40–BOB
Muqaddas chodir oʻrnatilib, bagʻishlanadi
1 Egamiz Musoga aytdi: 2 “Birinchi oyning birinchi kuni Uchrashuv chodirini — Muqaddas chodirni oʻrnattir. 3 Soʻng Ahd sandigʻi chodirga olib kirilsin, Sandiqni ichki parda bilan toʻsdir. 4 Keyin xontaxta olib kirilsin. Xontaxtaga tegishli ashyolarni uning ustiga joylashtir. Chiroqpoya ham olib kirilsin , chiroqpoyaga moychiroqlarni oʻrnashtir. 5 Oltin tutatqi qurbongohini Ahd sandigʻi oldiga qoʻydir . Muqaddas chodirga kiraverishda pardani osdir. 6 Qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni Uchrashuv chodiriga — Muqaddas chodirga kiraverishda oʻrnashtir. 7 Qoʻlyuvgichni Uchrashuv chodiri bilan qurbongoh oʻrtasiga oʻrnashtirib, ichiga suv quydir. 8 Chodir va qurbongohning atrofiga pardadan qilingan toʻsiqni oʻrnashtirib, hovliga kiraverishdagi pardani osdir.
9 Keyin muqaddas qiladigan moyni olib, Chodirga va uning hamma ashyolariga surtib chiqib, Menga bagʻishla. Shunda Chodir muqaddas boʻladi. 10 Qurbonlik kuydiriladigan qurbongohga va uning hamma buyumlariga ham moy surtib, Menga bagʻishla. Shunda qurbongoh gʻoyat muqaddas boʻladi. 11 Qoʻlyuvgichga va uning tagligiga ham moy surtib, Menga bagʻishla.
12 Horun bilan oʻgʻillarini Uchrashuv chodirining kiraverishiga olib kelib, hammalarini yuvintir. 13 Soʻng Horun ruhoniy boʻlib xizmat qilishi uchun uni Menga bagʻishla: unga muqaddas ruhoniylik liboslarini kiydirib, moy surt. 14 Shundan keyin Horunning oʻgʻillarini ham olib kelib, ularga koʻylak kiygiz. 15 Otasiga moy surtganingday, ularga ham moy surt, toki ular ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilishsin. Horun va uning oʻgʻillariga moy surtish bilan ularning oʻzlari ham, nasllari ham avlodlar osha Menga ruhoniy boʻlib xizmat qilishlari uchun sen ularga ijozat bergan boʻlasan.”
16 Muso Egamiz amr etgan hamma ishlarni bajarib boʻldi. 17-18 Ikkinchi yilning birinchi oyida , oyning birinchi kuni Muso Muqaddas chodirni oʻrnattirdi: u hamma tagliklarni joyiga qoʻydirdi, romlarni oʻrnashtirib, tambalarni joylashtirdi, ustunlarni oʻrnashtirdi. 19 Soʻngra Chodirni tutib turadigan romlar ustiga choyshablar va qoplamalarni tashlatdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
20 Keyin ahdning amr va qonunlari yozilgan ikkita tosh lavhani olib, Sandiqqa solib qoʻydi. Xodalarni Sandiq halqasidan oʻtkazgach, Sandiqning qopqogʻini Sandiq ustiga oʻrnashtirdi. 21 Sandiqni Muqaddas chodirga olib kirdi. Ichki pardani osib, Ahd sandigʻini toʻsdirib qoʻydi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
22 Uchrashuv chodiriga — chodirning shimol tomoniga, ichki pardaning tashqarisiga xontaxtani qoʻydirdi. 23 Xontaxta ustiga — Egamizning huzuriga muqaddas nonlarni qoʻydi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
24 Uchrashuv chodiriga — xontaxtaning roʻparasiga, Chodirning janub tomoniga chiroqpoyani qoʻydirdi. 25 Egamizning huzuriga — chiroqpoyaga moychiroqlarni oʻrnashtirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
26 Uchrashuv chodiridagi ichki pardaning tashqarisiga oltin tutatqi qurbongohini qoʻydirdi. 27 Qurbongohda xushboʻy tutatqi tutattirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
28 Muqaddas chodirga kiraverishda pardani osdirdi. 29 Uchrashuv chodiriga — Muqaddas chodirga kiraverishda qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni oʻrnashtirdi. Soʻng qurbonlik bilan don nazri keltirib, qurbongohda kuydirdi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
30 Uchrashuv chodiri bilan qurbongoh oʻrtasiga qoʻlyuvgichni oʻrnashtirib, yuvinish uchun ichiga suv quydirdi. 31-32 Muso, Horun va Horunning oʻgʻillari Uchrashuv chodiriga kirganlarida yoki qurbongohda nazrlarni kuydirganlarida, qoʻlyuvgichdagi suv bilan oyoq–qoʻllarini yuvishar edi. Egamiz amr etganlarning hammasini Muso bajardi.
33 Soʻngra Muso Chodir bilan qurbongohning atrofiga pardadan qilingan toʻsiqni oʻrnashtirib, hovliga kiraverishda pardani osdirdi. Shunday qilib, Muso ishini tugatdi.
Bulut va Egamizning ulugʻvorligi
34-35 Keyin Uchrashuv chodirini — Muqaddas chodirni bulut qopladi, Egamiz ulugʻvorligi bilan zohir boʻlib Chodirni toʻldirdi. Shuning uchun Muso Chodirga kira olmadi. 36 Chodirdan bulut koʻtarilganda, Isroil xalqi har bir toʻxtagan joyidan yoʻlga chiqib sayohatini davom ettirardi. 37 Bulut koʻtarilmasdan, to bulut koʻtariladigan kun kelmaguncha, ular yoʻlga chiqishmasdi. 38 Shunday qilib, Isroil xalqi butun sayohatlari davomida kunduzi Muqaddas chodir ustida Egamiz zohir boʻladigan bulutni, kechasi Chodir tepasidagi bulut ichida yonayotgan alangani koʻrar edilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020