29–BOB
Yeremiyoning Bobildagi yahudiylarga yozgan maktubi
1 Yeremiyo paygʻambar Bobilda asirlarning orasida omon qolgan oqsoqollarga, ruhoniylarga, paygʻambarlarga va asirlikda yurgan butun xalqqa Quddusdan bir maktub yoʻlladi. Bu asirlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan Bobilga surgun qilgan edi. 2 Shoh Yohayixin , ona malika, aʼyonlar, Yahudo va Quddus yoʻlboshchilari, hunarmandlaru temirchilar Quddusdan surgun qilingandan keyin bu maktub yozildi. 3 Yeremiyo maktubini Shofon oʻgʻli Elasax va Xilqiyo oʻgʻli Gamariyo orqali joʻnatdi. Yahudo shohi Zidqiyo bu odamlarni Bobil shohi Navuxadnazar huzuriga yuborgandi. Maktub quyidagi mazmunda edi:

4 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam Quddusdan Bobilga surgun qilgan barcha odamlarga shunday demoqda: 5 “Oʻzlaringizga yashash uchun uylar quringlar, bogʻ–rogʻlar yaratinglar, mevalaridan tanovul qilinglar. 6 Uylaninglar, oʻgʻil–qizlar koʻringlar, oʻgʻillaringizga kelinlar olib beringlar. Qizlaringizni uzatinglar, ular ham uvali–juvali boʻlishsin. Oʻsha yerda koʻpayinglar, soningiz kamaymasin. 7 Men sizlarni surgun qilgan oʻsha shaharning tinch va farovon hayoti uchun mehnat qilinglar. Oʻsha shaharning osoyishtaligi uchun Menga ibodat qilinglar. Shahar tinch boʻlsa, sizlar ham tinch boʻlasizlar.” 8 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Orangizdagi paygʻambarlar bilan folbinlar sizlarni laqillatishmasin. Ular koʻrgan tushlarini aytganlarida quloq solmang, 9 ular Mening nomim bilan bashorat qilib aytayotgan hamma gaplari yolgʻondir. Ularni Men oldingizga yubormaganman.” Egamizning kalomi shudir.
10 Egamiz shunday demoqda: “Bobil hukmronligiga yetmish yil boʻlgandan keyin, Men oldingizga boraman. Bergan ezgu vaʼdamga binoan sizlarni shu yerga qaytarib olib kelaman. 11 Axir, Men sizlar toʻgʻringizda tuzgan rejalarimni bilaman, — deb aytmoqda Egamiz. — Bu rejalarim sizlarga kulfat emas, farovonlik olib keladi, yorugʻ kelajagu umid beradi. 12 Oʻsha damlarda Menga qilgan iltijoyu ibodatlaringiz ijobat boʻladi. 13 Meni butun qalbingiz bilan izlasangizlar, topasizlar. 14 Ha, Meni topasizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Men sizlarni yana farovonlikka erishtiraman . Sizlarni surgun boʻlgan barcha xalqlar orasidan, hamma yurtlardan yigʻib olaman. Sizlarni Oʻzim chiqarib yuborgan ona yurtingizga qaytarib olib kelaman.” Egamizning kalomi shudir.
15 Sizlar: “Egamiz Bobilda bizga paygʻambarlar berdi”, deb aytishingiz mumkin. 16 Endi Dovud taxtida oʻtirgan shoh haqida, hanuz Quddusda yashab kelayotgan butun xalq haqida, sizlar bilan surgunga ketmagan qarindosh–urugʻingiz haqida Egamizning aytgan soʻzlarini eshiting. 17 Sarvari Olam shunday demoqda: “Men ularning boshiga urush, ocharchilik va oʻlat balosini keltiraman. Ularni yeb boʻlmaydigan chirik anjirga oʻxshatib qoʻyaman. 18 Qilich, ocharchilik va oʻlat bilan ularning ketidan quvaman. Bularni koʻrgan yer yuzidagi hamma shohliklar dahshatga tushadi. Men ularni tarqatib yuborgan joyda ularning ahvolini koʻrgan hamma odamlar dahshatga tushib, yoqasini ushlaydi. Ularni masxara qilib, nomini qargʻishlarda ishlatishadi. 19 Axir, ular gapimga quloq solmadilar, — deb aytmoqda Egamiz. — Men ularning oldilariga paygʻambar qullarimni uzluksiz yuborib turdim. Biroq ular paygʻambarlarimga quloq solmadilar.” Egamizning kalomi shudir.
20 Shunday ekan, ey Egamiz Bobilga surgun qilgan asirlar, Egamizning gaplariga quloq solinglar! 21 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam Xulayo oʻgʻli Axab va Masiyo oʻgʻli Zidqiyo haqida shunday demoqda: “Ular Mening nomim bilan yolgʻon bashoratlar aytib yurishibdi. Men ularni Bobil shohi Navuxadnazar qoʻliga topshiraman. Sizlarning koʻzingiz oldida oʻldirtirib yuboraman. 22 Shundan keyin Bobildagi Yahudolik asirlar birovni qargʻaganda shunday deb aytadigan boʻladi: «Iloyim, boshingga Bobil shohi tiriklayin yoqib yuborgan Zidqiyo va Axabning kuni tushsin.» 23 Axab bilan Zidqiyoning qismati shudir, chunki ular Isroilda razilliklar qildilar. Qoʻshnilarining xotinlari bilan zino qildilar. Men ularga amr qilmagan boʻlsam ham, Mening nomimdan yolgʻon gapirdilar. Qilgan qilmishlarini bilaman, Oʻzim shularga guvohman.” Egamizning kalomi shudir.
Shamayoga qarshi bashorat
24-25 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam menga Naxalamlik Shamayo toʻgʻrisida bir xabar berdi. Shamayo oʻzboshimchalik qilib, Quddusdagi hamma odamga, Masiyo oʻgʻli ruhoniy Zafaniyoga va boshqa hamma ruhoniylarga bir maktub joʻnatgan ekan. U maktubida ruhoniy Zafaniyoga shunday deb yozgan ekan:

26 Egamizning Oʻzi sizni Yohayido oʻrniga ruhoniy qilib tayinladi. Siz, Egamiz uyining nazoratchisi sifatida, oʻzini paygʻambar qilib koʻrsatgan har bir telbani kishanlab, zanjirband qilishingiz lozim. 27 Nega endi Onotoʻtlik Yeremiyoga indamay yuribsiz? U sizlarning orangizda oʻzini paygʻambar qilib koʻrsatib yuribdi–ku! 28 U Bobilga, bizga maktub joʻnatib, maktubida: “Sizlar uzoq yillar davomida surgunda yashaysizlar. Oʻzlaringizga yashash uchun uylar quringlar, bogʻ–rogʻlar yaratinglar, mevasidan tanovul qilinglar”, deb yozibdi.

29 Bu maktubni Yeremiyoga ruhoniy Zafaniyo oʻqib berdi. 30 Shunda Yeremiyoga Egamiz Oʻz soʻzini ayon qildi: 31 “Surgundagi barcha odamlarga shunday deb yoz:

Naxalamlik Shamayo haqida Egamiz demoqda: «Shamayoni Men yubormaganman. U esa bashorat qilib, sizlarni yolgʻon gaplariga ishontirib qoʻydi. 32 Shuning uchun Men uni butun xonadoni bilan birga jazolayman. Bu xalq orasida uning avlodidan boʻlgan bironta odam ham tirik qolmaydi. Ularning birontasi ham xalqimga Men qiladigan yaxshiligimni koʻrmaydi, chunki Shamayo oʻz gaplari bilan xalqimni Menga qarshi qoʻzgʻatmoqchi boʻldi.» Egamizning kalomi shudir.”