4–BOB
Havoriylarning martabasi va vazifasi
1 Odamlar bizni Masihning xizmatkorlari hamda Xudoning sir–asrorlarini bayon etishga masʼul insonlar deb bilishlari kerak. 2 Bizdan talab qilingan narsa ishonchli boʻlishdir. 3 Meni sizlar hukm qilasizlarmi yoki mahkamada hukm qilishadimi, menga farqi yoʻq. Men oʻzimni oʻzim ham hukm qilmayman. 4 Zotan, oʻzimda hech bir ayb koʻrmasam ham, bu bilan oʻzimni oqlamayman. Chunki meni hukm qiluvchi Rabbimiz Iso boʻladi. 5 Shu bois sizlar ham vaqtidan oldin, Rabbimiz kelmaguncha, aslo hukm qilmanglar. U kelib zulmatda yashirilgan narsalarni ravshan qiladi, inson yuraklarining maqsadlarini oshkor etadi. Oʻshanda har kim oʻz ishiga yarasha Xudoning tahsiniga sazovor boʻladi.
6 Ey birodarlar, men oʻzimni va Apollosni misol qilib keltirdim, toki sizlar Muqaddas bitiklarda yozilganlarga binoan yashashni bizdan oʻrganinglar. Bir ustozni boshqasidan ustun qoʻymang. 7 Kim sizlarga shunday huquq berib qoʻygan?! Xudodan olmagan biror narsangiz bormi?! Bor narsangizni sizga Xudo bergan–ku, nima uchun xuddi oʻz kuchingiz bilan erishganday maqtanib yuribsiz? 8 Xohlagan hamma narsangizga erishib oldingizmi?! Boy boʻlib ketdingizmi?! Bizsiz hukmronlik qilyapsizmi?! Qani, endi haqiqatan ham hukmronlik qilayotgan boʻlsangiz edi, biz ham sizlar bilan birga hukmronlik qilsak. 9 Lekin men oʻylaymanki, Xudo biz — havoriylarni sharmandali ahvolga solib, maydonda namoyish qilinadigan, oʻlimga mahkum etilgan asirlarday qilib qoʻydi. Biz farishtalaru insonlar oldida, butun koinot oldida tomosha boʻlib qoldik. 10 Biz Masih haqi aqlsiz boʻlibmiz, sizlar esa Masih soyasida aqlli boʻlib qolibsizlar. Biz zaif, sizlar esa kuchli ekansiz! Sizlar obroʻ–eʼtiborli, biz esa sharmanda ekanmiz–da! 11 Hozirgacha och–yalangʻochmiz, tashnalik va kaltaklarga bardosh beryapmiz, sarson–sargardon boʻlib yuribmiz. 12 Oʻz mehnatimiz bilan kun koʻryapmiz. Bizni haqorat qilsalar, duo qilamiz, quvgʻin qilsalar, chidaymiz. 13 Bizni gʻiybat qilsalar, yaxshilik bilan javob beramiz. Hozirgacha biz dunyoning supurindisi, hammaning axlatiday boʻlib yuribmiz.
Pavlusning pand–nasihatlari
14 Men bularni sizlarni xijolatda qoldirmoq uchun emas, balki sevimli bolalarimga nasihat qilganday, sizlarga nasihat qilib yozyapman. 15 Masihning yoʻlida minglab odamlar sizlarga ustozlik qilsa ham, sizlarning faqatgina bir ruhiy otangiz bor. Men sizlarga Xushxabarni yetkazib, Iso Masih orqali sizlarning ruhiy otangiz boʻldim. 16 Shuning uchun sizlarga yolvoraman, mendan oʻrnak olinglar . 17 Ana shu maqsadda men Rabbimiz Isoga sodiq boʻlgan sevimli oʻgʻlim Timoʻtiyni sizlarning oldingizga yuboryapman. Har yerda va har bir imonlilar jamoatida taʼlim berar ekanman, Iso Masihga tegishli boʻlib, qanday hayot kechirayotganimni u sizlarga aytib beradi.
18 Orangizda baʼzilar: “Pavlus kelmas ekan”, deb kekkayib, bilganini qilayotgan ekan. 19 Ammo Rabbimiz Iso xohlasa, men yaqin orada oldingizga boraman. Shunda nafaqat bu takabbur odamlar qanday gaplar gapirayotganlarini, balki ularda qanday kuch borligini sinab koʻraman. 20 Chunki Xudoning Shohligi quruq soʻzlar bilan emas, balki kuch–qudrat bilan namoyish etiladi. 21 Xoʻp, nima xohlaysizlar? Oldingizga kaltak bilan boraymi yoki mehr–muhabbat va muloyimlik ruhi bilan boraymi?
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020