20–BOB
Ming yillik tinchlik
1 Men samodan tushayotgan bir farishtani koʻrdim. Uning qoʻlida tubsiz chuqurlikning kaliti va katta zanjir bor edi. 2 Farishta ajdarhoni tutib oldi. Iblis va shayton deb atalgan bu almisoq ilonni u ming yil muddatga kishanlab qoʻydi. 3 Yana xalqlarni aldamasin deb, uni tubsiz chuqurlikka tashlab, qamab qoʻydi. Ming yil tamom boʻlgunga qadar kiraverishni muhrladi. Ming yil oʻtgandan keyin uni qisqa bir muddatga ozod qilishi kerak edi.
4 Bundan soʻng, men taxtlarni va taxtlarda oʻtirganlarni koʻrdim. Xudo taxtlarda oʻtirganlarni oqlagan edi . Ular Iso haqidagi shahodati va Xudoning soʻzi tufayli boshi olinganlarning jonlari edi. Ular maxluqqa va uning tasviriga sajda qilmaganlar, peshanalari va qoʻllariga uning tamgʻasini bostirmaganlar. Ular tirilib, Masih bilan ming yil hukmronlik qildilar. 5-6 Bu birinchi tirilishdir. Birinchi tirilishda ishtirok etganlar baxtli va muqaddasdir. Ikkinchi oʻlim ularga hokim emas. Ular Xudoning va Masihning ruhoniylari boʻlib, U bilan ming yil davomida hukmronlik qiladilar.
Qolgan oʻliklar esa ming yil oʻtmaguncha tirilmadi.
Shayton jazolanadi
7 Ming yil oʻtgach, shayton oʻz zindonidan ozod etiladi. U chiqib, yerning toʻrt burchagidagi xalqlarni, yaʼni Goʻg va Magoʻgni aldab, jangga toʻplaydi. Toʻplangan xalqlarning soni dengiz qumiday son–sanoqsiz boʻladi.
8 Ular butun yer yuzini qoplab oladilar, Xudo azizlarining qarorgohini va Xudo yaxshi koʻradigan shaharni qamal qiladilar. 9 Shunda osmondan olov tushib, ularni qirib tashlaydi. 10 Ularni aldagan iblis oltingugurtli koʻlga tashlanadi. Maxluq va soxta paygʻambar ham oʻsha koʻlga tashlangan edilar. Ular kechayu kunduz, abadulabad u yerda azob chekadilar.
Qiyomat kuni
11 Keyin men ulkan bir oq taxtni va taxtda oʻtirgan Zotni koʻrdim. Uning huzuridan yeru osmon qochar edi, biroq ularga yashiringani joy topilmadi. 12 Men oʻsha ulkan taxt oldida turgan kattayu kichik oʻliklarni koʻrdim. Kitoblar ochildi. Hayot kitobi degan boshqa bir kitob ham ochildi. Oʻliklar kitoblarda yozilgani boʻyicha qilmishlariga yarasha hukm etildi. 13 Dengiz oʻzidagi oʻliklarni berdi, oʻlim ham, oʻliklar diyori ham oʻzlaridagi oʻliklarni berdi. Har bir kishi qilmishiga yarasha hukm etildi. 14 Oʻlim va oʻliklar diyori olov koʻliga tashlandi. Mana bu olov koʻli ikkinchi oʻlimdir . 15 Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olov koʻliga tashlandi.