11–BOB
Iso Masih va Yahyo choʻmdiruvchi
1 Iso oʻn ikki shogirdiga koʻrsatmalarni berib boʻlgandan keyin, yaqin atrofdagi shaharlarda taʼlim berish va vaʼz aytish uchun ketdi. 2 Yahyo bu paytda zindonda edi , u Isoning qilayotgan ishlarini eshitib, shogirdlarini Isoning oldiga 3 shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?”
4 Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi:
— Boringlar, koʻrib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: 5 koʻrlar koʻrmoqda, choʻloqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, oʻliklar tirilmoqda, yoʻqsillar Xushxabarni eshitmoqda. 6 Mendan yuz oʻgirmaganlar naqadar baxtlidir!
7 Yahyoning shogirdlari ketayotganlarida, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani koʻrgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? 8 Xoʻsh, nimani koʻrgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Bashang kiyinganlar shoh saroyida boʻladi–ku! 9 Unday boʻlsa, nimani koʻrgani bordingizlar? Paygʻambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar paygʻambardan ham ulugʻini koʻrdingizlar! 10 U haqda shunday yozilgan:

«Mana, Sendan oldin Men Oʻz elchimni yuboryapman,
U Sen uchun yoʻlni hozirlaydi.»

11 Sizlarga chinini aytay: butun inson zoti orasida Yahyo choʻmdiruvchidan ulugʻi yoʻq. Ammo Osmon Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulugʻroqdir. 12 Yahyo choʻmdiruvchi davridan shu kungacha odamlar Osmon Shohligiga shafqatsiz hujum qilmoqdalar. Zoʻravonlar Osmon Shohligini qoʻlga kiritishga harakat qilmoqdalar. 13 Yahyo choʻmdiruvchidan oldin oʻtgan hamma paygʻambarlarning bitiklarida va Tavrot kitobida Osmon Shohligi haqida bashorat qilingan. 14 Agar bu bashoratlarga ishonishni istasangizlar, Yahyo — kelishi bashorat qilingan Ilyosdir . 15 Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!
16 Bu naslni kimga qiyoslasam boʻladi? Ular bolalarga oʻxshaydilar, maydonda oʻtirib olib, shunday deya bir–birlariga baqiradilar:

17 «Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz,
Biz oh–voh qildik, ammo sizlar qaygʻurmadingiz.»

18 Yahyo kelganda, u na yedi, na ichdi, shuning uchun hamma: «Uni jin uribdi», deydilar. 19 Inson Oʻgʻli kelganda esa ham yedi, ham ichdi. Ammo Uni: «Yebtoʻymas, sharobxoʻr, soliqchilar va gunohkorlarning doʻsti», deydilar. Lekin bilib qoʻyinglar: donolik toʻgʻri ekanligi oʻz natijasidan ayon .”
Gunohkor shaharlarning holiga voy
20 Iso baʼzi shaharlarda koʻp moʻjizalar koʻrsatgandi, ammo xalq oʻz gunohlari uchun tavba qilmadi. Iso oʻsha shaharlar aholisiga taʼna qildi: 21 “Sening holingga voy, ey Xorazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda qilingan moʻjizalar Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganda edi, ular allaqachon qanorga oʻranib, boshlariga kul sochib , tavba qilgan boʻlardilar. 22 Biroq sizlarga aytayin: qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar boʻladi. 23 Ey Kafarnahum! Xudo seni koʻklarga koʻtaradi deb oʻylaysanmi?! Yoʻq, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi! Agar senda yuz bergan moʻjizalar Sadoʻmda boʻlganda edi, u shahar shu kungacha saqlanib qolgan boʻlar edi. 24 Biroq senga aytayin: qiyomat kunida sening holing Sadoʻm shahrining holidan battar boʻladi.”
Holdan toyganlarga orom vaʼdasi
25 Oʻsha vaqtda Iso yana shunday dedi: “Ey Ota, yeru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, goʻdaklarga maʼlum etganing uchun Senga shukurlar aytaman. 26 Ha, Ota, bu Sening ezgu xohishing edi.
27 Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. Oʻgʻilni Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otani ham Oʻgʻildan boshqa va Oʻgʻil ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi.
28 Ey holdan toyganlar, ogʻir yuk ostida qolganlar, hammalaringiz Mening oldimga kelinglar! Men sizlarga orom beraman. 29 Mening boʻyinturugʻimni taqib olinglar, Mendan oʻrganinglar. Chunki Men yumshoq koʻngil va kamtarinman. Shunda sizlarning jonlaringiz orom topadi. 30 Axir, Mening boʻyinturugʻim qulay, yukim yengildir.”