1–BOB
Duoyi salom
1 Xudoning quli va Iso Masihning havoriysi boʻlgan men — Pavlusdan salom! Xudoning tanlangan odamlari imonda sobit boʻlsinlar va xudojoʻylikka chorlovchi haqiqatni bilib olsinlar deb, Xudo meni bu xizmatga tayinladi. 2 Havoriy sifatida men ularni abadiy hayotdan umidvor boʻlishga daʼvat etaman. Zero, Xudo abadiy hayotni azaldanoq vaʼda qilgan. U hech qachon yolgʻon vaʼdalar bermaydi. 3 Belgilangan paytda Xudo abadiy hayotga chorlovchi Xushxabarni bizning voizligimiz orqali ayon etdi. Najotkorimiz Xudo bu Xushxabarni menga topshirib, uni eʼlon qilishimni buyurdi. 4 Qadrdonim Titus , bizning eʼtiqodimiz bir, sen menga oʻz oʻgʻlimday boʻlib qolgansan. Otamiz Xudo va najotkorimiz Iso Masih senga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Titusning Krit orolidagi vazifalari
5 Qolgan ishlarni bitirishing uchun men seni Krit orolida qoldirgan edim. Senga buyurganimdek, orolning har bir shahridagi imonlilar jamoati ustidan oqsoqollar tayinlagin. 6 Jamoat oqsoqoli yaxshi nom chiqargan boʻlishi shart. U oʻz xotiniga vafodor boʻlsin. Uning farzandlari imonli boʻlib, shaloqlik va itoatsizlik aybidan xoli boʻlishsin. 7 Zero, jamoat yetakchisi Xudoning xonadonini boshqaruvchi sifatida kamchiliksiz boʻlishi lozim, yaʼni u takabbur, jahldor, mayxoʻr, zoʻravon yoki pulparast emas, 8 balki mehmondoʻst, yaxshilikni sevadigan, vazmin, odil, oq koʻngil va nafsini tiygan odam boʻlsin. 9 Haqiqatga oʻrgatilgan, Xushxabar aqidalariga qatʼiy rioya qiladigan inson boʻlsin. Shunda u boshqalarga ham sogʻlom taʼlimot bilan nasihat qila oladi, qarshilik qiluvchilarni esa fosh eta oladi.
10 Axir, hech kimga itoat qilmaydigan, quruq gap sotadigan yolgʻonchi birodarlar bor, ayniqsa sunnatlilar orasida bundaylar koʻp. 11 Ularning safsatalarini toʻxtatish kerak. Zero, ular pul ishlash niyatida soxta taʼlimotlar oʻrgatib, butun oilalarni toʻgʻri yoʻldan ozdirmoqdalar. 12 Mana, ulardan chiqqan bir mutafakkir oʻz yurtdoshlari haqida shunday degan:

“Kritliklar doimo yolgʻon gapirishadi,
Ular yebtoʻymas dangasalardir,
Goʻyoki yirtqich hayvonlardir.”

13 Bu gapda jon bor. Shuning uchun beboshlarga qattiq tanbeh ber, toki ular haq imonga qaytsinlar. 14 Yahudiylarning afsonalariga va haqiqatdan yuz oʻgirgan odamlarning koʻrsatmalariga quloq solmasinlar. 15 Qalbi pok odamlar uchun hamma narsa haloldir. Buzuq va imonsizlarning nazarida esa hamma narsa haromdir. Bundaylarning aqli ham, vijdoni ham bulgʻangan. 16 Ular, Xudoni bilamiz, deydilar–u, oʻz qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Bunday qabih, oʻzboshimcha odamlar hech bir xayrli ishga yaramaydilar.