1–BOB
Yahudo va Shimoʻn qabilalari Odonivazaxni qoʻlga oladilar
1 Yoshuaning oʻlimidan soʻng, Isroil xalqi Egamizdan: “Kanʼon xalqiga qarshi jang qilish uchun oramizdan kim birinchi boʻlib chiqsin?” deb soʻradi. 2 “Yahudo qabilasi chiqsin, — dedi Egamiz. — Men bu yurtni ularning qoʻliga beryapman.” 3 Shunda Yahudo qabilasi qardoshi boʻlgan Shimoʻn qabilasiga shunday dedi: “Kelinglar, birgalikda bizga ulush boʻlib tushgan yerga boraylik. Oʻsha yerda birgalashib Kanʼon xalqiga qarshi jang qilaylik. Keyin biz ham sizlarga tushgan ulushga ergashib boramiz.” Shunday qilib, Shimoʻn qabilasi ular bilan birga bordi. 4 Yahudo qabilasi jangga chiqdi. Kanʼon va Pariz xalqlarini Egamiz ularning qoʻliga bergani uchun, ular Bazax shahrida oʻn mingta dushmanni qirib tashlashdi. 5 Oʻsha yerda shoh Odonivazaxga duch kelishdi, unga hujum qilib, Kanʼon va Pariz xalqlarini magʻlub etishdi. 6 Odonivazax qochdi, ammo ular uning ketidan quvib, qoʻlga olishdi va oyoq–qoʻllarining bosh barmoqlarini chopib tashlashdi. 7 Shunda Odonivazax dedi: “Oyoq–qoʻllarining bosh barmoqlari chopib tashlangan yetmishta shoh dasturxonimdan tushgan ushoqlarni terib yurishar edi . Men oʻsha shohlarning boshiga solgan ne–ne kunlarni Xudo qaytarib oʻz boshimga soldi.” Isroil odamlari Odonivazaxni Quddusga olib borishdi, u oʻsha yerda jon berdi.
Yahudo qabilasi Quddus bilan Xevronni qoʻlga kiritadi
8 Keyin Yahudo qabilasi Quddusga hujum qilib, shaharni qoʻlga kiritdi . Ular u yerdagilarni qilichdan oʻtkazib, shaharga oʻt qoʻyishdi. 9 Soʻng esa qirlarda, gʻarbdagi qir etaklarida va Nagav choʻlida yashovchi Kanʼon xalqiga qarshi jang qilish uchun janubga qarab yurishdi. 10 Yahudo qabilasi Xevron shahrida istiqomat qilgan Kanʼon xalqiga hujum qilib, Sheshay, Oximan va Talmay qoʻshinlarini yakson qildi. Xevronning eski nomi Xirat–Arba edi.
Oʻtniyol Davir shahrini qoʻlga kiritadi
11 U yerdan Yahudo odamlari Davir shahriga hujum qilish uchun yoʻlga tushishdi. Davirning eski nomi Xirat–Safar edi. 12 Shunda Xolib : “Xirat–Safarga hujum qilib, qoʻlga kiritgan kishiga qizim Axsani beraman”, — dedi. 13 Oʻtniyol shaharni qoʻlga kiritdi, Xolib esa unga qizi Axsani uzatdi. Oʻtniyol — Xolibning jiyani, aniqrogʻi, Xanaz ismli kenja ukasining oʻgʻli edi. 14 Toʻydan keyin qiz Oʻtniyolga: “Keling, otamdan bir dala soʻrab olaylik”, deb turib oldi. Xolib eshakdan tushayotgan qiziga: “Ha, qizim, biron–bir istaging bormi?” — deb soʻradi. 15 “Menga bir sovgʻa qilsangiz, — dedi Axsa. — Siz menga Nagav choʻlidagi yerni berdingiz, endi suv buloqlarini ham hadya eting.” Shunday qilib, Xolib unga tepadagi va pastdagi buloqlarni berdi.
Yahudo va Benyamin qabilalarining gʻalabalari
16 Yahudo xalqi palma shahri Yerixoni tark etdi. Musoning qaynatasi avlodidan boʻlgan Xayin xalqi Yahudo xalqiga ergashib, Yahudo choʻliga yoʻl oldi. Ular Arod shahridan janub tomonda joylashib, u yerda mahalliy xalq orasida oʻrnashib oldilar. 17 Yahudo va Shimoʻn qabilalari birgalikda Zafat shahrida yashaydigan Kanʼon xalqiga hujum qilib, shaharni yer bilan yakson qilishdi. Shuning uchun bu shahar Xoʻrmax deb atalgan. 18 Yahudo qabilasi Gʻazo, Ashqalon, Exron shaharlarini va ularning atrofidagi yerlarni qoʻlga kiritdi. 19 Egamizning Oʻzi Yahudo qabilasi bilan boʻlgani uchun, ular qirlarni egallab oldilar. Ammo tekislikda yashaydigan xalqlarni oʻz yeridan quva olmadilar, chunki oʻsha xalqlarning temir jang aravalari bor edi. 20 Muso aytganidek , Xevron shahri Xolibga berildi. Xolib u yerdan Onoq avlodidan kelib chiqqan uchta urugʻni quvib chiqardi. 21 Benyamin qabilasi esa Quddusda istiqomat qilgan Yobus xalqini haydab chiqarmadi. Shu sababdan Yobus xalqi bugunga qadar Quddusda, Benyamin avlodlari orasida yashab kelmoqda.
Efrayim va Manashe qabilalari Baytilni bosib olishadi
22 Yusufning ikkala oʻgʻli — Efrayim va Manashedan bino boʻlgan qabilalar ham Baytil shahriga hujum qilmoqchi boʻlib, yoʻlga chiqdilar. Egamiz ular bilan edi. 23 Baytil haqida koʻproq maʼlumot yigʻish uchun ular oʻz aygʻoqchilarini shahar tomon yubordilar. Baytil shahrining eski nomi Luz edi. 24 Aygʻoqchilar shahardan chiqib kelayotgan bir odamni koʻrib, unga: “Bizga shaharga olib kiradigan yashirin kirish joyini koʻrsat! Buning evaziga joningni saqlab qolamiz!” — dedilar. 25 Oʻsha odam ularga yoʻl koʻrsatdi. Efrayim va Manashe lashkarlari shahar aholisini bitta qoʻymay qilichdan oʻtkazishdi. Yoʻl koʻrsatgan odamni esa butun oilasi bilan birga qoʻyib yuborishdi. 26 Oʻsha odam Xet xalqining yurtiga borib bir shahar qurdi, uning nomini esa Luz deb qoʻydi. Oʻsha shahar bugunga qadar shu nom bilan ataladi.
Isroil xalqi quvib chiqarmagan oʻzga xalqlar
27 Manashe qabilasi Bayt–Shan, Tanax, Doʻr, Yiblayom, Magidoʻ shaharlari va ularning qishloqlarida yashagan Kanʼon xalqini haydab chiqarmadi, ular oʻsha yerlarda yashayverdilar. 28 Vaqti kelib, Isroil xalqi kuchini yigʻib oldi, shunda Kanʼon xalqini oʻziga boʻysundirib, qarol boʻlib xizmat qilishga majbur qildi. Ammo shunda ham oʻz yeridan haydab chiqarmadi.
29 Efrayim qabilasi ham Gezer shahridagi Kanʼon xalqini quvib chiqarmadi. Kanʼon xalqi Gezerda ularning orasida yashayverdi.
30 Zabulun qabilasi ham Xitroʻn va Nahalil shaharlarida istiqomat qilgan Kanʼon xalqini haydab chiqarmadi. Kanʼon xalqi Zabulun qabilasi bilan birga yashab, ularga qarol boʻlib xizmat qilishga majbur boʻldi.
31 Osher qabilasi ham Akkoʻ, Sidon, Axlob, Axsib, Xelba, Ofiq va Rexob shaharlarida yashaydigan Kanʼon xalqini yeridan haydab chiqarmadi. 32 Ular oʻsha yurt aholisini haydab chiqarmaganlari uchun Kanʼon xalqi bilan birga yashadilar.
33 Naftali qabilasi ham Bayt–Shamash va Bayt–Onot shaharlarining aholisini haydab chiqarmay, yerli xalq — Kanʼon xalqi orasida yashab qoldi. Lekin ular oʻsha shaharlar aholisini oʻziga boʻysundirib, qarol boʻlib xizmat qilishga majbur qildilar.
34 Biroq Amor xalqlari Dan qabilasini siqib, qirlarga chiqib ketishga majbur qildilar, vodiyga tushishlariga yoʻl qoʻymadilar. 35 Amor xalqlari Xar–Xares, Oyjavlon va Shalbim shaharlarida yashayverdilar. Lekin Efrayim va Manashe qabilalari ularga oʻz hukmini oʻtkazib, qarol boʻlib xizmat qilishga majbur qildilar. 36 Amor xalqlari yashagan hududning chegarasi Chayonlar dovonidan Selagacha choʻzilgan va u yerdan shimolga qarab ketgan edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020