21–BOB
Yahudo shohi Manashe
1 Manashe oʻn ikki yoshida shoh boʻlib, Quddusda ellik besh yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Xafzibo edi. 2 U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz Oʻz xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi. 3 Otasi Hizqiyo yoʻq qilgan sajdagohlarni qaytadan barpo etdi. U Isroil shohi Axab kabi Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraning ustunini oʻrnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda etib xizmat qildi.
4 Manashe Egamizning ulugʻlanishi kerak boʻlgan uyida begona xudolarga atab qurbongohlar qurdi. 5 Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi. 6 Oʻgʻlini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi , follar ochtirdi, taʼbirchilarga eʼtiqod qildi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida koʻp qabih ishlar qilib, Uni gʻazablantirdi. 7 Manashe Asheraga atab oʻyib ishlangan ustunni Egamizning uyiga qoʻydi. Egamiz bu uy toʻgʻrisida Dovud bilan uning oʻgʻli Sulaymonga shunday degan edi : “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad oʻsha yerda ulugʻlanaman. 8 Ular amrlarimni bitta qoldirmay bajarsalar, qulim Muso amr etgan hamma qonunlarga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men bergan yerdan haydalishlariga yoʻl qoʻymayman.”
9 Ammo xalq quloq solmadi. Manashe xalqni shu qadar yoʻldan ozdirdiki, Kanʼon yurtidan Egamiz yoʻqotib yuborgan xalqlardan ham koʻra, koʻproq qabih ishlar qildilar.
10 Egamiz Oʻz qullari — paygʻambarlar orqali shunday dedi:
11 — Yahudo shohi Manashe jirkanch ishlar qilgani, oʻzidan oldingi Amor xalqlaridan ham battar qabihliklar qilgani, butlar yasab, Yahudo xalqini gunohga botirgani uchun 12 Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, aytmoqdaman: “Quddusning va Yahudo xalqining boshiga shunday falokat keltiramanki, bu falokatni eshitganlarning boshidan hushi uchadi. 13 Samariyaga qarshi ishlatgan oʻlchov ipini va Axabning xonadoniga qarshi ishlatgan shoqulni Quddusga qarshi ishlataman. Quddusni bu qabih xalqdan tozalab tashlayman, uni toza kosaday toʻntarib qoʻyaman. 14 Oʻz xalqimning omon qolganlaridan yuz oʻgiraman va gʻanimlarining qoʻliga taslim ettiraman. Gʻanimlar Quddus aholisini talon–taroj qiladi, oʻlja qilib olib ketadi. 15 Chunki ular oldimda qabih ishlar qildilar. Ota–bobolari Misrdan chiqqan kundan bugungacha bu xalq Meni gʻazablantirib keladi.”
16 Manashe shunchalik koʻp aybsiz qon toʻkdiki, Quddusni bu boshidan narigi boshigacha qonga botirdi. Qon toʻkishdan tashqari, Yahudo xalqini gunohga botirdi, ular Egamiz oldida qabihliklar qildilar.
17 Manashening boshqa ishlari, butun faoliyati, qilgan gunohlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 18 Manashe olamdan oʻtdi va saroyidagi Uzzo degan boqqa dafn etildi. Oʻrniga oʻgʻli Omon shoh boʻldi.
Yahudo shohi Omon
19 Omon shoh boʻlganda yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Mashullamot boʻlib, Yotbaxlik Xoruzning qizi edi. 20 Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. 21 Xuddi otasi yurgan yoʻllardan yurib, oʻsha butlarga xizmat etib, sajda qildi. 22 Ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz oʻgirib, Uning yoʻlidan yurmadi.
23 Shoh Omonning aʼyonlari fitna uyushtirib uni oʻz saroyida oʻldirdilar. 24 Yahudo xalqi oʻz shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini oʻldirib, oʻrniga oʻgʻli Yoʻshiyoni shoh qilib koʻtardi. 25 Omonning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 26 Omon Uzzo bogʻida, ota–bobolari xilxonasiga dafn etildi. Uning oʻrniga oʻgʻli Yoʻshiyo shoh boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020