8–BOB
Horun va uning oʻgʻillari ruhoniy qilib tayinlanadilar
1 Egamiz Musoga dedi: 2 “Horun va uning oʻgʻillarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel, ular bilan birga ruhoniylik liboslarini, muqaddas qiladigan moyni , gunoh qurbonligi uchun buqani, ikkita qoʻchqorni va bir savat xamirturushsiz nonni olib kel. 3 Soʻng butun jamoani oʻsha yerga toʻpla.”
4 Muso Egamizning aytganini qildi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda toʻplangach, 5 Muso ularga dedi: “Men hozir Egam bergan amrni bajaraman.”
6 Muso Horun va uning oʻgʻillarini oldinga chiqarib yuvintirdi. 7 Soʻng Horunning ustiga koʻylakni kiydirib, beliga belbogʻni bogʻladi. Ustidan ridoni kiydirib, efodni taqdi. Soʻng beliga efodning nafis naqshinkor kamarini bogʻlab, efodni mahkamladi. 8 Koʻksiga koʻkrakpech taqib, koʻkrakpech xaltasining ichiga Urim va Tummimni soldi. 9 Horunning boshiga sallani kiydirdi. Egamizning Musoga bergan amriga binoan sallaning old tomoniga oltin lavhani oʻrnashtirdi, bu lavha Horun Egamizga bagʻishlanganini bildirar edi.
10 Soʻng Muso Muqaddas chodirga va uning ichidagi hamma ashyolarga muqaddas qiladigan moydan surtib chiqib, ularni muqaddas qildi. 11 Qurbongoh ustiga moydan yetti marta sachratdi. Soʻng qurbongohga, qurbongoh buyumlariga, qoʻlyuvgichga va qoʻlyuvgich tagligiga moydan surtib, ularni muqaddas qildi. 12 U Horunning boshiga ham muqaddas qiladigan moydan surtib, Horunni Egamizning xizmatiga bagʻishladi. 13 Soʻng Egamizning amriga koʻra, Horunning oʻgʻillarini oldinga chiqarib, ularning ustiga koʻylaklar kiydirdi, bellariga belbogʻlar, boshlariga peshanabogʻlar bogʻladi.
14 Keyin Muso gunoh qurbonligi qilinadigan buqani yetaklab keldi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini buqaning boshiga qoʻyishdi. 15 Muso buqani soʻydi. Qurbongohni poklash uchun barmogʻini qonga botirib, qonni qurbongohning shoxlariga surtib chiqdi. Qonning qolganini qurbongohning yoniga toʻkdi. Shu yoʻsin u qurbongohni poklab, Egamizga bagʻishladi. 16 Soʻng buqaning ichak–chovoqlarini qoplagan hamma yogʻlarni, jigarning aʼlo qismini , ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yogʻlarini ajratib olib, qurbongoh ustida kuydirdi. 17 Buqaning oʻzini esa terisi, goʻshti va ichak–chovoqlari bilan birga, Egamizning amriga koʻra, qarorgohning tashqarisiga olib chiqib kuydirdi.
18 Soʻng Muso kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun qoʻchqorni olib keldi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini qoʻchqorning boshiga qoʻyishdi. 19 Muso qoʻchqorni soʻyib, qonidan qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqdi. 20 Soʻng qoʻchqorning tanasini boʻlaklarga boʻlib, kallasini, boʻlaklarini va yogʻini qurbongoh ustida kuydirdi. 21 Ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuvib, qoʻchqorni butunlay qurbongoh ustida kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid bordi. Muso hammasini Egamizning amriga binoan bajardi.
22 Soʻng Muso ikkinchi qoʻchqorni yetaklab keldi. Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik shu edi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini qoʻchqorning boshiga qoʻyishdi. 23 Muso qoʻchqorni soʻyib, qoʻchqorning qonidan Horunning oʻng qulogʻi solinchagiga , oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtdi. 24 Soʻng Muso Horunning oʻgʻillarini oldinga chiqarib, qoʻchqorning qonidan ularning oʻng quloqlari solinchaklariga, oʻng qoʻllari bosh barmoqlariga va oʻng oyoqlari bosh barmoqlariga surtdi. Qonning qolganini esa qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqdi. 25 U qoʻchqorning yogʻini, chunonchi, dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yogʻlarni, jigarning aʼlo qismini, ikkala buyragini, buyrak atrofidagi yogʻlarini va oʻng sonini ajratib oldi. 26 Egamiz huzuridagi xamirturushsiz nonlar solingan savatdan xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qoʻshilgan nondan bittasini va chalpakdan bittasini olib, qoʻchqorning yogʻi va oʻng soni ustiga qoʻydi. 27 Muso bularning hammasini Horun va oʻgʻillarining qoʻliga tutqazdi. Ular bularni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtardilar. 28 Soʻng Muso bu nazrlarni ularning qoʻllaridan olib, qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan Egamizga yoqimli hid bordi. Ruhoniylikka tayinlash marosimida keltirilgan nazrlar shular edi. 29 Keyin Muso toʻshni olib, uni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtardi. Egamizning amriga binoan ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan qoʻchqorning bu qismi Musoga tegadigan ulush edi.
30 Muso muqaddas qiladigan moydan va qurbongoh ustidagi qondan olib, Horunga va uning liboslariga hamda Horunning oʻgʻillariga va ularning liboslariga sachratdi. Shunday qilib, u Horunni va uning liboslarini hamda Horunning oʻgʻillarini va ularning liboslarini muqaddas qildi.
31 Muso Horun va uning oʻgʻillariga dedi: “Uchrashuv chodiriga kiraverishda qurbonlikning goʻshtini pishiringlar. Goʻshtni oʻsha yerning oʻzida, savatdagi nazr qilingan nonlarga qoʻshib yenglar. Zotan, bu Egamizning amridir. 32 Ortib qolgan goʻsht va nonni kuydiringlar. 33 Ruhoniylikka tayinlash marosimi tamom boʻlgunga qadar, yetti kun davomida Uchrashuv chodiri kiraverishidan jilmanglar. 34 Biz bugungi marosimni Egamizning amriga koʻra, sizlarni gunohdan poklash uchun ado etdik. 35 Sizlar Uchrashuv chodiriga kiraverishda kechayu kunduz yetti kun davomida boʻlib, Egamizning barcha talablarini bajaringlar. Shunda nobud boʻlmaysizlar. Egamizning amri shudir.”
36 Horun va uning oʻgʻillari Egamizning Muso orqali bergan hamma amrlarini bajardilar.