21–BOB
Pavlusning Quddusga sayohati
1 Biz ular bilan xayrlashib, kemaga oʻtirdik va toʻgʻri Kos oroliga keldik. Ertasi kuni Rodos oroliga, keyin esa Patara shahriga bordik. 2 U yerda biz Finikiyaga ketayotgan kemani topib, oʻsha kemada suzib ketdik. 3 Kiprga yaqinlashganimizda, bu orolni chap tomonimizda qoldirib, Finikiyaga yoʻl oldik. Tirda kemadan yuk tushirmoqchi boʻlganlari uchun biz qirgʻoqda qoldik. 4 Isoning u yerdagi shogirdlarini qidirib topdik va ular bilan bir hafta qoldik. Ular Muqaddas Ruhdan ilhomlanib, Pavlusga: “Quddusga bormang”, deb aytdilar. 5 Bu yerda vaqtimiz oxirlab qolgach, yoʻlga chiqib, safarimizni davom ettirdik. Imonlilarning hammasi, xotinlari va bola–chaqalari bilan birga, bizni shahar tashqarisigacha kuzatib chiqdi. Dengiz boʻyida tiz choʻkib, ibodat qildik. 6 Soʻng bir–birimiz bilan xayrlashdik. Biz kemaga chiqdik, ular ham uylariga qaytib ketdilar.
7 Biz Tir shahridan sayohatni davom ettirib, Ptolemay shahriga keldik. U yerdagi imonlilarni ziyorat etib, bir kun yonlarida qoldik. 8 Ertasi kuni yoʻlga chiqib, Qaysariyaga keldik. Xushxabarchi Filipning uyiga borib, unikida qoldik. Filip oziq–ovqat taqsimlash uchun saylangan yetti kishidan biri edi. 9 Filipning turmushga chiqmagan toʻrtta qizi boʻlib, ularga bashorat qilish inʼomi berilgan edi. 10 U yerda bir necha kun boʻlganimizdan keyin, Yahudiyadan Xagabus degan paygʻambar keldi. 11 U bizning oldimizga keldi va Pavlusning kamarini olib, oʻzining oyoq–qoʻllarini bogʻladi–da, shunday dedi:
— Muqaddas Ruh demoqda: mana bu kamarning egasini yahudiylar Quddusda xuddi shu singari bogʻlab, uni gʻayriyahudiylar qoʻliga topshiradilar.
12 Bu gapni eshitganimizdan keyin biz ham, u yerdagi odamlar ham Pavlusga, Quddusga bormang, deb yalinib–yolvordik. 13 Shunda Pavlus quyidagicha javob berdi:
— Nima qilyapsizlar? Nimaga yigʻlab, yuragimni siqyapsizlar? Men faqat oyoq–qoʻllarimning bogʻlanishiga emas, balki Rabbimiz Isoning nomi uchun Quddusga borib oʻlishga ham tayyorman.
14 Biz Pavlusni koʻndira olmaganimizdan keyin, “Rabbimiz istaganiday boʻlsin”, deb jim qoldik. 15 Bu yerda maʼlum vaqt boʻlganimizdan keyin, tayyorgarligimizni koʻrib, Quddusga yoʻl oldik. 16 Qaysariyadan Isoning baʼzi shogirdlari biz bilan birga bordilar. Ular bizni dastlabki imonlilardan boʻlgan Kiprlik Minasonning uyiga olib keldilar. Biz uning xonadonida qoldik.
17 Quddusga kelganimizda, imonlilar bizni xursandchilik bilan qabul qildilar. 18 Keyingi kuni Pavlus biz bilan birga Yoqubni koʻrgani bordi. Barcha jamoat oqsoqollari ham u yerda yigʻilishgan edi. 19 Pavlus ular bilan salomlashgandan keyin, oʻzining xizmati orqali gʻayriyahudiylar orasida Xudo qilgan ishlarni batafsil hikoya qilib berdi. 20 Ular bu gaplarni eshitib, Xudoga hamdu sano aytdilar. Keyin Pavlusga dedilar:
— Birodarimiz Pavlus, koʻrib turibsizki, yahudiylar orasida bir necha ming odam imonga kelgan. Ularning hammasi qonunga chin dildan oʻzlarini bagʻishlaganlar. 21 Ularning eshitishicha, siz gʻayriyahudiylar orasida yashayotgan hamma yahudiylarga, Musoning qonunidan voz kechinglar, bolalaringizni sunnat qilmanglar , yahudiylarning urf–odatlariga rioya qilmanglar, deb taʼlim bergan ekansiz. 22 Endi nima boʻladi? Sizning kelganingizni ular albatta eshitadilar. 23 Endi bizning aytganlarimizni qiling. Oramizda nazr atagan toʻrtta odam bor. 24 Bu odamlar bilan birga Maʼbadga borib, u yerda poklanish marosimida ishtirok eting. Ular sochlarini oldirganlarida talab qilingan poklanish qurbonligining xarajatlarini ular uchun oʻzingiz toʻlang. Ana shunda, siz toʻgʻringizda aytilgan gaplar haqiqat emasligini, siz esa Musoning qonuniga rioya qilgan holda yashayotganingizni hamma bilib oladi. 25 Imonli gʻayriyahudiylarga kelsak, bir qancha vaqt oldin biz ularga maktub joʻnatib , quyidagi qarorimizni maʼlum qilgan edik: “Butlarga keltirilgan qurbonlik goʻshtini va qoni chiqarilmagan hayvon goʻshtini tanovul qilishdan hamda fahsh–zinodan oʻzlaringizni tiyinglar.”
26 Ertasi kuni Pavlus oʻsha odamlarni yoniga olib, ular bilan birga oʻzini pokladi. Soʻng Maʼbadga kirib, poklanish kunlari qachon tugashini, har bir odam uchun qachon qurbonlik keltirilishini eʼlon qildi.
Pavlus Maʼbadda qamoqqa olinadi
27 Yetti kunlik marosim oxirlab qolgan edi. Asiya viloyatidan kelgan yahudiylar Pavlusni Maʼbadda koʻrib qoldilar. Ular olomonni qayrab, Pavlusni ushladilar.
28 — Ey Isroil xalqi! Yordam beringlar! — deb shovqin soldi ular. — Manavi odam hamma joyda bizning xalqimizga, qonunimizga, Maʼbadga qarshi taʼlim berib yuradi. Buning ustiga, u gʻayriyahudiylarni Maʼbadga olib kelib , bu muqaddas joyni bulgʻadi!
29 Bunday deyishlariga sabab, bundan oldin ular Efeslik Trofimusni shaharda Pavlus bilan birga koʻrishgan boʻlib, “Pavlus oʻsha gʻayriyahudiyni Maʼbadga olib kirdi”, deb oʻylagan edilar.
30 Butun shahar oyoqqa turdi, xalq birgalashib harakatga keldi. Ular Pavlusni tutib, Maʼbaddan sudrab chiqarib tashladilar. Oʻsha zahoti Maʼbad eshiklari yopildi. 31 Olomon endi Pavlusni oʻldirmoqchi boʻlib turgan edi, Rim lashkarining mingboshisiga: “Butun Quddus oyoqqa turdi” degan xabar yetib keldi. 32 Mingboshi oʻsha zahoti askarlari va yuzboshilarni olib, olomon tomonga yugurib ketdi. Olomon mingboshi bilan uning askarlarini koʻrgach, Pavlusni kaltaklashni bas qildilar. 33 Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, uni qamoqqa oldi va ikkita kishan bilan bogʻlashni buyurdi. Soʻngra u: “Bu odam kim? U nima qildi?” deb soʻradi. 34 Olomon orasidan baʼzilari bir nimalar deb shovqin soldi, boshqasi yana nimalardir dedi. Gʻala–gʻovur boʻlganidan mingboshi nima yuz berganini aniq bila olmadi. Shuning uchun u Pavlusni qalʼaga olib borishni buyurdi. 35 Pavlus qalʼaning zinapoyasiga kelganda, olomon shunchalik junbishga keldiki, askarlar Pavlusni koʻtarib ketishlariga toʻgʻri keldi. 36 Olomon Pavlusning ortidan ergashib: “Unga oʻlim!” deb shovqin solardi.
37 Askarlar Pavlusni qalʼaga olib kirayotganlarida, u mingboshiga:
— Sizga bir narsani aytsam maylimi? — dedi.
— Yunoncha bilasanmi?! — deb hayron qoldi mingboshi. 38 — Bir qancha vaqt oldin isyon boshlab, toʻrt ming qurollangan kallakesarni sahroga olib chiqqan Misrlik mabodo sen emasmisan?
39 — Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarsus shahridanman , — dedi Pavlus. — Oʻsha muhim shaharning fuqarosiman. Iltimos, xalqqa gapirishimga ijozat bering.
40 Mingboshi Pavlusga ijozat bergach, u zinapoyada turib, odamlarga qoʻli bilan: “Jim boʻlinglar!” degan ishorani qildi. Odamlar tinchlangandan keyin, Pavlus ularga oramiy tilida gapira boshladi.