2–BOB
Pavlusning Salonikada qilgan ishlari
1 Birodarlar, oʻzlaringiz bilasiz, sizlarning oldingizga kelganimiz behuda boʻlmadi. 2 Yana oʻzingizga maʼlumki, biz Filippi shahrida koʻp azob chekkandik, haqoratlarga uchragandik. Ammo koʻp qarshiliklarga qaramay, Xudoning Xushxabarini sizga aytdik , chunki Xudoning Oʻzi bizga jasorat bergan edi. 3 Biz sizlarga taʼlim berganimizda, bizda na xatolik, na nopok niyat, na biron hiyla bor edi. 4 Axir, Xudo Xushxabarni bizga ishonib topshirdi, uni yetkazish uchun bizni loyiq topdi. Shunday ekan, biz insonlarni mamnun qilaylik deb emas, balki yuraklarimizni tekshiradigan Xudoni mamnun qilaylik, deya taʼlim beramiz. 5 Oʻzlaringiz bilasiz, biz hech qachon tilyogʻlamalik qilmadik, tamagirlik niyatida gapirmadik. Xudoning Oʻzi bunga shohid. 6 Biz hech kimning — sizlarning ham, boshqalarning ham maqtoviga sazovor boʻlaylik deb, ish qilmadik.
7 Masihning havoriylari sifatida biz sizlarning oldingizga talablar qoʻyishimiz mumkin edi. Ammo biz sizlarga bolalarini ardoqlagan emizikli onaday mehribon boʻldik. 8 Sizlarga juda qattiq koʻngil bogʻlagan edik. Shuning uchun sizlarga Xudoning Xushxabarini aytibgina qolmadik, balki yuragimizdan ham joy berdik. Chunki sizlar bizga juda aziz boʻlib qolgandingiz. 9 Ey birodarlar, mashaqqat bilan mehnat qilganimiz yodingizda boʻlsa kerak. Sizlarga Xudoning Xushxabarini aytayotganimizda hech biringizga yuk boʻlmaylik, deya kechayu kunduz ishladik.
10 Siz — imonlilar bilan boʻlgan munosabatimizda qanday pokdil, solih va benuqson boʻlganimizga oʻzingiz ham, Xudo ham guvoh. 11 Yana oʻzingiz bilasizki, ota farzandiga qanday muomala qilsa, biz ham har biringizga shunday muomalada boʻldik. 12 Sizlarga dalda berdik, yupatdik. Xudoni mamnun qiladigan hayot kechiring, deb sizlarga yolvordik. Axir, U sizlarni Oʻz Shohligiga va ulugʻvorligiga chorlayapti. 13 Biz tinmay Xudoga shukur qilishimizning sababi ham shudir. Bizdan Xudoning kalomini eshitganingizda, buni inson soʻzi sifatida emas, balki Xudoning kalomi sifatida qabul qildingiz. Bu kalom haqiqatan Xudoning kalomidir. Siz, imonlilarda bu kalom oʻz taʼsirini koʻrsatyapti.
14 Ey birodarlar, sizlar Xudoning Iso Masihga tegishli boʻlgan Yahudiya oʻlkasidagi jamoatlariday boʻldingiz. Ular yahudiylardan qanday azob chekkan boʻlsalar, sizlar ham oʻz yurtdoshlaringiz tomonidan shunday azoblarga yoʻliqdingiz. 15-16 Yahudiylar paygʻambarlarni va Rabbimiz Isoni oʻldirishgan. Bizni ham quvgʻin qilishdi. Gʻayriyahudiylarga najot Xushxabarini yetkazishimizga ham toʻsqinlik qilyaptilar. Ular Xudoni mamnun qilmayaptilar, barcha insonlarga qarshi chiqyaptilar. Mana shu ishlari orqali yahudiylarning gunohlari avjiga chiqdi. Va nihoyat, Xudoning gʻazabi ularning boshiga tushdi.
Pavlus Salonika jamoatini borib koʻrish istagida
17 Ey birodarlar, endi biz dilimiz bilan boʻlmasa–da, vujudimiz bilan qisqa bir muddatga sizlardan ayrildik. Ammo sizlarni juda sogʻinib, diydoringizni koʻrishga jon–jahdimiz bilan harakat qildik. 18 Ha, biz qayta–qayta sizning oldingizga bormoqchi boʻldik. Ayniqsa men, Pavlus, borishni juda xohlagandim, lekin shayton bunga yoʻl qoʻymadi. 19 Axir, bizning umidimiz va quvonchimiz kim?! Rabbimiz Iso kelganda, Uning oldida faxr tojimiz sizlar emasmi?! 20 Ha, sizlar bizning sharafimiz va quvonchimizsiz!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020