15–BOB
Elifaz ikkinchi marta gapiradi: u Ayubni Xudodan qoʻrqmaslikda ayblaydi
1 Keyin Temonlik Elifaz shunday dedi:

2 “Dono kishi shunday behuda soʻzlar bilan javob bermagan boʻlardi!
Ogʻzini quruq gaplar bilan toʻldirmas edi!
3 Befoyda soʻzlar aytib bahslashmagan boʻlardi!
Quruq gaplar aytmas edi!
4 Sen Xudodan qoʻrqmay qoʻyding!
Toat–ibodatga toʻsqinlik qilyapsan.
5 Gunohlaring senga gap oʻrgatyapti,
Xuddi ayyorlarday gapiryapsan.
6 Men emas, oʻz ogʻzing seni hukm qilyapti,
Oʻz lablaring senga qarshi guvohlik beryapti.

7 Nima, sen odamzodning toʻngʻichimisan?!
Qirlar yaratilmasdan oldin tugʻilganmisan?!
8 Xudoning kengashida qatnashganmisan?!
Nima, faqatgina oʻzingni dono deb bilasanmi?!
9 Xoʻsh, biz bilmagan nimani bilasan?
Biz tushunmaganlarni sen tushunasanmi?
10 Ha, oqsoqollar, keksalar,
Otangdan ham yoshi ulugʻroq boʻlganlar biz tomonda.
11 Xudoning tasallisi senga kamlik qilyaptimi?!
Muloyimlik bilan aytgan soʻzi senga yetmayaptimi?!
12 Nima uchun yuragingning amriga qarab ish tutasan?
Nima uchun koʻzlaringni chaqchaytirasan?
13 Nima uchun sen Xudo bilan teskarisan?
Nimaga ogʻzingdan shunday soʻzlar chiqyapti?
14 Inson oʻzi nedirki, pok boʻla olsa?!
Ayol zotidan tugʻilgan inson qanday qilib solih boʻla oladi?!
15 Xudo hatto Oʻz farishtalariga ham ishonmaydi,
Hatto samo ham Uning nazarida pok emas.
16 Shunday ekan, qabih va buzuq inson qanchalik tuban,
Axir, inson yovuzlikni suvday ichib yuboradi–ku!

17 Quloq sol, men senga tushuntiraman,
Koʻrganimni aytib beraman.
18 Senga donishmandlarning gaplarini aytaman.
Ular ajdodlaridan oʻrganib, yashirmasdan aytganlarini soʻzlab beraman.
19 Faqat oʻsha dono insonlarga yurt berilgan edi,
Ularning orasida begonalar yoʻq edi.

20 Fosiqlarning butun umri azob bilan oʻtadi,
Zoʻravonlarga berilgan barcha yillar sanoqlidir.
21 Dahshatli tovushlar quloqlariga tinchlik bermaydi.
Farovonlik chogʻida ham ularning ustiga bosqinchi bostirib keladi.
22 Fosiqlar zulmatdan qochib qutulishga umid qilmaydilar,
Ularning peshanasiga qilichdan oʻlish yozilgan.
23 Ular non izlab daydib yuradilar ,
Zulmat kuni yaqinligini biladilar.
24 Qoʻrquv va qaygʻu ularni dahshatga soladi,
Urushga tayyorlanayotgan shohday, vahimada yashaydilar.
25 Ular qoʻllarini Xudoga qarshi koʻtargani,
Qodir Xudoga boʻysunmaganlari uchun shunday boʻladi.
26 Mustahkam qalqonlarini koʻtarib,
Oʻjarlik bilan Unga qarshi chiqadilar.
27 Chunki ular semirib, yuzlari yiltirab ketgan,
Qorniyu bellarini yogʻ bogʻlab ketgan.
28 Ular vayrona shaharlarda yashaydilar.
Qulab tushay deb turgan,
Hech kim yashamaydigan uylarda turadilar.
29 Ular boyligicha qolavermaydilar, boyliklari abadiy emas.
Mol–dunyosi yer yuzidan yoʻq boʻlib ketadi.
30 Ular zulmatdan qochib qutula olmaydilar.
Ha, ular shoxlari yongan daraxtga oʻxshaydilar.
Xudoning nafasi ularni uchirib yuboradi.
31 Behuda narsalarga umid bogʻlab, oʻzlarini aldamasinlar,
Ularning mukofoti oʻsha behuda narsalar boʻladi.
32 Vaqti–soati yetmay turib, ular toʻliq jazo oladilar,
Novdalari gullab–yashnamaydi.
33 Uzumlari pishmay turib uzib olingan tokday,
Gullari toʻkilib, meva tugmagan zaytun daraxtiday boʻlib qoladilar.
34 Betavfiqlar toʻdasi biror avlod qoldirmay oʻtib ketadi,
Poraxoʻrlarning chodirlarini olov yondirib yuboradi.
35 Fosiqlar buzuqlikka homilador boʻlib, yovuzlik tugʻadilar,
Yuraklarida faqat yolgʻon tugʻiladi.”