27–BOB
Egamizga keltiriladigan inʼomlar toʻgʻrisidagi qonun
1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar birortangiz ont ichib, Egamizga biror odamni bagʻishlagan boʻlsangiz, ontingizni ado etish uchun quyidagi qiymatni toʻlang:
3 20 dan 60 yoshgacha boʻlgan erkak uchun 50 boʻlak kumush ,
4 20 dan 60 yoshgacha boʻlgan ayol uchun 30 boʻlak kumush ,
5 5 dan 20 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bola uchun 20 boʻlak kumush ,
5 dan 20 yoshgacha boʻlgan qiz bola uchun 10 boʻlak kumush ,
6 1 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bola uchun 5 boʻlak kumush ,
1 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan qiz bola uchun 3 boʻlak kumush ,
7 60 va undan yuqori yoshdagi erkak uchun 15 boʻlak kumush ,
60 va undan yuqori yoshdagi ayol uchun 10 boʻlak kumush.
8 Agar ont ichgan odam nochorligidan belgilangan qiymatni toʻlay olmasa, u Egamizga bagʻishlagan odamini ruhoniyning oldiga olib kelsin. Ruhoniy ont ichgan odamning ahvoliga yarasha qiymatni belgilasin.
9 Agar siz ont ichib, qurbonlik qilishga yaraydigan jonivorni Egamizga bagʻishlagan boʻlsangiz, Egamizga atalgan bu jonivor muqaddas hisoblansin. 10 Bunday jonivorni boshqasiga almashtirib boʻlmaydi. Yaxshisini yomoniga yoki yomonini yaxshisiga ayirboshlamang. Jonivorning birini boshqasiga almashtiradigan boʻlsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin. 11 Agar Egamizga qurbonlik qilishga yaramaydigan, harom hayvonni atagan boʻlsangiz, oʻsha hayvonni ruhoniy oldiga olib keling. 12 Ruhoniy hayvonning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab bahosini belgilasin va uning qiymati ruhoniy belgilaganday boʻlsin. 13 Bordi–yu, siz atagan hayvoningizni qaytarib olmoqchi boʻlsangiz, ruhoniy tomonidan belgilangan qiymat ustiga oʻsha qiymatning beshdan bir qismini qoʻshib bering.
14 Agar odam Egamizga oʻz uyini bagʻishlasa, ruhoniy uyni baholasin, uyning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab qiymatini belgilasin va uning qiymati ruhoniy belgilaganday boʻlsin. 15 Mabodo uyni bagʻishlagan odam uyini qaytarib olmoqchi boʻlsa, u ruhoniy belgilagan qiymat ustiga qiymatning beshdan bir qismini qoʻshib bersin. Shunda uy yana uniki boʻladi.
16 Agar odam meros qilib olgan yerini Egamizga bagʻishlamoqchi boʻlsa, yerning qiymati u yerga ekiladigan urugʻning miqdoriga koʻra belgilansin. Oʻn savat urugʻlik arpaning bahosi ellik boʻlak kumush boʻlsin. 17 Agar dala Qutlugʻ yili bagʻishlangan boʻlsa, dalaning qiymati belgilangan bahoda qolsin. 18 Bordi–yu, dala Qutlugʻ yildan keyin bagʻishlangan boʻlsa, ruhoniy dalaning qiymatini keyingi Qutlugʻ yilgacha qolgan yillarning soniga koʻra, belgilasin. Dalaning asl qiymati kamaytirilsin. 19 Dalani bagʻishlagan odam dalasini qaytarib olmoqchi boʻlsa, u belgilangan qiymat ustiga dala qiymatining beshdan bir qismini qoʻshib bersin. Shunda dala yana uniki boʻladi. 20 Bordi–yu, u dalasini qaytarib sotib olmasa va dala boshqa birovga sotilgan boʻlsa, dalaning egasi oʻz dalasini qaytarib sotib olish huquqidan mahrum qilinsin. 21 Keyingi Qutlugʻ yil kelganda bu dala Egamizga tamomila bagʻishlangan boʻlib, muqaddas hisoblanadi. Dala ruhoniylarga qarashli boʻladi.
22 Agar biror odam sotib olgan, yaʼni meros boʻlib qolmagan dalasini Egamizga bagʻishlasa, 23 ruhoniy dalaning qiymatini Qutlugʻ yilgacha qolgan yillar soni asosida belgilasin. U odam ruhoniy belgilagan qiymatni oʻsha kuniyoq Egamizga ehson sifatida keltirsin. 24 Qutlugʻ yil esa dala merosxoʻrga — kimdan sotib olingan boʻlsa, oʻsha odamga qaytarib berilsin. 25 Har qanday narsaning qiymatini belgilashda Muqaddas chodirda ishlatiladigan kumush birligi asos qilib olinsin. Har bir kumush boʻlagining ogʻirligi 2,5 misqol boʻlsin.
26 Molu qoʻylaringizning birinchi tugʻilgan bolalarini Egamizga bagʻishlamang, ular shusiz ham Egamizga tegishlidir. 27 Harom hayvonning toʻngʻich bolasini qaytarib sotib olishingiz mumkin. Buning uchun belgilangan qiymatni toʻlab, buning ustiga qiymatning beshdan bir qismini qoʻshib bering. Agar uni qaytarib sotib olmasangiz, ruhoniy uni boshqa birovga belgilagan qiymatga sotib yuborishi mumkin.
28 Egamizga tamomila bagʻishlangan har qanday odamni, jonivor yoki meros qilib olingan yerni qaytarib sotib olish yoki sotib yuborish mumkin emas. Egamizga tamomila bagʻishlangan har qanday narsa Egamizga abadiy tegishli hisoblanadi. 29 Hatto Egamizga tamomila bagʻishlangan odamni ham qaytarib sotib olishingiz mumkin emas. Uni oʻldirishingiz lozim.
30 Yer hosilidan va daraxt mevalaridan olingan ushr ham Egamiznikidir. Bular Egamiz uchun muqaddasdir. 31 Agar birortasi ushrini qaytarib sotib olmoqchi boʻlsa, ushrning qiymati ustiga qiymatning beshdan bir qismini qoʻshib bersin. 32 Poda va suruvingizdan olingan ushrni — sanalgan har oʻninchi jonivorni Egamizga bagʻishlang. 33 Ushr qilib olingan jonivorni tanlamang, uni yaxshisi yoki yomoniga almashtirmang. Agar almashtiradigan boʻlsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin, ularni qaytarib sotib olishingiz mumkin emas.
34 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay togʻida bergan amrlar shulardan iborat edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020