20–BOB
Panoh shaharlar
1 Egamiz bir kuni Yoshuaga shunday deb aytdi:
2 — Isroil xalqiga shu gaplarni yetkazgin: “Muso orqali sizlarga buyurganimday , panoh shaharlarni tayinlanglar. 3 Mabodo, birortasi bexosdan odam oʻldirib qoʻysa, qochib oʻsha shaharlardan biriga borsin. Qotil oʻsha shaharlarning birida panoh topib, marhumning qasos olmoqchi boʻlgan qarindoshlaridan omon qoladi. 4 Shaharga yetib borgandan keyin, qotil shahar darvozasi oldida oʻtirgan shahar oqsoqollariga oʻz vaziyatini tushuntirsin. Shunda uni shaharga olib kirib, uy–joy berishadi. 5 Qasoskor qotilning orqasidan quvib kelsa, qotil qasoskorga berilmasin. Axir, qotil odamni bexosdan oʻldirib qoʻygan, ularning orasida hech qanday adovat yoʻq edi. 6 Jamoa yigʻilib, qotilni hukm qilmaguncha, oʻsha odam panoh shaharda qolishi lozim. Qotil aybsiz deb topilgandan keyin esa oʻsha paytda xizmat qilayotgan oliy ruhoniyning oʻlimiga qadar, panoh shaharda yashashi kerak. Oliy ruhoniyning oʻlimidan keyingina u oʻzi qochib kelgan joyga qaytib borishi mumkin.”
7 Iordan daryosining gʻarb tomonida Isroil xalqi panoh shaharlar qilib quyidagi shaharlarni tayinladi: Naftali qabilasiga tegishli qirlarda joylashgan Jaliladagi Kedesh shahri, Efrayim qabilasiga tegishli qirlardagi Shakam shahri, Yahudo qabilasiga tegishli qirlardagi Xirat–Arba, yaʼni Xevron shahri. 8 Iordan daryosining sharqida, Yerixo shahrining qarshi tomonida esa Isroil xalqi quyidagi shaharlarni panoh shaharlar qilib ajratdi: yassi tepalik sahrosida joylashgan, Ruben qabilasiga tegishli boʻlgan Bazer shahri, Gad qabilasiga tegishli Giladdagi Ramoʻt shahri, Manashe qabilasiga tegishli Bashandagi Goʻlon shahri. 9 Mana shu shaharlar Isroil xalqi va ularning orasida yashayotgan begonalar uchun ajratildi. Agar birortasi bexosdan odam oʻldirib qoʻysa, oʻsha panoh shaharlardan biriga qochib boradi. Shunday qilib, jamoa adolatli hukm chiqarmaguncha, odam oʻldirgan kishi panoh shaharda xavf–xatarsiz boʻlib, uni quvib kelgan qasoskor qoʻlida halok boʻlmaydi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020