4–BOB
Samodagi sajda
1 Shundan keyin men osmonda lang ochiq bir eshikni koʻrdim. Ilgari menga gapirgan karnay sadosiga oʻxshash oʻsha ovoz yana eshitildi. U shunday dedi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga koʻrsataman.”
2 Shu payt Muqaddas Ruh meni qamrab oldi. Men samoda turgan bir taxtni koʻrdim, unda bir Zot oʻtirar edi. 3 Oʻtirgan Zotning qiyofasi qimmatbaho yashma va laʼl toshlariday yarqirardi. Taxt atrofida zumrad tusidagi kamalak jilvalanardi. 4 Taxtning tevaragida yana yigirma toʻrtta taxt turardi. Bu taxtlarda oq kiyim kiygan, boshlarida oltin tojlari boʻlgan yigirma toʻrt nafar oqsoqol oʻtirar edi. 5 Taxtdan chaqmoq chaqardi, momaqaldiroqning gulduros sadosi kelardi. Taxt oldida Xudoning yetti ruhi boʻlgan yettita mashʼala yonib turardi. 6 Taxtning oldida oyna singari dengizga oʻxshash, billurday tiniq bir narsa bor edi.
Taxtning atrofida toʻrtta jonli mavjudot turar edi, ularning oldi va orqasi koʻzlar bilan qoplangan edi. 7 Birinchi mavjudot sherga, ikkinchisi buqaga oʻxshar edi, uchinchi mavjudotning yuzi odamning yuziga, toʻrtinchisi esa uchayotgan burgutga oʻxshar edi. 8 Bu toʻrtta mavjudotning har birida oltitadan qanot bor edi. Ularning hamma yogʻi koʻzlar bilan qoplangan edi, hatto qanotlarining tagida ham koʻzlari bor edi. Ular kechayu kunduz tinmay shunday soʻzlarni takrorlar edilar:
“Muqaddasdir, muqaddasdir,
Muqaddasdir Qodir Xudo — Egamiz.
U bor boʻlgan, hozir ham bor,
Kelajakda ham bor boʻlar!”
9 Mavjudotlar taxtda Oʻtirganni, to abad barhayot Zotni ulugʻlashardi, izzat–ikrom koʻrsatib, shukronalar aytishardi. 10 Shunda yigirma toʻrt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Zot oldida yerga muk tushib, sajda qilishardi. Tojlarini taxt oldiga qoʻyib, shunday deyishardi:
11 “Yo Egamiz, yo Xudoyimiz!
Sen qudratlisan!
Ulugʻvorligu izzatga Sen loyiqsan!
Zero, butun borliqni Sen yaratgansan,
Hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi, yaratildi.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020