6–BOB
Egamiz butparastlikni hukm qiladi
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil togʻlariga yuzlan. Ularga qarshi shunday bashorat qil: 3 «Ey Isroil togʻlari, Egamiz Rabbiyning soʻzlarini eshitinglar! Egamiz Rabbiy togʻlaru qirlarga, jarliklaru vodiylarga shunday deb aytmoqda: Men Oʻzim sizlarga qarshi qilich yuboraman, butlarga atalgan barcha sajdagohlaringizni vayron qilaman. 4 Qurbongohlaringiz buzib tashlanadi, tutatqi qurbongohlaringiz parcha–parcha qilinadi. Men odamlaringizni butlaringiz oldida qirib yuboraman. 5 Isroil xalqining jasadlarini butlaringiz oldiga tashlayman, suyaklarini qurbongohlaringiz atrofiga sochaman. 6 Hamma shaharlaringizni yakson qilaman, sajdagohlaringizni vayron etaman. Shunda qurbongohlaringiz buziladi, butlaringiz parcha–parcha qilinadi, tutatqi qurbongohlaringiz qoʻporib tashlanadi, qoʻllaringiz yaratgan hamma narsa supurib tashlanadi. 7 Butun yurt jasadlarga toʻladi. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
8 Men baʼzi bir odamlarning jonini qirgʻindan saqlab qolaman. Biroq ularni boshqa yurtlarga, begona xalqlar orasiga quvib yuboraman. 9 Ular begona xalqlar orasiga surgun qilinganda Meni eslaydilar. Meni rad etgan vafosiz qalblariyu butlar ketidan qaragan hirsli koʻzlari dilimga qanchalik ozor yetkazganini tushunib oladilar. Ular qilgan qabihliklari va jirkanch ishlari uchun oʻzlaridan oʻzlari hazar qilib, nafratlanadilar. 10 Oʻshanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Boshlariga keladigan falokat haqida Men ularni jiddiy ogohlantirganimni bilib oladilar.»”
11 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Qani boʻl, koʻksingga ur, yerni tep. Shunday deb xitob qil: «Qabihlikka qoʻl urgan Isroil xalqining holiga voy!» Axir, ular qilichdan, ocharchiligu oʻlatdan nobud boʻladilar! 12 Uzoqlarda boʻlganlar oʻlatdan qirilib ketadi. Yaqinda boʻlganlar qilichdan oʻtkaziladi. Omon qolganlar ocharchilikdan nobud boʻladi. Shu yoʻl bilan Men ularning ustilariga qahrimni sochaman. 13 Ularning jasadlari butlari orasida, qurbongohlari atrofida, har bir baland tepalikda, barcha togʻ choʻqqilarida, har bir yashil daraxtu sersoya eman ostida — xalqim butlarga atab xushboʻy tutatqilar tutatgan har bir joyda yotadi. Oʻshanda omon qolganlari Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. 14 Men ularga qarshi qoʻlimni koʻtaraman. Ularning butun yurtini, sahrodan tortib, to Rivlo shahrigacha vayron qilib, tashlandiq yerga aylantiraman. Oʻshanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”