruvini qoʻriqlaganday,
Egamiz Isroilni qoʻriqlaydi.”
11 Zero, Yoqub naslini Egamiz ozod qildi,
Ulardan kuchliroq boʻlgan bir xalqdan bu naslni qutqardi.
12 Yoqub nasli Quddus qirlarida quvonch ila ashula aytadi,
Egamiz bergan barakadan quvonadi.
Bugʻdoy, sharob va zaytun moyi tufayli,
Suruvdagi qoʻzilaru podalardagi buzoqlar tufayli
Ularning yuzidan nur sochiladi.
Ular sugʻorilgan boqqa oʻxshaydigan boʻladi,
Butunlay qaygʻuni unutib yuborishadi.
13-14 Egamiz shunday demoqda:
“Qizlar xursand boʻlib, raqsga tushadilar,
Erkaklarning yoshu qarisi shod boʻladi.
Men ularning qaygʻusini quvonchga aylantiraman,
Hasrat oʻrniga taskin va shodlik beraman.
Ruhoniylarni aʼlo sifatli ovqatlar bilan toʻygʻizaman,
Xalqimni barakalardan bahramand qilaman.”
Egamizning Isroilga boʻlgan mehr–shafqati
15 Egamiz shunday demoqda:
“Rama shahridan bir nido eshitilar,
Achchiq bir nolayu ohu figʻon bu.
Bolalari uchun yigʻlar Rohila ,
Ovunishni xohlamas,
Axir, ular endi yoʻq.”
16 Egamiz shunday demoqda:
“Boʻldi bas, yigʻlama,
Koʻz yoshlaringni toʻkma.
Zero, mehnating taqdirlanadi,
Farzandlaring dushman yurtidan qaytib keladi.
17 Kelajagingga umid bor,
Bolalaring oʻz yurtiga qaytib keladi,
— deb aytmoqda Egamiz. —
18 Efrayimning hasratini eshitdim:
«Meni jazolading, oʻzimga saboq oldim.
Men oʻjar bir buzoqqa oʻxshagan edim.
Meni qaytar, oldingga qaytib boray,
Axir, Egam Xudo Sensan.
19 Sendan yuz oʻgirganimdan pushaymon boʻldim,
Es–hushimni yigʻib olgach, koʻksimga urdim.
Yoshlikda isnodga qolganim tufayli
Sharmandayu sharmisor boʻldim.»
20 Efrayim — Mening aziz oʻgʻlonim,
Suyukli farzandimdir u!
Unga qarshi koʻp gapirganim bilan,
Xayolimdan uni ketkizmayman.
Unga ich–ichimdan achinib ketdim,
Albatta unga rahm qilaman.”
Egamizning kalomi shudir.
21 Ey bokira qiz Isroil,
Oʻzing uchun yoʻl belgilarini qoʻy,
Yoʻnalish ustunlarini oʻrnat.
Kelgan yoʻlingni aniqlab ol.
Qayt, oʻz shaharlaringga qayt.
22 Ey vafosiz qiz,
Qachongacha ikkilanasan?!
Egamiz dunyoda yangi bir narsa yaratadi:
Isroil Oʻz Xudosiga chirmashib oladi .
Xudo xalqining yorqin kelajagi
23 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman . Shunda Yahudo yurtidagi va barcha shaharlaridagi odamlar Quddusni shunday duo qiladigan boʻlishadi:
«Ey muqaddas togʻ ,
Solihlik makoni,
Egamiz senga baraka bersin!»
24 Odamlar Yahudo yurtida va uning hamma shaharlarida yashaydilar. U yerda dehqonlar va qoʻylarni boqadigan chorvadorlar boʻladi. 25 Men chanqaganlarning chanqogʻini qondiraman, toliqqan jonga orom beraman. 26 Shunda odamlar miriqib uxlab, kuchga toʻlib uygʻonadilar .”
27 Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo yurtlarini odamlarga va hayvonlarga toʻldiraman. 28 Ilgarilari Men bu xalqni qoʻporib, halok qilgan boʻlsam, ularni agʻdarib tashlab, yakson etgan boʻlsam, boshlariga falokat keltirgan boʻlsam, endi ularni qayta bunyod etib, mustahkam qilaman, — deb aytmoqda Egamiz. 29 — Oʻshanda odamlar shunday deb aytmaydigan boʻladi:
«Otalari nordon uzum yeyishgan edi,
Bolalarining tishi qamashdi.»
30 Aksincha, har bir odam qilgan gunohi uchun oʻzi oʻlim jazosini oladi. Kim nordon uzum yegan boʻlsa, oʻshaning tishi qamashadi.”
31 Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. 32 Bu yangi ahd Men ularning ota–bobolari bilan tuzgan ahdga oʻxshamaydigan boʻladi. Men ota–bobolarini qoʻlidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Men ularga sodiq xoʻjayin edim, ammo ular oʻsha ahdimni buzishdi.” Egamizning kalomi shudir.
33 Egamiz shunday demoqda: “Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday boʻladi: Men qonunimni odamlarning ongiga solib qoʻyaman, qonunimni ularning yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim boʻladilar. 34 Shundan keyin odamlar bir–biriga: «Egamizni tanib–biling», demaydigan boʻlishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib, kichigigacha Meni biladigan boʻladi. Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon esga olmayman.” Egamizning kalomi shudir.
35 Kunni yoritsin deya, Egamiz quyosh ato qildi.
Kechasi nur sochsin deya, oy va yulduzlarni yaratdi.
U dengizni koʻpirtirar,
Toʻlqinlarini oʻkirtirar,
Uning nomi Sarvari Olamdir.
U shunday demoqda:
36 “Agar tabiatdagi bu tartib buzilsa,
Isroil nasli ham xalq sifatida yoʻq boʻladi.”
37 Egamiz shunday demoqda:
“Osmonu falakni oʻlchab boʻlmaganday,
Zamin poydevorini tekshirib boʻlmaganday,
Men ham Isroil naslini tark etolmayman,
Qilgan qilmishlari uchun ularni tashlab ketolmayman.”
Egamizning kalomi shudir.
38 Egamiz demoqda: “Shunday kunlar kelyaptiki, Quddus Mening sharafim uchun qayta tiklanadi. Butun shahar Xanonil minorasidan tortib, to Burchak darvozasigacha qayta quriladi. 39 Shahar kengayadi, chegarasi gʻarbdagi Goriv tepaligigacha borib, Goʻax tomon buriladi. 40 Oʻliklar koʻmilgan, axlat tashlangan butun Xinnum soyligi va Qidron soyligining sharqidagi Ot darvozasigacha choʻzilgan hamma dalalar Meniki boʻladi, ular muqaddas boʻladi. Quddus shahri endi hech qachon vayron qilinmaydi, xarobaga aylanmaydi.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020