18–BOB
Dovudning jangdagi gʻalabalari
1 Birmuncha vaqt oʻtgach, Dovud yana Filistlarga hujum qilib, ularni magʻlub qildi. Gat shahri va uning atrofidagi qishloqlarni Filistlardan tortib oldi.
2 Soʻng Moʻab xalqini ham magʻlub qildi. Moʻab xalqi Dovudga qaram boʻlib, oʻlpon toʻlaydigan boʻlishdi.
3 Zoʻvo shohi Hadadzar Furot daryosi boʻylariga yurish qilib, oʻsha yerlarda oʻz hokimiyatini oʻrnatmoqchi boʻlgan bir paytda Dovud unga hujum qildi. Dovud Hadadzarni Xomat shahri yonida tor–mor etdi. 4 Hadadzarning 1000 ta jang aravasini, 7000 otliq va 20.000 piyoda sipohini asirga oldi. Oʻzining 100 ta jang aravasi uchun kerakli otlarni qoldirib, boshqa hamma otlarni mayib qildi.
5 Damashqdagi Oram xalqi Zoʻvo shohi Hadadzarga yordamga kelgan edi, Dovud ulardan 22.000 kishini oʻldirdi. 6 Soʻng Damashqdagi Oram xalqining shaharlariga oʻzining qoʻnolgʻalarini joylashtirdi. Oram xalqi ham Dovudga qaram boʻlib, oʻlpon toʻlaydigan boʻldi. Shunday qilib, Dovud qayerga bormasin, Egamiz uni zafarga erishtirdi.
7 Dovud Hadadzarning aʼyonlari koʻtarib yuradigan oltin qalqonlarni qoʻlga kiritib, Quddusga keltirdi. 8 Yana Hadadzarning qoʻli ostidagi shaharlari boʻlgan Tivxat va Xundan koʻp bronza olib keldi. Keyinchalik Sulaymon bu bronzadan hovuz, ustunlar va har xil ashyolar yasattirdi .
9 Xomat shohi Toʻax : “Dovud Hadadzarning butun lashkarini magʻlub qilibdi” degan xabarni eshitib qoldi. 10 Toʻax shoh Dovudning huzuriga oʻgʻli Yoramni yuborib, qutladi, jangda Hadadzardan gʻolib kelgani uchun Dovudni olqishladi. Toʻax Hadadzar bilan uzoq vaqtdan beri urishib kelardi. U Dovudga oltin, kumush, bronza idishlarni tortiq qilib yubordi. 11 Shoh Dovud bu inʼomlarni boshqa yurtlardan — Edom, Moʻab, Ommon, Filist va Omolekdan tortib olib kelgan oltinu kumushlar bilan birga Egamizga nazr qildi.
12 Zeruya oʻgʻli Abushay Tuz vodiysida Edom xalqidan 18.000 kishini halok qildi. 13 U Edom yurtiga oʻz qoʻnolgʻalarini joylashtirdi. Edom xalqi Dovudga qaram boʻldi. Dovud qayerga bormasin, Egamiz uni zafarga erishtirdi.
14 Dovud butun Isroilda shohlik qilar ekan, xalqini odillik bilan boshqarardi. 15 Zeruya oʻgʻli Yoʻab — lashkarboshi, Oxilud oʻgʻli Yohushafat mushovir edi. 16 Oxitob oʻgʻli Zodoʻx bilan Abuatar oʻgʻli Oximalek — ruhoniy, Sarayo mirza edi. 17 Yohayido oʻgʻli Binayo Xaretlik va Palatlik qoʻriqchilarning boshligʻi edi. Dovudning oʻgʻillari saroyda yuksak lavozimdagi aʼyonlar edilar.