23–BOB
Yoʻshiyo butparastlikni yoʻq qiladi
1 Shoh Yoʻshiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini huzuriga toʻpladi. 2 Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, paygʻambarlar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Tavrot kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida oʻqidi.
3 Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi ustun yonida turib: “Egamiz koʻrsatgan yoʻldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd soʻzlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi.
Butun xalq bu ahdga qoʻshildi.
4 Shoh Yoʻshiyo: “Baalga, Asheraga va barcha samoviy jismlarga atab qilingan narsalar Egamizning uyidan olib chiqib tashlansin”, deb oliy ruhoniy Xilqiyoga, undan keyingi ruhoniylarga, Egamizning uyi darvozabonlariga farmon berdi. Oʻsha buyumlarni Quddus tashqarisidagi Qidron soyligiga chiqarib yoqtirdi, kulini Baytilga olib keltirdi.
5 Yahudo shohlari yurtning barcha shaharlaridagi va Quddus atrofidagi sajdagohlarda butparast ruhoniylarni tayinlagan edilar. Oʻsha ruhoniylar sajdagohlarda qurbonliklar keltirardi. Yoʻshiyo Baalga, quyoshga, oyga, sayyoralarga va jamiki samoviy jismlarga qurbonlik qilgan oʻsha ruhoniylarni yoʻq qildi. 6 U Egamizning uyidan Asheraning ustunini Quddus tashqarisiga — Qidron soyligiga chiqarib yoqdi. Maydalab kul qilib, kulni avom xalqning qabrlari ustiga sepdi. 7 Fohishlarning Egamiz uyidagi hujralarini buzdi. U yerda ayollar Asheraga atab toʻquv ishlarini bajarishardi.
8 Yoʻshiyo Yahudo shaharlaridan hamma ruhoniylarni chiqarib yubordi. Gebodan Bershebagacha ruhoniylar qurbonliklar keltiradigan sajdagohlarni bulgʻab, harom qildi. U Quddus hokimi Yoshua darvozasining kirishidagi sajdagohlarni yoʻqotdi. Bu darvoza shaharga kirishda chap tomonda edi. 9 Sajdagohlarning ruhoniylari Egamizning Quddusdagi qurbongohiga qurbonlik qilishmas, lekin ruhoniy birodarlarning ulushidan xamirturushsiz non tanovul qila olardilar.
10 Yoʻshiyo, birortasi oʻgʻlini yoki qizini Moʻlaxga qurbonlik qilmasin, olovda kuydirmasin deb, Xinnum soyligidagi Tofatda joylashgan sajdagohni bulgʻab, harom qildi. 11 Yahudo shohlari quyoshga atagan otlarning haykalini Egamizning uyi eshigi oldidan yoʻqotdi. Otlar Egamiz uyining hovlisida — aʼyon Natanmalekning xonasi yonida edi. Yoʻshiyo quyoshga atalgan jang aravalarini ham olovda yoqdi.
12 Oxozning boloxonasi tomidagi Yahudo shohlari qildirgan qurbongohlarni ham, Egamiz uyining ikkala hovlisida Manashe qildirgan qurbongohlarni ham buzdi va maydalab tuyib, Qidron soyligiga sochib yubordi. 13 Quddusning sharqida — Makruh togʻining janubida Isroil shohi Sulaymon Sidonning makruh xudosi Ashtaret uchun, Moʻabning makruh xudosi Xamoʻsh uchun va Ommonning makruh xudosi Moʻlax uchun qurdirgan sajdagohlarni bulgʻab, harom qildi. 14 U butsimon toshlarni sindirib, Asheraga atalgan ustunlarni qoʻporib tashladi, ularning oʻrnini inson suyaklari bilan toʻldirdi .
15 Bundan tashqari, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom Baytilda oʻrnatgan sajdagohni ham, qurbongohni ham yoʻqotdi. Sajdagohga oʻt qoʻyib, kulini koʻkka sovurdi. U Asheraning ustuniga oʻt qoʻyib yubordi. 16 Soʻngra Yoʻshiyo qayrilib qarab, adirdagi qabrlarni koʻrdi. U yerdagi qabrlarni koʻrgach, odamlarini yuborib, mozorlardagi suyaklarni chiqartirdi, Egamizning soʻziga binoan, suyaklarni qurbongohda yoqdi va shu tariqa qurbongohni bulgʻab, harom qildi. Zotan, bu haqda paygʻambar qurbongohga nido qilgan edi .
17 — Anavi yodgorlik toshi kimniki? — deb soʻradi Yoʻshiyo.
— Yahudodan kelib, Baytildagi qurbongohda siz qilgan ishlar toʻgʻrisida nido qilgan paygʻambarning qabridir, — deya javob berishdi shahar aholisi.
18 — Unga tegmanglar, — dedi shoh. — Hech kim uning suyaklarini bezovta qilmasin.
Shunday qilib, paygʻambarning suyaklariga ham, Samariyadan kelgan paygʻambarning suyaklariga ham tegmadilar.
19 Isroil shohlari butun yurt boʻylab begona xudolarning sajdagohlarini qurib Egamizni gʻazablantirgan edilar. Yoʻshiyo, xuddi Baytilda qilganiday, bu sajdagohlarni vayron qilish uchun sipohlar joʻnatdi. 20 Oʻsha shaharlardagi sajdagohlarning hamma ruhoniylarini qurbongohlarda boʻgʻizladi. Inson suyaklarini qurbongohlarda yoqdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.
Yoʻshiyo Fisih ziyofatini nishonlaydi
21 Shoh: “Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini bu Tavrot kitobida yozilganiday nishonlang”, deb xalqqa farmon berdi. 22-23 Shunday qilib, Yoʻshiyo hukmronligining oʻn sakkizinchi yilida xalq Quddusga yigʻilib, Egamizga atalgan Fisih ziyofatini katta qilib nishonladi. Isroilga rahnamolik qilgan hakamlar davridan buyon na Isroil shohlarining, na Yahudo shohlarining hukmronligi paytida Fisih ziyofati shu qadar nishonlanmagan edi.
Yoʻshiyo joriy qilgan islohotlar
24 Yoʻshiyo yana ruhoniy Xilqiyo Egamizning uyidan topgan kitobda yozilgan qonunni ijro etmoq maqsadida arvoh chaqiruvchilarni, folbinlarni, xonaki sanamlarni va boshqa butlarni, Yahudo va Quddusda paydo boʻlgan hamma makruh narsalarni yoʻq qilib tashladi. 25 Yoʻshiyodan oldin ham, keyin ham unga oʻxshab Musoning hamma qonunlariga muvofiq, butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun vujudi bilan Egamizga itoat etgan biron shoh chiqmadi.
26 Lekin Manashe qilgan gunohlari bilan Egamizning qattiq qahrini keltirgani uchun, Egamiz Yahudoga qarshi alangalangan gʻazabini hali qaytarmagan edi. 27 Shuning uchun Egamiz: “Isroil xalqini huzurimdan qanday haydagan boʻlsam, Yahudo xalqini ham shunday haydayman. Oʻzim tanlagan shahar — Quddusdan yuz oʻgiraman. Ha, Men oʻsha yerda ulugʻlanaman, deb aytgan uyimni tark etaman”, degan edi.
Yoʻshiyoning oʻlimi
28 Yoʻshiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 29 Yoʻshiyo hukmronligi paytida Misr firʼavni Nexo Ossuriya shohiga yordam berish uchun Furot daryosi tomon yoʻlga chiqdi. Shoh Yoʻshiyo esa Nexoning ustiga yurish qildi. Magidoʻda toʻqnashganlarida, Nexo Yoʻshiyoni oʻldirdi . 30 Aʼyonlari Yoʻshiyoning jasadini jang aravasida Magidoʻdan Quddusga olib kelib, ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar. Yahudo xalqi Yoʻshiyoning oʻgʻli Yohuxozga moy surtib, uni otasining oʻrniga shoh qilib koʻtardilar.
Yahudo shohi Yohuxoz
31 Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga oʻtirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. Onasining ismi Xamutal boʻlib, Libnalik Yeremiyoning qizi edi. 32 Yohuxoz ota–bobolariga oʻxshab Egamiz oldida qabih ishlar qildi.
33 Firʼavn Nexo shoh Yohuxozning Quddusdagi hukmronligiga chek qoʻyib, uni Xomat yurtidagi Rivlo shahrida zanjirband qildi. Yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin oʻlpon talab qildi. 34 Firʼavn Nexo Yoʻshiyoning oʻgʻli Eliyaqimni otasining oʻrniga shoh qildi va ismini oʻzgartirib Yohayiqim qoʻydi. Soʻngra Yohuxozni olib Misrga qaytdi. Yohuxoz oʻsha yerda vafot etdi.
Yahudo shohi Yohayiqim
35 Yohayiqim firʼavn istagan oltin va kumushni berdi. Nexoga oʻlpon toʻlash uchun esa yurt xalqiga soliq soldi va har biridan boyligiga qarab oltin va kumush yigʻdi. 36 Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Zabudo boʻlib, Rumaxlik Podiyoning qizi edi. 37 Yohayiqim, ota–bobolari singari, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020