19–BOB
Xudo Misrni jazolaydi
1 Misr haqida bashorat:
Ana, Egam minib olgan uchqur bulutga,
U keladi Misrga.
Misrning behuda butlari
Uning oldida titrar,
Misrning yuragi esa orqaga tortar.
2 “Misr xalqini bir–biriga sapchitaman.
Aka–ukalaru doʻstlar,
Shaharlaru shohliklar
Bir–biriga qarshi chiqar.
3 Misrliklar tushkunlikka tushadi.
Men ularning rejayu niyatlarini puchga chiqaraman.
Ular qidirib qolar
Behuda butlarniyu sehrgarlarni,
Folbinlaru otalari ruhlarini.
4 Men Misrni berahm xoʻjayinlarga topshiraman,
Ha, kuchli shoh ularni boshqaradi”,
— demoqda Sarvari Olam — Rabbiy.
5 Nil suvi qurib qoladi,
Daryo qurib boraveradi,
U jizgʻanak yer boʻladi.
6 Oqar suvlar badboʻy hid chiqaradi,
Misrdagi Nil pasayib, quriydi.
Poyalaru qamishlar chiriydi.
7 Nil qirgʻogʻidagi, daryo boʻyidagi qamishlar,
Nil boʻyiga ekilgan hamma ekinlar
Qurib ketadi, sovuriladi,
Ulardan hech narsa qolmaydi.
8 Baliqchilar aza tutar,
Nilga qarmoq tashlaganlar yigʻlar,
Suvga toʻr yoyganlar umidsiz boʻlar.
9 Zigʻir tolasiga ishlov beradiganlar
Sharmanda boʻladilar,
Oq mato toʻqiydiganlar
Uyatga qolib ketadilar.
10 Ularning dastgohlari ishdan chiqadi,
Barcha ishchilari tushkunlikka tushadi.
11 Ey Zoʻvan shahzodalari, gʻirt ahmoqsiz axir,
Ey firʼavn maslahatchilari, sizning donoligingiz ham shunday.
Maslahatlaringiz daf boʻladi.
Qanday qilib siz firʼavnga:
“Biz donolarning oʻgʻlimiz,
Qadim shohlar naslidanmiz”, deya ayta olasiz?!
12 Ey firʼavn, qani oʻsha dono odamlaringiz?!
Sarvari Olam Misrga nima reja qilganini
Ular sizga bildirsin, aytsin.
13 Mana, Zoʻvan shahzodalari ahmoq boʻldilar,
Nuf shahzodalari aldandilar.
Misrni oʻz qabila boshliqlari yoʻldan urdilar,
14 Ularning aqlini Egam chalkashtirdi,
Qusugʻiga dumalaydigan mast qanday boʻlsa,
Misrni ular shunday yoʻldan ozdirar.
15 Misrga hech kim yordam bera olmas,
Na boshi, na quyrugʻi, na xurmosi, na qamishi .
Misr Egamizga sajda qiladi
16 Oʻsha kuni Misr xotin kishiga oʻxshab qoladi. Sarvari Olam unga qarshi qoʻlini koʻtaradi, shunda Misr titrab dahshatga tushadi. 17 Yahudo Misrliklarni dahshatga soladi. Sarvari Olam ularni vahimaga solganini eslagan har bir odam dahshatga tushadi.
18 Oʻsha kunga kelib, Misrdagi beshta shahar ibroniy tilida gapiradigan boʻladi. Ular Sarvari Olam oldida ont ichadilar. Bu shaharlardan biri “Quyosh shahri” deb ataladi.
19 Oʻsha kuni Misrning oʻrtasida Egamiz uchun bir qurbongoh quriladi, chegarada Egamizga atalgan bir muqaddas tosh oʻrnatiladi. 20 Bular Sarvari Olam uchun Misrda bir belgi va guvoh boʻladi. Xalq zolimlar dastidan yolvorganda, Egamiz ularni qutqaradigan bir himoyachi yuboradi. U xalqni qutqaradi. 21 Egamiz Oʻzini Misrliklarga zohir qiladi. Misrliklar ham oʻsha kuni Uni tan oladilar. Egamizga qurbonliklar keltiradilar, nazrlar atab, sajda qiladilar. Unga vaʼda berib, vaʼdalarini ado etadilar. 22 Egamiz Misrliklarni xastalik keltirish bilan jazolaydi, keyin shifo beradi. Ular Egamizga yolvoradilar, Egamiz ularga shifo beradi. 23 Oʻsha kuni Misr bilan Ossuriya oʻrtasida bir yoʻl boʻladi. Ossuriyalik Misrga, Misrlik Ossuriyaga borib kelaveradi. Ossuriyaliklar bilan Misrliklar birgalikda sajda qiladilar.
24 Oʻsha kuni Misr bilan Ossuriya qatorida Isroil uchinchi xalq boʻladi. Uchalovi yer yuziga baraka boʻladi. 25 Ha, Sarvari Olam ularga marhamat qilib, shunday degan: “Ey xalqim Misr, qoʻllarimning ijodi Ossuriya, Oʻzimning mulkim Isroil, baraka topinglar!”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020