7–BOB
Rim yuzboshisining imoni
1 Iso xalqqa bu soʻzlarini aytib boʻlgandan keyin, Kafarnahum shahriga ketdi. 2 U yerda bir Rim yuzboshisining juda aziz xizmatkori kasal boʻlib, oʻlim toʻshagida yotgan edi. 3 Yuzboshi Iso toʻgʻrisida eshitib qoldi va yahudiy oqsoqollarini Uning oldiga yuborib: “Keling, xizmatkorimga shifo bering”, — deb iltimos qildi. 4 Ular Isoning yoniga kelgach, oʻtinib yolvordilar:
— U Sizning yordamingizga munosibdir. 5 U xalqimizni yaxshi koʻradi, bizga hatto sinagoga ham qurib bergan.
6 Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yaqinlashib qolganda, yuzboshi doʻstlari orqali shunday xabar joʻnatdi:
— Hazrat, ovora boʻlmang! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. 7 Men oʻzimni noloyiq hisoblaganim uchun Sizning oldingizga oʻzim bormadim. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sogʻayib ketadi. 8 Men oʻzim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qoʻlim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.
9 Iso bu soʻzlarni eshitgach, yuzboshidan hayratlandi. U oʻgirilib, orqasidan ergashib kelayotgan olomonga dedi:
— Sizlarga shuni aytay: Men hattoki Isroil xalqi orasida ham bunday kuchli imonga ega boʻlgan odamni uchratmadim.
10 Yuborilganlar yuzboshining uyiga qaytib kelganlarida, xizmatkor sogʻayib qolganini koʻrdilar.
Iso beva ayolning oʻgʻlini tiriltiradi
11 Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Iso Nain degan shaharga bordi. Uning shogirdlari va bir talay olomon Iso bilan birga edi. 12 Iso shahar darovozasiga yetib qolganda, vafot etgan bir odamni olib chiqishayotganini koʻrib qoldi. Marhum odam beva ayolning yolgʻiz oʻgʻli ekan. Ayol bilan birga shahardan bir talay olomon chiqib kelayotgan edi. 13 Rabbimiz Iso bu ayolni koʻrgach, unga rahmi kelib:
— Yigʻlama! — dedi. 14 Keyin Iso yaqinlashib, tobutga qoʻlini tekkizdi. Tobutni koʻtarib borayotganlar toʻxtab qoldilar. Iso oʻlikka:
— Ey yigit, senga aytaman: tur oʻrningdan! — dedi.
15 Oʻshanda oʻlik rostlanib oʻtirdi–da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi. 16 Hammani vahima bosdi. Odamlar: “Oramizda buyuk paygʻambar paydo boʻldi, Xudo Oʻz xalqini qutqarish uchun keldi”, deb Xudoga hamdu sano aytardilar. 17 Iso haqidagi bu xabar Yahudiyaga va butun atrofga yoyildi.
Yahyo choʻmdiruvchining xabarchilari
18 Yahyoga shogirdlari boʻlib oʻtgan bu voqealar toʻgʻrisida xabar berishdi. 19 Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib, ularni Rabbimiz Isoning oldiga shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?”
20 Ular Isoning oldiga borib deyishdi:
— Bizni Yahyo choʻmdiruvchi yubordi. U Sizdan: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” — deb soʻrayapti.
21 Ayni shu paytda Iso koʻp odamlarning xastaliklariyu dardlariga shifo berayotgan, yovuz ruhlarga chalinganlarni tuzatayotgan, koʻplab koʻrlarning koʻzlarini ochayotgan edi. 22 Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi:
— Boringlar, koʻrib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: koʻrlar koʻrmoqda, choʻloqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, oʻliklar tirilmoqda, yoʻqsillar Xushxabarni eshitmoqda. 23 Mendan yuz oʻgirmaganlar naqadar baxtlidir!
24 Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani koʻrgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? 25 Xoʻsh, nimani koʻrgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashang kiyinib, boy–badavlat yashaydiganlar shoh saroyida boʻladi–ku! 26 Unday boʻlsa, nimani koʻrgani bordingizlar? Paygʻambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar paygʻambardan ham ulugʻini koʻrdingizlar! 27 U haqda shunday yozilgan:
«Mana, Sendan oldin Men Oʻz elchimni yuboryapman,
U Sen uchun yoʻlni hozirlaydi.»
28 Sizlarga aytamanki, butun inson zoti orasida Yahyodan ulugʻi yoʻq . Ammo Xudoning Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulugʻroqdir.”
29 Yahyoni eshitgan jamiki odamlar, hatto soliqchilar ham Xudoning yoʻli toʻgʻri ekanligini tan olgan edilar. Ular Yahyo tomonidan suvga choʻmdirilgandilar. 30 Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari esa, Yahyo tomonidan suvga choʻmdirilishni istamay, Xudoning ular uchun boʻlgan maqsadini rad qildilar.
31 Iso gapida davom etdi: “Shunday ekan, zamonimizdagi odamlarni kimga qiyoslasam boʻladi? 32 Ular maydonda oʻtirgan bolalarga oʻxshaydilar. Oʻsha bolalar bir–birlariga shunday deya baqiradilar:
«Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz,
Biz oh–voh qildik, ammo sizlar yigʻlamadingiz.»
33 Yahyo choʻmdiruvchi kelib na non yedi, na sharob ichdi. Sizlar esa: «Uni jin uribdi», deysizlar. 34 Inson Oʻgʻli kelib, ham yedi, ham ichdi. Uni esa sizlar: «Yebtoʻymas, sharobxoʻr, soliqchilar va gunohkorlarning doʻsti», deysizlar. 35 Ammo bilib qoʻyinglar: Xudoning donoligini tan olganlar Uning donoligi toʻgʻri ekanligini koʻrsatib turibdilar.”
Gunohkor ayol Isoning oyoqlariga atir moy surtadi
36 Farziylardan biri Isoni taom yeyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi. 37 Shaharda gunohkor bir ayol bor edi. U: “Iso farziyning uyida mehmonda ekan”, deb eshitdi va ganchdan yasalgan idishda atir moy olib keldi. 38 Oʻsha ayol Isoning oyoqlari tomonida turib yigʻladi. Ayolning koʻz yoshlari Isoning oyoqlariga tomar edi. Ayol Isoning oyoqlarini sochlari bilan artib, oʻpa boshladi, oyoqlariga atir moy surtdi.
39 Isoni oʻz uyiga taklif qilgan farziy buni koʻrib: “Agar bu Odam haqiqatan ham paygʻambar boʻlganda edi, Unga qoʻl tekkizgan ayolning kimligini va qanaqaligini bilgan boʻlardi, bu ayol gunohkor–ku”, deb koʻnglidan oʻtkazdi.
40 Iso farziyga dedi:
— Shimoʻn, senga bir gap aytmoqchiman.
— Ayting, Ustoz! — dedi u.
41 Iso dedi:
— Ikki kishi bir odamdan qarzdor ekan: biri besh yuz kumush tanga , ikkinchisi ellik kumush tanga. 42 Ular qarzlarini toʻlay olmagani uchun, qarz beruvchi ikkovining ham qarzidan kechib yuboribdi. Xoʻsh, ulardan qaysi biri qarz berganni koʻproq yaxshi koʻradi?
43 Shimoʻn javob berib dedi:
— Menimcha, koʻproq qarzi kechirilgan odam boʻlsa kerak.
— Toʻgʻri mulohaza qilding, — dedi unga Iso. 44 Keyin Iso ayolga oʻgirilib qaradi–da, Shimoʻnga dedi:
— Mana bu ayolni koʻryapsanmi? Men uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv bermading. U esa koʻz yoshlari bilan oyoqlarimni yuvib, sochlari bilan artib quritdi. 45 Sen Meni oʻpib kutib olmading. Bu ayol esa, kelganimdan beri oyoqlarimni oʻpishdan toʻxtagani yoʻq. 46 Sen boshimga zaytun moyi surtmading , bu ayol esa oyoqlarimga atir moy surtdi. 47 Senga aytay: bu ayolning gunohlari koʻp edi, kechirildi. Chuqur mehrining sababi ham shudir. Oz kechirilganning mehri oz boʻladi.
48 Soʻng Iso ayolga:
— Gunohlaring kechirildi, — dedi.
49 Iso bilan dasturxon atrofida yonboshlaganlar ichlarida aytardilar: “Bu kim boʻldiki, hatto gunohlarni ham kechiradi–ya!”
50 Iso esa ayolga:
— Ishonching seni qutqardi, eson–omon bor, — dedi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020