60–BOB
Quddusning ulugʻvor kelajagi
1 Ey Quddus xalqi, tur, porlagin! Axir, nuring keldi,
Egamizning ulugʻvorligi ustingga yogʻildi.
2 Mana, yer yuzini zulmat qopladi,
Xalqlarni quyuq zulmat bosdi.
Ammo Egamiz sening oldingga keladi,
Oʻz ulugʻvorligini boshing uzra porlatadi.
3 Xalqlar sening nuringga keladi,
Tonggi yorugʻligingga shohlar keladi.
4 Boshingni koʻtarib, atrofingga boq!
Hammasi toʻplanib, senga kelmoqda.
Oʻgʻillaringni uzoqlardan olib keladilar,
Qizlaringni chaqaloqlarday qoʻllarda koʻtarib keladilar.
5 Oʻshanda shularni koʻrib, nur sochasan,
Yuraging hapriqib, qinidan chiqquday boʻladi.
Zotan, dengiz orqali keladigan boyliklar senga nasib etadi,
Xalqlarning boyligi senga keladi.
6 Yurting tuya suruvlariga toʻlib ketadi,
Midiyon, Efaxning boʻtaloqlari bilan toʻladi.
Ularning hammasi Shava yurtidan keladi,
Oltinu tutatqilar olib keladi.
Ular Egamizga madhlar aytadi.
7 Kedarning hamma qoʻy suruvlari senga keladi,
Navayotning qoʻchqorlari senga xizmat qiladi.
Egamizning qurbongohida
Ular qurbonlik deb qabul qilinadi.
Egamiz Oʻz uyini yanada ulugʻvor qiladi.

8 Bulutlar kabi, uchayotgan nima u?
Inlariga uchayotgan kaptarlarga oʻxshash nima u?
9 Shubhasiz, dengiz ortidagi yurtlar
Egamizga muntazir boʻladi.
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi —
Egangiz Xudoning sharafiga
Tarshish kemalari boshchiligida
Bolalaringizni uzoqdan olib kelishadi,
Oltinu kumushlari bilan birga olib kelishadi.
Zotan, Egamiz seni ulugʻvorlik bilan qoplagan.

10 Egamiz Quddusga shunday deydi:
“Begonalar devorlaringni tuzatadi,
Shohlari senga xizmat qiladi.
Gʻazablanganimda senga jazo bergan boʻlsam ham,
Endi marhamat qilib, senga shafqat qilaman.
11 Darvozalaring doimo ochiq boʻladi,
Ular kechayu kunduz yopilmaydi.
Shunda xalqlar senga boyliklarini olib keladi,
Ularni oʻz shohlari boshlab keladi.
12 Senga xizmat qilmagan elatu shohlik yoʻq boʻladi,
Ha, u xalqlar batamom nobud boʻladi.
13 Lubnonning faxrlangan daraxtlari
Senga olib kelinadi.
Sarv, chinor, sadr yogʻochlari
Muqaddas maskanimni bezatish uchun keltiriladi.
Oyogʻim turgan shu joyga Men shuhrat keltiraman.
14 Senga zulm qilganlarning oʻgʻillari kelib,
Senga taʼzim qiladilar.
Sendan nafratlanganlarning hammasi
Oyoqlaringga yiqiladi.
Ular seni «Egamizning shahri,
Isroil xalqining Muqaddas Xudosining shahri — Sion» deb atashadi.
15 Ilgari sen tashlab ketilgan,
Hamma nafrat etgan,
Biror kimsa oʻtmaydigan joy eding.
Endi Men seni abadiy ulugʻvor qilaman,
Jamiki nasllarning shodligi qilaman.
16 Elatlar, shohlar seni ona kabi emizadilar,
Oʻshanda Men, Egang, sening najotkoring ekanligimni bilib olasan,
Yoqub naslining qudratli Xudosi —
Qutqaruvching Men ekanligimni anglaysan.
17 Senga bronza oʻrniga oltin,
Temir oʻrniga kumush,
Yogʻoch oʻrniga bronza,
Tosh oʻrniga temir keltiraman.
Tinchlik sening hakaming,
Solihlik hukmdoring boʻladi.
18 Yurtingda endi zoʻravonlik tovushi eshitilmaydi,
Chegarang ichida vayronagarchilik, halokat boʻlmaydi.
Devorlaringga, Najot deb nom qoʻyasan,
Darvozalaringga, Sharaf deya nom berasan.
Xudoning Oʻzi Quddusning ulugʻvorligidir
19 Endi kunduzi quyosh senga nur sochmaydi,
Oy ham yorugʻlik manbaing boʻlmaydi.
Senga Mening Oʻzim to abad nur manbai boʻlaman,
Men, Xudoying, sening ulugʻvorliging boʻlaman.
20 Quyoshing hech qachon botmaydi,
Oying endi boshqa yashirinmaydi,
Chunki Men sening quyoshu oying boʻlaman.
Ha, Men sening to abad nuring boʻlaman,
Qaygʻuli kunlaring tamom boʻladi.
21 Xalqingning hammasi solih boʻladi,
Ular yurtni to abad mulk qilib oladi.
Oʻzim oʻtqazgan niholdir ular,
Menga shuhrat keltirsin deb, yaratgan
Qoʻllarimning ijodi ular.
22 Eng kichik odamingdan mingta odam chiqadi,
Eng zaif odamingdan kuchli xalq paydo boʻladi.
Men, Egang, buni oʻz vaqtida tez bajo keltiraman.”