14–BOB
Xalq zorlanadi
1 Keyin butun jamoa figʻon chekib, tun boʻyi yigʻi–sigʻi qilib chiqdi. 2 Jamiki Isroil xalqi Muso va Horundan mingʻirlab nolib, ularga shunday dedi:
— Qaniydi, Misrda oʻlib ketganimizda yoki shu sahroda jon berganimizda edi! 3 Agar jangda qirilib ketadigan boʻlsak, nima uchun Egamiz bizni oʻsha yurtga olib boryapti? Bizning xotinu bola–chaqalarimiz dushmanga oʻlja boʻladi–ku! Bundan koʻra, Misrga qaytib ketganimiz yaxshiroq emasmi?!
4 Shundan soʻng ular oʻzaro: “Oʻzimizga bir yoʻlboshchi tanlaymiz–u, Misrga qaytib ketamiz”, deb kelishib olishdi. 5 Muso bilan Horun esa butun Isroil jamoasi oldida muk tushishdi. 6 Yurtni koʻrib kelgan aygʻoqchilarning ikkitasi Nun oʻgʻli Yoshua va Yafunax oʻgʻli Xolib qaygʻudan kiyimlarini yirtishdi. 7 Ikkovi jamiki Isroil jamoasiga deyishdi:
— Biz koʻrib kelgan yurt — juda ham yaxshi joy! 8 Agar Egamiz bizdan mamnun boʻlsa, U bizni oʻsha yurtga olib kiradi, sut va asal oqib yotgan oʻsha yurtni bizga beradi. 9 Faqat Egamizga qarshi isyon qilmanglar! U yurtning xalqidan qoʻrqmanglar! Ular biz uchun oson oʻlja boʻlishadi. Ular pushti panohidan ayrilgan, Egamiz esa biz bilan boʻladi. Ulardan qoʻrqmanglar!
10 Lekin butun jamoa: “Yoshua va Xolibni toshboʻron qilamiz!” deb poʻpisa qildi.
Shunda Egamiz ulugʻvorligini Uchrashuv chodirida jamiki Isroil xalqiga zohir qildi.
Muso xalq uchun iltijo qiladi
11 Egamiz Musoga dedi:
— Qachongacha bu xalq Meni xoʻrlaydi?! Ularning orasida qancha moʻjiza koʻrsatgan boʻlsam–u, qachongacha Menga ishonmay yuradi?! 12 Men oʻlat yuborib bu xalqni qirib tashlayman. Sendan esa ulardan ham kuchliroq va buyukroq bir xalq yarataman.
13 Ammo Muso Egamizga shunday javob berdi:
— Sen bu xalqni Oʻz qudrating bilan Misrliklar orasidan olib chiqqan eding–ku! Agar xalqingni qirib tashlasang, Misrliklar bu haqda eshitishadi. 14 Ular bu yurtda istiqomat qilayotgan xalqlarga ham bu haqda xabar berishadi. Ey Egam, oʻsha xalqlar Sen biz bilan ekaningni bilishadi. Sen biz bilan yuzma–yuz koʻrishganingni, Sening buluting doimo bizning tepamizda turganini, Sen bizni kunduzi ustun shaklidagi bulut ichida, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida yoʻlga boshlaganingni ular bilishadi, axir! 15-16 Bordi–yu, Sen xalqingning hammasini birday qirib tashlasang, Sening ulugʻvorliging haqida eshitgan xalqlar: “Isroil xalqining Egasi qasam ichib vaʼda bergan yurtga Oʻz xalqini olib kira olmagani uchun ularni sahroda nobud qilib yuboribdi”, deb aytishmaydimi?! 17 Yo Rabbiy, iltijo qilaman, Oʻz matonatingni koʻrsat. Sen Oʻzing aytgansan : 18 “Men, Egangizning jahli tez emas, sodiq sevgim moʻldir. Fosiqlikni, isyonni kechiraman. Lekin aybdorni aslo jazosiz qoldirmayman. Men ularni jazolayman, ularning gunohlari oqibatidan farzandlari, nabiralari va chevaralari ham qochib qutulmaydi.” 19 Oʻtinaman, cheksiz sevging tufayli bu xalqning gunohidan oʻt. Axir, Sen ularni Misrdan chiqqanlaridan beri kechirib kelyapsan.
20 — Iltimosingga muvofiq ularni kechiraman, — dedi Musoga Egamiz. 21 — Lekin Men barhayot Xudo boʻlganim haqi, yer yuzini toʻldirgan ulugʻvorligim haqi, ont ichib aytamanki, 22-23 bu odamlarning birortasi Men otalariga vaʼda qilgan yurtga kirmaydi. Ular Mening buyuk qudratimni, Misrda va sahroda qilgan moʻjizalarimni koʻra turib Menga quloq solmadilar, Meni qayta–qayta sinadilar. Meni xoʻrlagan bu odamlar Kanʼon yurtini koʻrmaydilar. 24 Lekin qulim Xolib bundaylardan emas. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun Men uni oʻzi koʻrib kelgan oʻsha yurtga olib kiraman. Uning nasli yurtni egallaydi. 25 Endi esa Omolek va Kanʼon xalqlari yashaydigan vodiylarga bora koʻrmanglar. Ertagayoq orqaga qaytinglar, Qizil dengiz yoʻlidagi sahroga boringlar.
Egamiz xalqni shikoyat qilgani uchun jazolaydi
26 Egamiz Muso bilan Horunga dedi:
27 — Qachongacha bu qabih jamoa Mendan noliyveradi?! Men Isroil xalqining mingʻirlab nolishini eshitdim, 28 borib ularga Mening bu gapimni ayt: “Barhayot Xudo boʻlganim haqi, ont ichib aytamanki, mingʻirlab noliganlaringizni Men boshingizga solaman. Men, Egangiz, aytdim. 29 Jasadlaringiz mana shu sahroda qoladi. Roʻyxatga kirgan yigirma va undan yuqori yoshdagilar — Mendan mingʻirlab noliganlarning hammasi 30 Men ont ichib, sizlarga yashash uchun bermoqchi boʻlgan yurtga kirishmaydi. U yurtga faqat Yafunax oʻgʻli Xolib bilan Nun oʻgʻli Yoshua kirishadi. 31 Sizlar, bolalarimiz u yerda dushmanga oʻlja boʻladi, deb aytdingiz. Ammo Men bolalaringizni oʻsha yerga olib kiraman. Sizlar rad etgan oʻsha yurtdan ular bahra olishadi. 32 Sizlarning jasadlaringiz esa mana shu sahroda qolib ketadi. 33 Bolalaringiz sahroda qirq yil tentirab yuradi. Hammangiz mana shu sahroda nobud boʻlmaguningizcha, bolalaringiz sizning sadoqatsizligingiz uchun azob tortishadi. 34 Sizlar oʻsha yurtni qirq kun davomida koʻrib qaytib kelgan edingizlar. Endi gunohingiz uchun qirq yil, har bir kun evaziga bir yildan jazo tortib yurasizlar. Menga qarshi chiqqanlarning holi ne kechishini ana shunda bilasizlar! 35 Menga qarshi yigʻilgan mana shu qabih jamoaning hammasini Men shunday ahvolga solamanki, ular mana shu sahroda qirilib, yoʻq boʻlib ketishadi. Buni Men, Egangiz, aytdim.”
36 Muso Kanʼon yurtiga aygʻoqchi qilib yuborgan oʻnta odam boʻlmagʻur gaplar tarqatib, jamoaning Egamizdan mingʻirlab nolishiga sababchi boʻlgan edi. 37 Oʻsha yurt haqida noxush xabar olib kelgan bu odamlar oʻlatga chalinib, Egamizning oldida jon berishdi. 38 Aygʻoqchilardan faqat Nun oʻgʻli Yoshua bilan Yafunax oʻgʻli Xolib tirik qoldi.
Kanʼon yurtini bosib olishga birinchi urinish
39 Muso jamiki Isroil xalqiga shu gaplarni aytganda, xalq chuqur qaygʻuga botdi. 40 Ertasiga ular tong saharda turdilar, Kanʼondagi qirlarga tomon joʻnayotib shunday dedilar:
— Qani, ketdik, gunoh qilganimizni anglab yetdik. Mana endi Egamiz bizga vaʼda qilgan oʻsha yurtga kirishga tayyormiz.
41 Lekin Muso:
— Nima uchun Egamizning amriga yana itoatsizlik qilyapsizlar? — dedi. — Bu bilan hech narsaga erisholmaysizlar–ku! 42 U yerga bormanglar. Egamiz sizlar bilan emas! Dushmanlaringiz oldida magʻlub boʻlasizlar! 43 Omolek va Kanʼon xalqlari sizlarga qarshilik koʻrsatishadi. Qirilib ketasizlar. Sizlar Egamizdan yuz oʻgirganingiz uchun, U sizlar bilan birga boʻlmaydi.
44 Biroq Isroil xalqi bilganidan qolmay oʻsha yerdagi qirlarga chiqdi. Egamizning Ahd sandigʻi bilan Muso esa qarorgohda qolishdi. 45 Oʻsha qirlarda yashaydigan Omolek va Kanʼon xalqlari pastga tushib, Isroil xalqiga hujum qilishdi, ularni Xoʻrmaxgacha quvib borishdi.