12–BOB
Maryam jazolanadi
1 Muso Habashistonlik ayolga uylangani uchun Maryam va Horun Musoga qarshi gapirdilar. 2 Ikkovi: “Egamiz yolgʻiz Muso orqali gapiribdimi?! U biz orqali ham gapirmaganmi?!” deyishdi. Egamiz ularning bu gapini eshitdi. 3 Muso juda kamtar odam edi, yer yuzida kamtarlikda unga teng keladigani yoʻq edi.
4 Egamiz birdan Muso, Horun va Maryamga:
— Uchovingiz ham Uchrashuv chodiriga kelinglar! — deb amr berdi.
Shundan soʻng uchovlari Uchrashuv chodiriga kelishdi. 5 Egamiz ustun shaklidagi bulutda tushib, Chodirga kiraverishda turdi va Horun bilan Maryamni chaqirdi. Ikkovi oldinga chiqdi. 6 Egamiz ularga dedi:
— Mening soʻzlarimni eshitib olinglar. Orangizda paygʻambar boʻlganda, Men, Egangiz, Oʻzimni ularga vahiyda ayon qilaman, ular bilan tushlarida gaplashaman. 7 Lekin qulim Muso bilan boshqacha gaplashaman. Mening butun xalqim orasida ishonchlisi Musodir . 8 Men u bilan jumboqli bashoratlar orqali emas, balki yuzma–yuz, ochiq–oydin gaplashaman. Muso Men, Egangizning sharpasini koʻradi. Nahotki sizlar Mening qulim Musoga qarshi gapirishdan qoʻrqmadingizlar?!
9 Egamiz ulardan qattiq gʻazablanib, uzoqlashdi.
10 Bulut Chodir tepasidan ketishi bilanoq, Maryam teri kasalligiga chalinib, qorday oppoq boʻlib qoldi. Horun buni koʻrib, 11 Musoga yolvordi:
— Ey hazratim, biz ahmoqlik qilib qoʻydik! Oʻtinaman, gunohimizdan oʻting! 12 Maryam ona qornidayoq chiriy boshlagan oʻlik chaqaloqqa oʻxshab qolmasin!
13 Shunda Muso Egamizga iltijo qilib:
— Ey Xudo, unga shifo ber! — deb yolvordi. 14 Egamiz esa Musoga shunday javob berdi:
— Agar Maryamning oʻz otasi uning yuziga tupurganda, u yetti kun sharmanda boʻlib yurmasmidi?! Maryamni qarorgohdan chiqarib yuboringlar, u yetti kundan keyingina qarorgohga qaytib kelishi mumkin.
15 Shunday qilib, Maryam qarorgohdan haydab chiqarildi. U yetti kun qarorgohdan tashqarida boʻldi. U qaytib kelmaguncha xalq yoʻlga chiqmay turdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020