33–BOB
Misrdan Moʻabga boʻlgan safar
1-2 Muso Egamizning amriga koʻra, safar davomida qarorgoh qurilgan joylarning nomlarini birma–bir roʻyxat qilib yozgan edi. Muso va Horun boshchiligida Misrdan qabila–qabila boʻlib chiqqan Isroil xalqining toʻxtagan joylari quyidagilardir:

3 Birinchi oyning oʻn beshinchi kunida, Fisih ziyofatining ertasiga Isroil xalqi Ramzes shahrini tark etdi. Ular jamiki Misr xalqining koʻzi oldida shaxdam qadam bilan Misrdan chiqib ketishdi. 4 Shu vaqtda Misrliklar Egamiz nobud qilgan hamma toʻngʻich oʻgʻillarini dafn qilayotgan edilar. Egamiz shu yoʻsinda Misr xudolarini mahkum etgan edi.
5 Shunday qilib, Isroil xalqi Ramzesni tark etib, Suxotda qarorgoh qurdi.
6 Soʻng Suxotdan ketib, sahroning chetidagi Etxamda qarorgoh qurdi.
7 Ular Etxamdan chiqib, orqaga — Baal–Zafoʻnning sharqidagi Piy–Xaxiroʻtga yoʻl olib, Migdol yonida qarorgoh qurishdi.
8 Piy–Xaxiroʻtdan ham chiqib, Qizil dengizdan oʻtishdi–da, sahro tomon yoʻl olishdi. Etxam sahrosini uch kun kezganlaridan keyin, Maroda qarorgoh qurishdi.
9 Keyin Marodan ketib, Ilimda qarorgoh qurishdi. Ilimda oʻn ikkita buloq va yetmishta xurmo daraxti bor edi.
10 Ular Ilimdan keyin, Qizil dengiz boʻyida qarorgoh qurishdi.
11 Keyin Qizil dengiz boʻyidan ketib, Sin sahrosida qarorgoh qurishdi.
12 Sin sahrosidan ketib, Dofkaxda qarorgoh qurishdi.
13 Dofkaxdan ketib, Elishda qarorgoh qurishdi.
14 Elishdan ketib, Rafidimda qarorgoh qurishdi. Lekin u yerda ichimlik suvi yoʻq edi .
15 Rafidimdan ketib, Sinay sahrosida qarorgoh qurishdi.
16 Sinay sahrosidan ketib, Xivrut–Xattavoda qarorgoh qurishdi.
17 Xivrut–Xattavodan ketib, Xazeroʻtda qarorgoh qurishdi.
18 Xazeroʻtdan ketib, Ritmada qarorgoh qurishdi.
19 Ritmadan ketib, Rimmon–Parazda qarorgoh qurishdi.
20 Rimmon–Parazdan ketib, Libnada qarorgoh qurishdi.
21 Libnadan ketib, Rissada qarorgoh qurishdi.
22 Rissadan ketib, Kaxeletaxda qarorgoh qurishdi.
23 Kaxeletaxdan ketib, Shafer togʻida qarorgoh qurishdi.
24 Shafer togʻidan ketib, Xaradaxda qarorgoh qurishdi.
25 Xaradaxdan ketib, Makxiloʻtda qarorgoh qurishdi.
26 Makxiloʻtdan ketib, Taxatda qarorgoh qurishdi.
27 Taxatdan ketib, Terahda qarorgoh qurishdi.
28 Terahdan ketib, Mitkada qarorgoh qurishdi.
29 Mitkadan ketib, Xashmonaxda qarorgoh qurishdi.
30 Xashmonaxdan ketib, Mosaroʻtda qarorgoh qurishdi.
31 Mosaroʻtdan ketib, Baniyaqonda qarorgoh qurishdi.
32 Baniyaqondan ketib, Xor–Xagigadda qarorgoh qurishdi.
33 Xor–Xagigaddan ketib, Yotbotoda qarorgoh qurishdi.
34 Yotbotodan ketib, Avroʻnda qarorgoh qurishdi.
35 Avroʻndan ketib, Ezyoʻn–Geberda qarorgoh qurishdi.
36 Ezyoʻn–Geberdan ketib, Zin choʻlidagi Kadeshda qarorgoh qurishdi.
37 Kadeshdan ketib, Edom yurtining chegarasidagi Xoʻr togʻida qarorgoh qurishdi. 38 Ruhoniy Horun Egamizning amri bilan Xoʻr togʻiga chiqib, oʻsha yerda vafot etdi. Bu voqea Isroil xalqi Misrdan chiqqaniga qirq yil boʻlganda, beshinchi oyning birinchi kunida sodir boʻldi. 39 Horun Xoʻr togʻida vafot etganda 123 yoshda edi.
40 Kanʼonlik Arod shohi shu paytda: “Isroil xalqi kelyapti” degan xabarni eshitdi. U Kanʼondagi Nagav choʻlida yashardi.
41 Isroil xalqi Xoʻr togʻidan ketib, Zalmoʻnoda qarorgoh qurdi.
42 Ular Zalmoʻnodan ketib, Punonda qarorgoh qurishdi.
43 Punondan ketib, Oboʻtda qarorgoh qurishdi.
44 Oboʻtdan ketib, Moʻab hududidagi Ivay–Aborimda qarorgoh qurishdi.
45 Ivay–Aborimdan ketib, Dibon–Gadda qarorgoh qurishdi.
46 Dibon–Gaddan ketib, Elmon–Diblatayimda qarorgoh qurishdi.
47 Elmon–Diblatayimdan ketib, Navo togʻining yonidagi Aborim togʻlarida qarorgoh qurishdi.
48 Aborim togʻlaridan ketib, Moʻab tekisligida, Yerixo shahrining roʻparasidagi Iordan daryosi boʻyida qarorgoh qurishdi. 49 Ular Moʻab tekisligida Iordan boʻylab, Bayt–Yashimoʻtdan tortib, Ovil–Shitimgacha qarorgoh qurishdi.
Iordan daryosidan oʻtishdan oldin berilgan koʻrsatmalar
50 Moʻab tekisligida, Yerixo shahrining roʻparasidagi Iordan daryosi boʻyida Egamiz Musoga shunday dedi:
51 — Isroil xalqiga ayt: “Sizlar Iordan daryosining narigi tomoniga oʻtib, Kanʼon yurtiga borganlaringizdan keyin 52 u yerning aholisini haydab chiqaringlar. Ularning hamma tosh va quyma butlarini yoʻq qilinglar, jamiki sajdagohlarini buzib tashlanglar. 53 Oʻsha yurtga egalik qilinglar, u yerda oʻrnashib olinglar, chunki Men oʻsha yurtni sizlarga berganman. 54 Yerlarni urugʻlaringiz orasida qurʼa boʻyicha boʻlib beringlar. Katta uruqqa kattaroq ulush, kichik uruqqa kichikroq ulush beringlar. Qurʼa boʻyicha kimga qayer chiqsa, oʻsha yer oʻsha urugʻning ulushi boʻlib qoladi. Shu yoʻsinda yerlarni qabilalar orasida boʻlib beringlar. 55 Agar sizlar oʻsha yurtning aholisini haydab chiqarmasangiz, ularning qolgan–qutganlari sizlar uchun koʻzga kirgan zirapchaday, biqinga sanchilgan tikanday boʻladi. Ular sizlarni yashab turgan yurtingizda siqadi. 56 Shunda Men ularning boshiga nima solmoqchi boʻlgan boʻlsam, sizning boshingizga solaman.”