3–BOB
1 Sarvari Olam shunday deydi: “Mana, Men Oʻz elchimni yuboryapman. U Men uchun yoʻlni hozirlaydi. Shunda sizlar izlayotgan Rabbiy toʻsatdan Oʻz Maʼbadiga keladi. Sizlar Undan gʻoyat mamnun boʻlasiz.”
2 Ammo U kelganda kim bardosh bera oladi?! Paydo boʻlganda kimning joni saqlanib qoladi?! Ha, U oʻyadigan ishqor, tozalaydigan olov kabidir. 3 U oʻtirib, Levi avlodini tozalaydi, kumush va oltinni olovda soflaganday ularni soflaydi. Shunda ular Egamizga manzur keladigan nazrlar taqdim qilishadi. 4 Keyin Yahudo xalqi va Quddus aholisi keltirgan nazrlar Egamizga oldingiday maʼqul boʻladi.
5 Sarvari Olam shunday deydi: “Shundagina Men hukm qilgani oldingizga boraman. Mendan qoʻrqmaydigan hammaga — sehrgar, zinokor, yolgʻon qasam ichganlar, mardikorlarning ish haqini ushlab qoladiganlar, yetim va bevalarni ezuvchilarga va musofirlarni turtkilaganlarga qarshi tezda guvohlik beraman.”
Tavbaga undov
6-7 Sarvari Olam shunday deydi:
— Ey Yoqub oʻgʻlonlari, Men Egangizman. Men hech qachon oʻzgarmayman! Shuning uchungina sizlar yoʻq boʻlib ketmadingizlar. Ota–bobolaringiz qonun–qoidalarimdan yuz oʻgirdilar. Sizlar ham ular singari qonunlarimga rioya qilmadingizlar. Endi tavba qilinglar. Ha, Mening oldimga qaytib kelinglar. Shunda Men ham oldingizga qaytib boraman. Ammo sizlar: “Nega tavba qilishimiz kerak?” deb soʻraysizlar. 8 Inson Xudodan narsa oʻgʻirlashga jurʼat qiladimi?! Ammo sizlar Mening narsamni oʻgʻirlayapsizlar! Yana: “Nimangni oʻgʻirlabmiz?” deb soʻraysizlar. Ushr va ehsonlarimni oʻgʻirladingiz! 9 E, laʼnati boʻlib ketinglar! Mening narsamni oʻgʻirlabsiz–a! Sizlar, butun xalq, laʼnatisizlar! 10 Qani, omborxonaga ushrni bekami–koʻst qilib olib kelinglar. Xonadonimga ozuqa keltiringlar. Shu yoʻl bilan Meni sinab koʻringlar, — deydi Sarvari Olam. — Shunda koʻrasizlar, Men osmon qopqalarini ochaman. Sizlarga marhamatimni serob qilib yogʻdiraman. 11 Men ekinlaringizni har qanday zararkunanda va qurt–qumursqalardan asrayman. Uzumzorlaringizga ziyon yetmaydi, — deydi Sarvari Olam. 12 — Shunda barcha xalqlar sizlarni baxtli deb ataydi. Ha, yurtingiz orombaxsh bir joy boʻladi, — deydi Sarvari Olam.
13 Egamiz shunday dedi:
— Sizlar Men haqimda yomon gapirdingiz. Yana: “Qachon Sen haqingda yomon gapiribmiz?” deysizlar–a. 14 Sizlar aytasiz: “Xudoga xizmat qilish behuda. Sarvari Olamning talablarini ado etishdan hech foyda yoʻq. Uning huzurida azador kabi yurishning nima keragi bor?! 15 Takabburlar baxtli–ku. Yovuzlar ham gullab–yashnaydilar. Mana, qarang, ular Xudoni sinab turib jazodan ham qochib qutuldilar.”
16 Egamizdan qoʻrqqanlar shular haqida gaplashdilar. Egamiz esa ularning gaplariga eʼtibor berib quloq soldi. Uning huzurida Egamizdan qoʻrqqan, Uning nomini eʼzozlaganlar haqida Xotira kitobi yozildi. 17 Sarvari Olam shunday deydi: “Ular Meniki boʻladilar. Men belgilagan kunda xazinamning gavharlari boʻladilar. Mehribon ota–ona oʻz itoatkor bolasini xalos etganday, Men ham ularni xalos etaman. 18 Shunda, ey xalqim, sizlar solihu fosiqning farqini yana koʻrasiz. Ha, Menga xizmat qiladiganu Menga xizmat qilmaydiganning holini bilasiz.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020