28–BOB
1 Oʻsha kunlarda Filistlar Isroil lashkari bilan urush qilmoqchi boʻlib, lashkarlarini toʻplashdi. Oxish Dovudga:
— Bilib qoʻy, sen odamlaring bilan albatta men tomonda jang qilasan, — deb taʼkidladi.
2 — Men qulingizman, oʻshanda nimalar qilishimni oʻzingiz koʻrasiz, — dedi Dovud.
— Yaxshi, — dedi Oxish, — sen doimo mening shaxsiy qoʻriqchim boʻlib qolasan.
Shoul arvohdan maslahat soʻraydi
3 Shomuil olamdan oʻtganda, butun Isroil xalqi unga aza tutgan va uni oʻz shahri Ramaga dafn qilishgan edi. Shoul esa arvoh chaqiruvchilarni va folbinlarni yurtdan yoʻqotib yuborgan edi.
4 Shu orada Filistlar toʻplanib, Shunam shahriga borib qarorgoh qurishdi. Shoul ham jamiki Isroil qoʻshinini yigʻib, Gilbova togʻida qarorgoh qurdi. 5 Shoul Filistlar qoʻshinini koʻrdi–yu, qattiq qoʻrqib ketdi, uni vahima bosdi. 6 Shoul “Nima qilay?” deb Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi boʻlgan edi, U Shoulga na tushida, na ruhoniylar va na paygʻambarlar orqali javob berdi. 7 Shundan keyin Shoul aʼyonlariga:
— Menga birorta arvoh chaqiradigan ayolni topib kelinglar, uning oldiga borib maslahat solayin, — deb farmon berdi.
— En–Doʻrda bir arvoh chaqiradigan ayol bor, — dedi aʼyonlar. 8 Shoul boshqacha kiyimlar kiyib, qiyofasini oʻzgartirdi va ikki kishini ergashtirib, kech kirganda, oʻsha ayolnikiga bordi.
— Iltimos qilaman, men uchun ruhlarga maslahat sol, senga kimning nomini aytsam, oʻsha odamni chaqirib ber, — dedi. 9 Ayol shohga shunday javob berdi:
— Shoul nimalar qilganini, arvoh chaqiradiganlarni va folbinlarni yurtdan yoʻqotib yuborganini bilasan–ku. Shunday ekan, nimaga meni nobud qilmoq uchun tuzoq qoʻyyapsan?
10 — Xudo haqi, bundan senga zarracha yomonlik kelmaydi, — deb ont ichdi Shoul.
11 Shundan soʻng ayol:
— Senga kimni chaqirib berayin? — deb soʻradi.
— Menga Shomuilni chaqirib ber! — dedi Shoul.
12 Ayol Shomuilni koʻrgach, qattiq baqirib yubordi. Soʻng Shoulga qarab, dedi:
— Siz shoh Shoulsiz–ku! Nega meni aldadingiz?
13 — Qoʻrqma! — dedi shoh ayolga, — nimani koʻryapsan?
— Yer ostidan chiqayotgan bir arvohni koʻryapman, — deb javob berdi ayol.
14 — Nimaga oʻxshaydi? — soʻradi Shoul.
— Rido kiygan keksaroq odam yuqoriga chiqyapti, — dedi ayol. Shu zahoti Shoul bildiki, u odam Shomuil. Muk tushib unga taʼzim qildi.
15 — Nimaga meni chaqirib bezovta qilding? — soʻradi Shomuil.
— Men juda qiynalib ketdim, — dedi Shoul. — Filistlar menga hujum qilishmoqchi. Xudo esa meni tark etdi. Menga na paygʻambarlar orqali, na tushimda javob beryapti. Endi nima qilay, ayting, shunga sizni chaqirgan edim.
16 — Egamiz seni tark etib, senga dushman boʻlgan ekan, endi nimaga mendan soʻrayapsan? — dedi Shomuil. 17 — Egamiz men orqali aytganini qildi. Shohlikni sening qoʻlingdan tortib olib, Dovudga berdi. 18 Chunki sen Egamizning amriga itoat etmading, Uning alangalangan gʻazabini sen Omolek xalqiga sochmading. Ana shuning uchun Egamiz bugun shu kunlarni boshingga solyapti. 19 U seni ham, Isroil xalqini ham Filistlar qoʻliga beradi. Ertaga sen va oʻgʻillaring mening yonimda boʻlasizlar . Egamiz butun Isroil qoʻshinini ham Filistlar qoʻliga topshiradi.
20 Shoul birdan mukkasi bilan yerga tushdi. Shomuilning gaplaridan qattiq qoʻrqib ketdi, sillasi quridi. U bir kecha–kunduz tuz totmagan edi. 21 Ayol Shoulga yaqinlashdi–da, uning qattiq qoʻrqib ketganini koʻrib shunday dedi:
— Bu choʻringiz ham sizning gaplaringizni eshitdi, jonimni xatarga qoʻyib boʻlsa–da, istagingizni bajo keltirdim. 22 Endi bu choʻringizning gaplarini eshiting. Oldingizga ozgina non–pon qoʻyaman, yeysiz. Hali yoʻl yurasiz, non–pon yeb olsangiz, darmon boʻladi.
23 — Yemayman! — deb rad etdi Shoul.
Lekin aʼyonlari ham, ayol ham uni koʻndirishga koʻp harakat qilishdi. Oxiri, Shoul ularning aytganini qilishga rozi boʻldi. Yotgan yeridan turib, toʻshakka oʻtirdi. 24 Ayolning uyida boquvdagi bir buzogʻi bor edi. Ayol uni tezda soʻydi. Un oldi–da, xamir qorib, xamirturushsiz non yopdi. 25 Taomlarni Shoul bilan aʼyonlari oldiga qoʻydi. Ular yeb–ichib, oʻsha kuni tunda turib joʻnab ketishdi.