5–BOB
Uzumzor qoʻshigʻi
1 Qoʻshiq aytay suyukligimga,
Aytay muhabbat qoʻshigʻimni
Uning uzumzori haqida.
Suyganimning uzumzori bor edi
Tuprogʻi unumli tepalikda.
2 Yerni agʻdarib, toshlardan tozaladi,
Oʻtqazdi eng sara uzum tokini,
Qorovul minorasini oʻrtaga qurdi.
Uzum siqish chuqurini tayyorladi,
Uzumlarning pishishini U kutdi,
Ammo hosil ituzum boʻldi.
3 Endi, ey Quddus ahli, Yahudo xalqi,
Hakam boʻling Men bilan uzumzorim oʻrtasida.
4 Yana nima qilishim kerak edi uzumzor uchun?
Unga qilmaganim yana ne qoldi?!
Uzumlarning pishishini kutganimda,
Nega hosil ituzum boʻldi?!
5 Endi Men sizlarga aytaman
Nima qilishimni uzumzorimni.
Chetan devorini olib tashlayman,
Hamma bor narsasi yeb bitirilsin.
Uning devorini buzib tashlayman,
Uzumzorim payhon qilinsin.
6 Men uni xarobazor qilaman,
Endi toklarim butalmaydi,
Yeri hech yumshatilmaydi.
Tikanlar, changalzor bilan qoplansin,
Bulutlarga ham amr beraman,
Uzumzorimga yomgʻir yogʻdirmasin.
7 Sarvari Olamning uzumzori — Isroil xalqi,
Egamning xush koʻrgan koʻchati — Yahudo odamlari.
Ulardan toʻgʻrilik kutgandi, qotillik koʻrdi,
Ulardan adolat kutgandi, faryod eshitdi.
Ishayo adolatsizlikni qoralaydi
8 Ey koʻplab uy sotib oladiganlar!
Holingizga voy!
Ey dalasiga yana dala qoʻshib oladiganlar!
Holingizga voy,
Ha, boshqalarga joy qoldirmaysiz,
Endi bu yurtda yolgʻiz oʻzingiz qolib ketasiz.
9 Sarvari Olamning soʻzi ayon boʻldi menga:
“Koʻplab uylar, shubhasiz, xarob boʻladi,
Katta, chiroyli uylar kimsasiz qoladi.
10 Yigirma tanob uzumzor ikki koʻza sharob beradi,
Oʻn savat urugʻ arang bir savat hosil beradi.”
11 Holingizga voy, ey erta tongda turib,
Oʻtkir ichimlik ortidan quvadiganlar!
Holingizga voy, ey tunda allamahalgacha
Sharob ichib qiziydiganlar!
12 Ziyofatlaringizda lira, arfa,
Childirma, nay chalinar, sharob ichilar!
Biroq Egamning ishlarini anglamaysizlar,
Uning qoʻllari ijodini koʻrmaysizlar!
13 Shu bois, xalqim Meni bilmagani tufayli surgunga ketdi.
Amaldorlari ochlikdan oʻlib ketdi,
Koʻplari tashnalikdan oʻrtanib yondi.
14 Ha, behad ochilib ketdi
Oʻliklar diyorining ishtahasi,
Cheksiz ochilib ketdi uning ogʻzi,
Tushib ketdi u yerga Quddusning obroʻsi,
Oʻliklar diyoriga ketdi koʻp odami,
Shovqin–suroni, yuksalgani ham.
15 Shunday qilib, inson sharmanda boʻldi,
Odamzod tiz choʻktirildi,
Kiborlarning koʻzlari yerga qaradi.
16 Biroq Sarvari Olam adolati ila yuksaladi.
Mana, Muqaddas Xudo odilligi ila
Muqaddasligini koʻrsatdi.
17 Qoʻzilar oʻtlaydi endi oʻzlarining
Yaylovida oʻtlaganday,
Sarson boʻlib yurgan boʻrdoqilar
Yeb toʻyadi vayronalarda .
18 Holingizga voy! Ey yolgʻonni arqon qilib
Ayblarini tortib keladiganlar!
Ey aravaning arqoni bilan
Gunohlarini sudrab keladiganlar!
19 Sizlar aytasiz: “Qani, tez boʻlsin,
Qiladiganini darrov qilsin,
Toki biz buni koʻraylik.
Isroil xalqining Muqaddas Xudosining maqsadi
Zudlik bilan amalga oshsin,
Toki biz buni bilib olaylik.”
20 Holingizga voy, ey yomonni yaxshi,
Yaxshini yomon deb aytadiganlar,
Zulmatni nur bilan,
Nurni esa zulmat bilan almashtiradiganlar!
Ey achchiqni shirin,
Shirinni achchiq deydiganlar!
21 Holingizga voy, ey oʻzini dono deb bilganlar,
Oʻzlarini idrokli deb hisoblaganlar!
22 Holingizga voy, ey sharob ichishda
Qahramon boʻlganlar,
Ichkilikni aralash–quralash ichishda
Bahodirlik koʻrsatganlar.
23 Pora evaziga aybdorni haq deb topganlar,
Solihlarning toʻgʻriligini inkor qiladi ular!
24 Shu bois alanganing tili somonni yutganday,
Ularning ildizi chirib ketadi,
Quruq xashak olovda kuyib bitganday,
Ularning gʻunchasi changday uchib ketadi.
Sarvari Olamning taʼlimotini ular rad qildi,
Isroil xalqining Muqaddas Xudosining soʻzidan nafratlandi.
25 Ha, Egamning gʻazabi Oʻz xalqiga qarshi alangalandi,
U xalqqa qarshi qoʻl koʻtarib, ularni urdi.
Shunda togʻlar larzaga keldi,
Koʻchalarda jasadlar axlat boʻldi.
Shunda ham Egam gʻazabidan tushmadi,
Uning qoʻli hamon
Isroilga qarshi koʻtarilgancha turardi.
Xudo, Isroilga hujum qilsin deb, begona xalqlarni olib keladi
26 Uzoqdagi xalqlarga Egam belgi beradi,
Yerning chetidagi xalqlarga ishora yuboradi.
Ana, ular kelayotir bu yerga tez, shiddat ila!
27 Ular na charchaydi, na yiqiladi,
Na mudraydi, yo na uxlaydi,
Na kamari boʻshaladi,
Na chorigʻining iplari uziladi.
28 Ularning oʻqlari oʻtkirlangan,
Hamma yoylari tortib bogʻlangan,
Otlarining tuyoqlari chaqmoqtoshga oʻxshar,
Aravalarining gʻildiraklari quyun kabidir.
29 Ular sherga oʻxshab boʻkiradi,
Yirtqich sher kabi oʻkiradi,
Oʻkirib, oʻljasini ushlaydi, olib ketadi,
Hech kim uni qutqarib ololmaydi.
30 Oʻsha kuni guvullagan dengizga oʻxshab
Yurt uzra oʻkirish eshitiladi.
Ana yurtga qarang!
Zulmat va kulfat,
Bulutlar tufayli nur xira boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020