16–BOB
Timoʻtiy Pavlus va Silas bilan birga ketadi
1 Pavlus bilan Silas Darba va Listra shaharlariga bordi. Listrada Isoning Timoʻtiy ismli shogirdi yashardi. Uning onasi imonga kelgan yahudiy boʻlib, otasi yunon edi. 2 Listra va Ikoniyadagi imonlilar Timoʻtiy toʻgʻrisida yaxshi gaplar aytishardi. 3 Pavlus Timoʻtiyni birga olib ketmoqchi boʻlib, oʻsha yerlarda yashaydigan yahudiylar sababli uni sunnat qildirdi . Chunki Timoʻtiyning otasi yunon ekanini hamma bilardi. 4 Ular shaharlar oralab oʻtganlarida, Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar qaror qilgan qoidalarni imonlilarga yetkazib, bularga rioya qilinglar, deb aytishardi. 5 Shunday qilib, jamoatlar imonda mustahkam boʻlib, kundan–kunga son jihatdan koʻpayib boraverdi.
Troas shahrida Pavlusga kelgan vahiy
6 Pavlus va uning yoʻldoshlari Frigiya va Galatiya oʻlkasidan oʻtishdi, Muqaddas Ruh Asiya viloyatida Iso haqidagi xabarni vaʼz qilishni ularga taqiqlagandi. 7 Ular Misiyadan oʻtib, Bitiniya viloyatiga kirishga harakat qildilar. Ammo Muqaddas Ruh orqali Iso ularga ijozat bermadi. 8 Shunday qilib, ular qaytib, Misiya orqali Troasga ketdilar. 9 Tunda Pavlusga vahiy keldi: Makedoniyalik bir odam: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam ber!” deb iltijo qilardi. 10 Pavlusga kelgan bu vahiydan keyin, biz tezda Makedoniyaga borishga hozirlik koʻrdik. Xudo bizni u yerning xalqiga Xushxabarni vaʼz qilishga chaqirdi, deb ishonch hosil qilgan edik.
Filippida Lidiya imonga keladi
11 Biz kemada Troas shahridan suzib ketib, toʻgʻri Samofrakiya oroliga yoʻl oldik, ertasi kuni Neapolis shahriga ketdik. 12 U yerdan esa Filippiga bordik. Bu Makedoniya viloyatining Birinchi tumanidagi shahar boʻlib, Rimga qarashli edi. Biz bir necha kun u yerda boʻldik. 13 Shabbat kuni biz shahardan daryo boʻyiga chiqdik. U yerda ibodat qiladigan joy bor, deb oʻylagan edik. Oʻsha yerda ayollar yigʻilgan ekan, biz ular bilan oʻtirib suhbatlashdik. 14 Bizni tinglab oʻtirganlar orasida Lidiya degan bir ayol ham bor edi. U Tiyatira shahridan boʻlib, safsar matolar sotardi. U xudojoʻy edi. Pavlusning aytganlarini jon dili bilan tinglasin deb, Egamiz Lidiyaning yuragini ochdi. 15 Lidiya bilan uning xonadon ahli suvga choʻmdirilganlaridan keyin, u bizga shunday taklif qildi: “Agar meni Rabbimiz Isoga sodiq imonli deb hisoblasangizlar, mening uyimga kelib, oʻsha yerda turinglar.” Lidiya bizni koʻndirdi.
Filippi shahridagi qamoqxonada
16 Bir kuni biz ibodat qiladigan joyga ketayotganimizda, oldimizga bir choʻri qiz keldi. Bu qizda folchilik ruhi boʻlib, u bashorat qilish orqali xoʻjayinlariga koʻp pul ishlab berar ekan. 17 U Pavlus bilan bizga ergashib, shunday deb baqirardi: “Manavi odamlar Xudoyi Taoloning qullari! Ular sizlarga najot topish yoʻlini eʼlon qiladilar.” 18 Oʻsha choʻri bir necha kun davomida shunday qilib yurdi. Oxiri, Pavlus bezor boʻlib, orqasiga oʻgirildi–da, yovuz ruhga dedi: “Senga Iso Masih nomidan buyuraman: bu qizning ichidan chiqib ket!” Oʻsha zahoti yovuz ruh qizning ichidan chiqib ketdi.
19 Qizning xoʻjayinlari pul ishlash imkoniyati qoʻldan ketganini anglab yetdilar. Ular Pavlus bilan Silasni ushlab, shahar maydoniga sudrab keldilar. 20 Ularni Rim amaldorlari huzuriga olib kelib:
— Bu odamlar shahrimizni algʻov–dalgʻov qilyaptilar! — dedilar. — Ular yahudiylardir, 21 biz sodiq Rim fuqarolarimiz, ular bizning qonunlarimizga zid boʻlgan odatlarni targʻib qilyaptilar. Biz ularning odatlarini qabul qila olmaymiz yoki amalda qoʻllay olmaymiz.
22 Olomon Pavlus bilan Silasga qarshi hujumga qoʻshildi.
Shunda Rim amaldorlari Pavlus bilan Silasning kiyimlarini yechdirib, askarlarga: “Bularni kaltaklanglar”, deb buyurdilar. 23 Ularni rosa kaltaklashgandan keyin, zindonga tashladilar. Rim amaldorlari zindonbonga: “Ularni yaxshilab qoʻriqla”, deb buyruq berdilar. 24 Zindonbon buyruqni olib, ikkovini ichki boʻlmaga tashladi va ularning oyoqlarini kundaga mahkamlab qoʻydi.
25 Yarim tunda Pavlus bilan Silas ibodat qilib, Xudoga hamdu sano aytayotgan edilar. Mahbuslar esa ularni tinglab oʻtirishardi. 26 Birdan shunday qattiq zilzila yuz berdiki, qamoqxonaning poydevori larzaga keldi, shu zahoti hamma eshiklar ochilib, mahbuslarning kishanlari yechilib ketdi. 27 Zindonbon uygʻonib, qamoqxona eshiklari ochiq ekanini koʻrdi. U, mahbuslar ozod boʻlib ketibdi, deb oʻylab, qilichini qinidan sugʻurib, oʻzini oʻldirmoqchi boʻldi. 28 Pavlus ovozi boricha: “Zinhor oʻzingga shikast yetkaza koʻrma, hammamiz shu yerdamiz!” deb baqirdi. 29 Zindonbon, chiroqlar yoqilsin, deb buyurdi va shoshilganicha ichkari kirdi–da, titrab–qaqshab, oʻzini Pavlus bilan Silasning oyoqlari ostiga tashladi. 30 Zindonbon ikkovini tashqariga olib chiqib: “Janoblar, najot topishim uchun nima qilishim kerak?” deb soʻradi.
31 — Rabbimiz Isoga ishon, shunda oʻzing va xonadon ahling najot topasizlar, — deb javob berishdi ular.
32 Pavlus bilan Silas Rabbimiz haqidagi xabarni zindonbonga va uning xonadon ahliga vaʼz qildilar. 33 Zindonbon tunda oʻsha zahotiyoq ikkovini bir chetga olib oʻtib, yaralarini yuvdi. Soʻng oʻzi va butun xonadon ahli suvga choʻmdirildi. 34 Zindonbon Pavlus bilan Silasni uyiga olib kelib, ularga dasturxon yozdi. U butun xonadoni bilan birga Xudoga imon keltirganidan sevindi.
35 Tong otgach, amaldorlar mirshablarni yuborib: “Anavi odamlar oʻz yoʻliga ketaversin”, dedilar. 36 Zindonbon bu xabarni Pavlusga yetkazdi. “Amaldorlar sizlarni ketaversin, deb xabar yuboribdi, hoziroq chiqinglar, eson–omon boringlar”, dedi. 37 Pavlus esa mirshablarga shunday dedi:
— Rim fuqarosi boʻlsak ham , bizni hukm qilmasdan xalqning koʻz oʻngida kaltakladilar, zindonga tashladilar. Nima uchun endi yashirincha bizni joʻnatib yubormoqchilar?! Bunaqasi ketmaydi! Oʻzlari kelib, bizni zindondan chiqarsinlar.
38 Mirshablar bu soʻzlarni amaldorlarga yetkazdilar. Ular Pavlus bilan Silasning Rim fuqarosi ekanini eshitib, qoʻrqib ketdilar. 39 Shunday qilib, amaldorlar borib, ulardan kechirim soʻrab, ularni zindondan olib chiqdilar. Soʻngra: “Shahardan ketsangizlar”, deb iltimos qildilar. 40 Pavlus bilan Silas zindondan chiqqanlaridan keyin, Lidiyaning uyiga bordilar. Ular u yerda imonlilar bilan uchrashib, ularga dalda berdilar. Shundan keyin ular Filippidan joʻnab ketdilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020