45–BOB
Egamizning Isroildagi ulushi
1 Egamiz dedi: “Isroil qabilalariga yerni boʻlib berayotganingizda, Men, Egangizga tegishli qismini ham ajratib qoʻyinglar. Menga ajratilgan hududning uzunligi 25.000 tirsak , eni 20.000 tirsak boʻlsin. Butun hudud tabarruk hisoblansin. 2 Hududning 500 tirsakka 500 tirsak boʻlgan toʻrtburchak yeri Maʼbad uchun ajratiladi. Uning atrofi 50 tirsak masofada ochiq joy boʻladi.
3-4 Tabarruk hududning yarmi muqaddas maskanda Menga xizmat qilgan ruhoniylarga qarashli boʻladi. Uzunligi 25.000 tirsak, eni 10.000 tirsak boʻlgan hududning bu qismida ruhoniylarning uylari va Maʼbad joylashadi. Bu eng muqaddas joy boʻladi.
5 Tabarruk hududning ikkinchi yarmi Maʼbaddagi yumushlarni bajarayotgan levilarga qarashli boʻladi. Ular yashaydigan shaharlar shu yerda joylashadi .
6 Tabarruk hududning yoniga uzunligi 25.000 tirsak, eni 5000 tirsak boʻlgan yerni qoʻshinglar. Bu yerda shahar joylashadi. Isroil xalqidan boʻlgan har qanday odam kelib, bu shaharda yashasa boʻladi.
Hukmdorning yerlari
7 Taxtda oʻtirgan hukmdorga alohida yer berilsin. Unga beriladigan yerning bir qismi tabarruk hududning gʻarbiy chegarasidan Oʻrta yer dengizigacha choʻzilsin. Ikkinchi qismi tabarruk hududning sharqiy chegarasidan Iordan daryosigacha choʻzilsin. Demak, hukmdorga qarashli yerning uzunligi Isroil qabilalariga ajratilgan yerning uzunligi bilan bir xil boʻladi. 8 Bu hukmdorning ulushidir. Bundan buyon hukmdorlar xalqimga zulm oʻtkazmaydilar, Isroil qabilalari oʻz yerlariga oʻzlari egalik qiladilar.
Hukmdorga oid qoidalar
9 Isroil hukmdorlariga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: zoʻravonligu zulmingizni bas qiling! Adolatu toʻgʻrilik ila ish tuting. Xalqimni oʻz yeridan mahrum qilmang, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 10 — Doim toʻgʻri oʻlchovni va toʻgʻri tarozini ishlating: 11 sochiluvchan quruq narsalarni oʻlchash uchun efa oʻlchov birligidan foydalaning, suyuq narsalarni oʻlchash uchun bat oʻlchov birligidan foydalaning. Efa va batning hajmi bir xil boʻlsin. Efa ham, bat ham hoʻmrning oʻndan bir qismini sigʻdirsin. 12 Ogʻirlik birligi sifatida shaqalni ishlating. Bir shaqal 20 geraga, bir mina 60 shaqalga toʻgʻri kelsin .»
13 Hukmdorga quyidagi miqdorda soliq toʻlansin:
Bugʻdoy hosilining oltmishdan bir qismi .
Arpa hosilining oltmishdan bir qismi.
14 Zaytun moyining bir foizi . (Zaytun moyini oʻlchash uchun bat oʻlchov birligidan foydalaning. Oʻn bat bir korga, yaʼni bir hoʻmrga toʻgʻri keladi.)
15 Suruvdagi ikki yuzta qoʻydan biri.
Bular don nazri, kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklari sifatida xalqni gunohlaridan poklash uchun keltiriladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 16 — Butun Isroil xalqi bu nazrlarni hukmdorga berishi lozim. 17 Hukmdor yangi oy shodiyonasida, Shabbat va boshqa bayramlarda keltiriladigan qurbonliklaru nazrlar uchun hayvonlarni, don va sharobni taʼminlab berishi shart. Isroil xalqini gunohlaridan poklash uchun keltiriladigan gunoh, tinchlik va kuydiriladigan qurbonliklar hamda don nazri uchun hukmdor masʼuldir.”
Bayramlar
18 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Birinchi oyning birinchi kunida Maʼbadni poklash uchun nuqsonsiz bir buqani qurbonlik qil. 19 Ruhoniy bu gunoh qurbonligining qonidan olib, Maʼbad eshiklarining kesakisiga , qurbongohning toʻrt burchagiga va ichki hovli darvozalarining yondorlariga surtsin. 20 Birinchi oyning yettinchi kuni ham xuddi shunday qilsin va shu yoʻl bilan xalqning bilmay qilgan gunohlarini yuvsin. Shunda Maʼbad pok boʻladi.”
21 Soʻng Egamiz dedi: “Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kunidan boshlab, Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonlanglar. Oʻsha vaqt davomida xamirturushsiz non yenglar. 22 Bayramning birinchi kunida hukmdor oʻzining va butun xalqning gunohlari uchun bir buqani gunoh qurbonligi qilib olib kelsin. 23 U bayramning yetti kuni davomida Menga kuydiriladigan qurbonlik uchun har kuni yettitadan buqa va yettitadan nuqsonsiz qoʻchqor yetkazib bersin. Bundan tashqari, har kuni gunoh qurbonligi uchun bittadan taka bersin. 24 Qurbonlik qilinadigan har bir buqa va har bir qoʻchqor bilan birga bir togʻora don va sakkiz kosa zaytun moyini bersin.
25 Yettinchi oyning oʻn beshinchi kunida boshlanadigan Chayla bayrami uchun ham, yetti kun davomida keltiriladigan gunoh qurbonliklari, kuydiriladigan qurbonliklar, don va zaytun nazrlarini yetkazib tursin.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020