15–BOB
Iso Pilat huzurida
1 Tong otar–otmas, bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar, Tavrot tafsirchilari va Oliy kengashning qolgan aʼzolari bir qarorga kelishdi. Ular Isoni bogʻlatib, hokim Pilatga olib borib topshirishdi. 2 Pilat Isodan:
— Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb soʻradi.
— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.
3 Bosh ruhoniylar Uni koʻp masalada ayblayotgan edilar. 4 Pilat yana Unga:
— Sen hech narsaga javob bermaysanmi? Koʻryapsan–ku, ular Seni koʻp jinoyatlarda ayblashyapti! — dedi. 5 Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga qoyil qoldi.
6 Har Fisih bayramida Pilat xalqning iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi. 7 Isyon vaqtida qotillik qilgan Barabbas ismli bir kishi oʻz sheriklari bilan oʻshanda qamoqda edi. 8 Xalq yana kelib, Pilatdan odatdagiday bir mahbusni ozod qilishni soʻray boshladi.
9-10 Bosh ruhoniylar Isoni hasad tufayli qoʻlga tushirishganini bilgan Pilat olomondan:
— Sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi? — deb soʻradi. 11 Ammo bosh ruhoniylar: “Uning oʻrniga Barabbasni ozod qilishni Pilatdan soʻranglar”, deb olomonni qoʻzgʻadilar. 12 Pilat ularga yana dedi:
— Aytinglar xohishingizni! Sizlar “Yahudiylar Shohi” deb ataydigan Kishini nima qilay?
13 — Xochga mixlansin! — deb shovqin soldi olomon. 14 Pilat ulardan:
— Nimaga? U nima yomonlik qildi? — deb soʻradi. Lekin olomon:
— Xochga mixlansin! — deb battar baqirardi.
15 Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay deb, Barabbasni ozod etdi. Isoni esa qamchilatib, xochga mixlashni buyurdi.
Askarlar Isoni haqorat qilishadi
16 Rim askarlari Isoni hukumat saroyining hovlisiga olib borib, butun boʻlinmani Uning oldiga toʻplashdi. 17 Unga safsar toʻn kiydirishdi va tikanlardan toj oʻrib boshiga qoʻyishdi.
18 — Yashavor, ey yahudiylarning Shohi! — deb Uni qutlay boshlashdi. 19 Qamish bilan Uning boshiga qayta–qayta urib, tupurishdi. Uning oldida tiz choʻkib, taʼzim qilishdi. 20 Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, ustidan safsar toʻnni yechib olib, Oʻzining kiyimlarini kiydirishdi. Soʻng Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi.
Iso xochga mixlanadi
21 Askarlar yoʻlda Shimoʻn degan odamni uchratib qoldilar. U daladan qaytib kelayotgan edi. Ular Shimoʻnni Isoning xochini koʻtarib borishga majbur qildilar. Shimoʻn Kirineyalik boʻlib, Iskandar va Rufusning otasi edi.
22 Askarlar Isoni Goʻlgota degan joyga olib kelishdi. Goʻlgota “bosh suyagi” maʼnosini beradi. 23 Isoga mirra aralashtirilgan sharob berishdi, lekin U ichmadi. 24 Bundan soʻng Isoni xochga mixlab qoʻyishdi. Uning kiyimlarini esa oʻzaro boʻlishib, kim nima oladi, deb qurʼa tashlashdi .
25 Uni xochga mixlaganlarida ertalab soat toʻqqiz edi. 26 Bosh tomonida: “Yahudiylarning Shohi” deb yozilgan aybnoma bor edi. 27-28 Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlagan edilar. Ularning biri Isoning oʻng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida edi .
29 Oʻtib ketayotganlar boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi :
— Ey Maʼbadni buzib, uch kun ichida tiklaydigan! 30 Oʻzingni Oʻzing qutqarib, xochdan tushib koʻr–chi!
31 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari ham ularga qoʻshilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir–biriga:
— U boshqalarni qutqarardi, Oʻzini esa qutqara olmaydi! 32 Isroilning Shohi Masih endi xochdan tushsin, toki biz buni koʻrib Unga ishonaylik! — deyishardi.
Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni haqoratlar edilar.
Iso jon beradi
33 Tush payti butun yurtni zulmat qopladi. Soat uchga qadar hamma yoq zulmatga choʻmdi. 34 Soat uchda Iso baland ovoz bilan:
— Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? — deb faryod qildi. Bu soʻzning tarjimasi: “Ey Xudoyim! Ey Xudoyim! Nega Meni tark etding?!” demakdir.
35 U yerda turgan baʼzilar buni eshitib:
— Qarang, U Ilyosni chaqiryapti, — deyishdi. 36 Shunda bir odam yugurib borib, shimgichni arzon sharobga botirib, qamishning uchiga ilib qoʻydi–da, Isoga ichish uchun uzatdi. Soʻng dedi:
— Qani, koʻraylik–chi, Ilyos kelib , Uni xochdan tushirarmikan?
37 Ammo Iso qattiq faryod qildi–yu, jon berdi. 38 Shu zahoti Maʼbaddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga boʻlinib ketdi. 39 Isoning qarshisida turgan Rim yuzboshisi Uning shu tarzda jon berganini koʻrib:
— Haqiqatan ham bu Odam Xudoning Oʻgʻli ekan! — dedi.
40 U yerda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi. Ular orasida Magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar. 41 Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib, ergashib kelgan edilar. U yerda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa koʻp ayollar ham bor edi.
Iso dafn qilinadi
42 Juma kuni kech kirishiga oz qolgan , Shabbat kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi. 43 Shunda Oliy kengashning obroʻli aʼzosi, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutib yurgan Arimateyalik Yusuf jurʼat etib, Pilatning huzuriga bordi va Isoning jasadini soʻradi. 44 Pilat Isoning darrov oʻlganiga hayron boʻldi. Yuzboshini chaqirib:
— Uning joni uzilib boʻldimi? — deb soʻradi. 45 Pilat Isoning oʻlganini yuzboshidan bilib olgach, Uning jasadini Yusufga berdi.
46 Yusuf zigʻir matosi sotib oldi. Jasadni xochdan tushirib olib, zigʻir matosi bilan kafanladi. Jasadni qoyada oʻyilgan qabrga qoʻydi. Keyin qabrning ogʻziga bir toshni yumalatib keltirib, qoʻyib ketdi. 47 Isoning jasadi qayerga dafn qilinganini Magdalalik Maryam bilan Yusufning onasi Maryam koʻrdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020