1–BOB
Dovud Shoulning oʻlimidan xabar topadi
1 Shoul halok boʻlgandan keyin, Dovud Omolek xalqini yengib, Zixlax shahriga qaytib keldi va u yerda ikki kun qoldi. 2 Uchinchi kuni Shoulning qarorgohidan Dovudning oldiga bir odam keldi. U qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan , ayanchli ahvolda edi. Oʻsha odam Dovudning oldiga kelgach, muk tushib, unga taʼzim qildi.
3 — Qayerdan kelyapsan? — deb soʻradi Dovud.
— Isroil qarorgohidan qochib keldim, — dedi u odam.
4 — Ayt–chi, nima boʻldi? — deb soʻradi Dovud.
— Sipohlar urush maydonidan qochdilar, odamlarimizdan koʻplari oʻldirildi, Shoul bilan oʻgʻli Yoʻnatan ham halok boʻldi, — dedi u. Shunda Dovud:
5 — Shoul bilan oʻgʻli Yoʻnatanning halok boʻlganini qayerdan bilasan? — deb soʻradi xabar keltirgan yigitdan.
6 — Tasodifan Gilbova togʻiga borgan edim, — deb gapida davom etdi u. — Shoul nayzasiga zoʻrgʻa suyanib turar, dushman otliqlari va jang aravalari esa unga tomon yopirilib kelayotgan ekan. 7 Shoul orqasiga qarab, meni koʻrib qolib chaqirdi. “Labbay”, dedim men. 8 “Sen kimsan?” deb soʻradi Shoul. “Omolek xalqidanman”, dedim men. 9 Soʻng u: “Bu yoqqa kel, meni oʻldir. Tarashaday boʻlib serrayib qoldim–u, lekin jonim chiqmayapti”, dedi. 10 Shoh ogʻir yaralangani uchun endi yashay olmasligiga koʻzim yetib, uni oʻldirdim . Boshidagi tojini va qoʻlidagi bilakuzugini olib, sizga — janobi oliylariga keltirdim.
11 Dovud bu gapni eshitib, qaygʻudan kiyimlarini yirtdi. Boshqalar ham shunday qildilar. 12 Shoul va uning oʻgʻli Yoʻnatan, Egamizning lashkari — Isroil xalqidan koʻpchiligi jangda halok boʻlgan edilar. Shuning uchun hammalari oqshomgacha aza tutib faryod qildilar, roʻza tutdilar.
13 Dovud shum xabarni olib kelgan yigitdan:
— Qayerliksan? — deb soʻradi.
— Men Omolek xalqidanman, begona xalqdanman, — dedi yigit.
14 — Egam moy surtib Shoulni shoh qilib tanlagan edi–ku! Shunday shohga qoʻl koʻtarib, oʻldirishdan qoʻrqmadingmi? — dedi Dovud unga. 15 Keyin Dovud bitta sipohini chaqirdi–da:
— Qani, oʻldir uni! — deb buyurdi. Sipoh oʻsha Omolek yigitga bir qilich urib oʻldirdi. Dovud unga qarata:
16 — Tiling oʻzingning boshingga yetdi. Egam moy surtib tanlagan shohni men oʻldirdim, deb oʻz ogʻzing bilan guvohlik berding, — dedi.
Dovudning marsiyasi
17 Shoul bilan uning oʻgʻli Yoʻnatan uchun Dovud marsiya kuyladi. 18 Soʻng, ushbu marsiya Yahudo xalqiga oʻrgatilsin, deb farmon berdi. Bu marsiya “Yoshur” kitobida yozilgan.
19 “Ey Isroil, yoʻq boʻldi
Gʻururing sening tepaliklaringda,
Qanday qulagan ekan dovyuraklar!
20 Bu xabarni Gatliklarga eshittirmang,
Ashqalon koʻchalarida yoyib yurmang.
Toki Filist qizlari sevinmasin,
Sunnatsizlarning qizlari shod boʻlmasin.
21 Ey Gilbova togʻlari ,
Tepangizga shudring, yomgʻir tushmasin,
Hosildor yerlaringiz hosilsiz qolsin!
Oʻsha yerlarda yoʻqotdi shuhratini
Bahodirlarning qalqoni,
Shoulning qalqoniga moy surtilmas endi .
22 Bir dam tinmadi Yoʻnatanning yoyi
Yer tishlaganlar qonidan
Va yigitlarning tanasidan.
Shoulning qilichi behuda koʻtarilmasdi.
23 Shoul bilan Yoʻnatan aziz va dilkash edilar,
Hayotda ham, oʻlganda ham birga boʻldilar.
Burgutdan chaqqon,
Sherdan kuchli edi ular.
24 Shoul uchun aza tuting, ey Isroil qizlari!
U sizlarga shohona liboslar kiydirgandi,
Libosingizni oltin taqinchoqlar ila bezagandi.
25 Urushda qanday qulagan ekan dovyuraklar!
Ey Isroil, sening tepaliklaringda Yoʻnatan jonsiz yotar.
26 Qaygʻuraman sen uchun, birodarim Yoʻnatan,
Menga koʻp azizu qadrdon eding sen,
Naqadar ajoyib edi menga boʻlgan muhabbating,
Ayollarning sevgisidan ham ortiq edi.
27 Qanday qulagan ekan dovyuraklar!
Qanday yoʻq boʻldi jang qurollari.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020