17–BOB
Burgutlar va uzum haqida matal
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil xalqiga quyidagi bir matalni aytib ber. 3 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bahaybat, baroq patli, chipor bir burgut ulkan qanotlarini keng yoyib, Lubnon togʻlariga uchib keldi. U sadr daraxtining uchini ushlab, 4 uchidagi bir shoxchasini sindirib oldi. Soʻng uni savdogarlar shahriga olib borib, u yerga oʻtqazdi. 5 Keyin Isroil yurtidan olib kelgan tok qalamchasini unumdor yerga ekdi. Uni serob suvlar boʻyiga majnuntolday oʻtqazdi. 6 Qalamcha unib, yerda yoyilgan sernovda uzum tokiga aylandi. Uning novdalari burgut tomon choʻzildi, tagidagi ildizlari yerga chuqur yoyildi. U tokka aylandi, novdalari gurkirab oʻsdi, barra yaproqlar chiqardi.
7 Keyin boshqa bahaybat bir burgut uchib keldi. Bu ulkan qanotli burgut qalin pat bilan qoplangan edi. Shunda tok, kelgan burgut meni sugʻorar, deya oʻsgan joyidan ildizlarini burgut tomon choʻzdi, novdalarini u tomon uzatdi. 8 Ammo tok allaqachon serob suvlar boʻyidagi unumdor yerda oʻsayotgan edi. U unib chiqqan edi, moʻl hosil berishga, koʻrkam uzum toki boʻlib yetishishga imkoniyati bor edi.»
9 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu tok endi gurkirab oʻsarmikan?! Tokni ekkan burgut uni ildizi bilan sugʻurib tashlamaydimi?! Uzumlarini uzib, barra yaproqlarini quritib yubormaydimi?! Ha, tokni sugʻurib tashlash uchun katta kuch yoki qudratli lashkar kerak emas. 10 Bordi–yu, tokni boshqa bir joyga koʻchirib oʻtqazsa, u yana koʻkararmikan?! Yoʻq, garmsel uni batamom qovjiratib yuboradi–ku. Tok oʻsgan joyida soʻlib qoladi–ku.»”
Matalning maʼnosi
11 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 12 “Bu isyonkor Isroil xalqiga shunday deb ayt: «Matalning maʼnosini tushundingizmi? Men sizlarga maʼnosini aytib beray: Bobil shohi Quddusga bostirib keldi, u yerdagi shohu aʼyonlarni oʻzi bilan Bobilga olib ketdi. 13-14 Soʻng shoh oilasiga mansub boʻlgan bir kishini tanladi. Unga qasam ichdirib, u bilan bir sulh tuzdi. Isroil xalqi itoatkor boʻlsin, isyon koʻtarmasin, sulhga rioya qilgani uchun omon qolsin deb, Bobil shohi yurtdagi barcha nufuzli odamlarni oʻzi bilan olib ketdi. 15 Ammo yangi tanlangan Isroil shohi Bobilga qarshi isyon koʻtardi. U Misr shohi huzuriga choparlar joʻnatdi, undan koʻmak uchun otlaru lashkar soʻradi. U muvaffaqiyat qozonarmikan?! Bunday ish qilgan odam jazosiz qolarmikan?! Sulhni buzgan kishi jazodan qochib qutularmikan?! 16 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, bunday shoh Bobilda jon beradi. Garchi Bobil shohi uni taxtga chiqargan boʻlsa–da, u Bobil shohi bilan tuzgan sulhni buzdi, ichgan qasamini nazar–pisand qilmadi. 17 Shu sababdan Bobil shohi Quddusdagi koʻp odamlarni qatl qilish uchun shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi , qamal inshootlarini qurdiradi. Shunda Isroilga hatto firʼavnning qudratli lashkari ham yordam bera olmaydi. 18 Chunki Isroil shohi ichgan qasamidan qaytdi, tuzgan sulhni buzdi. U Bobil shohiga soʻz bergan boʻlsa–da, ana shu ishlarni qildi! Mana endi u qochib qutula olmaydi! 19 Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, ahdimni buzgan, Mening nomim bilan ichgan qasamidan qaytgan bu odam jazosiz qolmaydi. 20 Men uning ustiga toʻr tashlayman, uni Oʻz tuzogʻimga tushiraman. Menga xiyonat qilgani uchun uni Bobilga olib borib, u yerda adabini beraman. 21 Uning qochayotgan jangchilari qilichdan halok boʻladilar, omon qolganlari dunyoning toʻrt tomoniga tarqalib ketadilar. Shunda sizlarga bu soʻzlarni aytgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
Xudoning umidbaxsh vaʼdasi
22 Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, baland sadr daraxtining uchidan nozik bir novdani olaman. Ulkan toqqa chiqib, uni oʻtqazaman. 23 Ha, Isroil togʻining choʻqqisiga ekaman. Novda butoq chiqarib, hosilga kiradi, koʻrkam sadr daraxti boʻlib yetishadi. U yerda har xil qushlar yashaydi, turli parrandalar daraxtning shoxlari soyasida panoh topadi. 24 Ana oʻshanda dashtdagi hamma daraxtlar Egangiz Men ekanligimni bilib oladi. Zotan, ulkan daraxtlarni yiqitadigan Menman. Past daraxtlarni baland qilib, oʻstiradigan ham Menman. Koʻkarib turgan daraxtni qovjiratadigan ham, qovjiragan daraxtni koʻkartiradigan ham Menman. Bularni Men, Egangiz, aytdim! Aytganlarimning hammasini Oʻzim amalga oshiraman.»”