11–BOB
Halol va harom hayvonlar
1 Egamiz Muso va Horun orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “Yer yuzidagi jamiki hayvonlardan 3 ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. 4 Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang : tuya kavsh qaytaradi–yu, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 5 Sugʻur kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 6 Quyon kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 7 Choʻchqa ayri tuyoq boʻlgani bilan kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. 8 Bu hayvonlarning goʻshtini yemang, ularning murdasiga qoʻl tekkizmang. Ular sizlar uchun haromdir.
9 Dengiz va daryolarda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz boʻladi. 10 Biroq suvda yashaydigan, suzgichi va tangachalari boʻlmagan har qanday suzadigan va boshqa turdagi jonivorni yemang. Ulardan hazar qiling. 11 Bunday jonivorlar sizlar uchun jirkanchdir. Ularning goʻshtini ogʻzingizga olmang, murdasidan hazar qiling. 12 Suzgichi va tangachalari boʻlmagan har qanday suv jonivori sizlar uchun jirkanchdir.
13 Parrandalar orasidagi quyidagi qushlarni zinhor yemang, ulardan hazar qiling, ular sizlar uchun jirkanchdir: qumoy, boltayutar, tasqara, 14 qizil kalxat, qirgʻiy va uning zoti, 15 har qanday qargʻa va uning zoti, 16 tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchigʻay va uning zoti, 17 yapaloq qush, baliqchi ukki, boyoʻgʻli, 18 oq boyoʻgʻli, birqozon, joʻrchi, 19 laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, koʻrshapalak.
20 Toʻrt oyogʻida yuradigan hamma qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir. 21 Lekin qanotli hasharotlar orasidagi, toʻrt oyoqda yuradigan baʼzilarini yeyishingiz mumkin. Oyoqlari sakrash uchun boʻgʻinlar bilan moslangan 22 chigirtkaning hamma turini va ularning zotini yeyishingiz mumkin. 23 Boshqa hamma toʻrt oyoqli, qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir.
24 Baʼzi hayvonlar sizlarni bulgʻaydi. Ularning oʻligiga qoʻl tekkizsangiz, kechgacha harom boʻlasiz. 25 Harom hayvonning murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin. U kechgacha harom boʻladi. 26 Tuyoqli, lekin tuyoqlari butunlay ayrilmagan yoki kavsh qaytarmaydigan har qanday hayvon sizlar uchun haromdir. Bunday hayvonning murdasiga tekkan odam harom boʻladi. 27 Toʻrt oyogʻida yuradigan panjali hayvonlar ham sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan har bir odam kechgacha harom boʻladi. 28 Bunday hayvonning murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin, u kechgacha harom boʻladi. Ular sizlar uchun haromdir.
29 Yerda oʻrmalab yuradigan mayda jonivorlardan sizlar uchun quyidagilar haromdir: kalamush, sichqon, echkemar va uning zoti, 30 gekkon, kulrang echkemar, oddiy kaltakesak, choʻl kaltakesagi va buqalamun. 31 Bularning hammasi sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan odam kechgacha harom boʻladi. 32 Agar bunday jonivorning murdasi biror narsaning ustiga tushsa, oʻsha narsa harom boʻladi. Harom boʻlgan bunday narsa — yogʻoch, mato, charm yoki qanordan boʻlishidan va nimaga ishlatilishidan qatʼi nazar, uni suvga botirib, chayib oling. Bu narsa kechgacha harom boʻlib, soʻng yana halol boʻladi. 33 Bordi–yu, bunday jonivor oʻlib, sopol idishning ichiga tushsa, idishdagi hamma narsa harom boʻladi. Shunda idishning oʻzini ham sindiring. 34 Bunday idishdagi suv har qanday ovqat ustiga tushsa, ovqat ham harom boʻladi. Harom idishdagi har qanday ichimlik harom hisoblanadi. 35 Jonivorning murdasi tushgan hamma narsa harom boʻladi. Murda tandir yoki oʻchoqqa tushgan boʻlsa, shu narsalar harom hisoblanib buzib tashlansin. Ularni harom deb biling. 36 Lekin murda buloq yoki suv yigʻiladigan sardobaga tushsa, buloq va sardoba halolligicha qoladi. Ammo oʻsha jonivorning murdasiga nimaiki tegsa, bu narsa harom hisoblanadi. 37 Bordi–yu, murda ekish uchun ajratib qoʻyilgan urugʻ ustiga tushsa, urugʻ halol hisoblanadi. 38 Ammo murda suvda ivitilgan urugʻ ustiga tushsa, urugʻ harom boʻladi.
39 Bordi–yu, yesa boʻladigan hayvon oʻlsa, bunday hayvonning murdasiga tekkan odam kechgacha harom boʻladi. 40 Uning goʻshtidan yegan yoki murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin. Bunday odam kechgacha harom boʻladi.
41 Yerda oʻrmalab yuruvchi har qanday jonivor sizlar uchun jirkanchdir. Ularni tanovul qilmang. 42 Qorni bilan sudralib yuruvchi, toʻrt oyoqli va koʻp oyoqli jonivorlarni yemang. Ular sizlar uchun jirkanchdir. 43 Bunday jonivorlarni yeb, bulgʻanmang. Ular tufayli oʻzingizni harom qilmang. 44 Zotan, Men Egangiz Xudoman. Oʻzingizni Menga bagʻishlab muqaddas boʻlinglar, chunki Men muqaddasman. Oʻrmalab yuradigan jonivorlar dastidan oʻzingizni bulgʻamanglar. 45 Men Egangizman, Xudoyingiz boʻlishim uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Shunday ekan, Muqaddas boʻlinglar, chunki Men muqaddasman.
46 Hayvonlar, qushlar, suvdagi turli jonivorlar va yerda sudraluvchi jonzotlarga oid qonunlar shudir. 47 Sizlar halolni haromdan ajrata oling, yeyish mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan tirik jonivorlarning farqiga boring.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020