11–BOB
1 Giladlik Yiftox dovyurak jangchi edi. Uning otasi Gilad, onasi esa fohisha bir ayol edi. 2 Giladning xotini ham unga oʻgʻillar tugʻib bergan edi. Ular ulgʻaygach, Yiftoxga: “Otamizdan qolgan merosga sening hech qanday haqing yoʻq! Bor, yoʻqol! Sen boshqa ayolning bolasisan”, deya haydagan edilar. 3 Yiftox aka–ukalaridan qochib, Tov yurtiga borgan edi. Oʻsha yerda oʻrnashib olganidan soʻng, atrofiga yaramas odamlarni toʻplab, bosqinchilik qila boshlagan edi.
4 Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qildi. 5 Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qilganda, Gilad oqsoqollari Yiftoxni olib kelgani Tov yurtiga joʻnadilar.
6 Ular Yiftoxga:
— Biz bilan yura qol, — dedilar. — Ommon xalqi bilan jang qilganimizda bizga rahnamolik qilgin.
7 — Sizlar meni mensimay otamning uyidan haydagan edingiz–ku! — deya zarda qildi ularga Yiftox. — Nima uchun endi boshingizga kulfat tushganda mening oldimga keldingizlar?
8 — Boʻlar ish boʻldi endi, — deyishdi Gilad oqsoqollari. — Biz sening oldingga bosh egib keldik, biz bilan borib Ommon xalqiga qarshi jang qil, Giladliklarga oʻzing bosh boʻl.
9 Yiftox Gilad oqsoqollariga shunday dedi:
— Xoʻp, mayli, sizlarga qoʻshilib, Ommon xalqiga qarshi jang qildim ham deylik. Bordi–yu, Egam dushmanlarni qoʻlimga bersa, men sizlarga hukmronlik qilaman.
10 Gilad oqsoqollari esa Yiftoxni ishontirib:
— Xudo shohid, hammasi aytganingday boʻladi, — dedilar.
11 Yiftox Gilad oqsoqollari bilan ketdi. Xalq uni hokim va lashkarboshi qilib tayinladi. Yiftox esa qoʻygan shartlarini Mispaxda Egamizning huzurida qayd qildi.
12 Yiftox Ommon shohiga choparlarni yuborib dedi: “Oramizda nima boʻlib oʻtgan ediki, sen mening yurtimga jang qilib kelding?” 13 Ommon shohi Yiftox choparlariga shunday javob berdi: “Isroil xalqi Misrdan chiqib kelganda, janubdagi Arnon soyligidan to shimoldagi Yavoq daryosigacha va gʻarbdagi Iordan daryosigacha boʻlgan hamma yerlarimni tortib olgan edi. Borib Yiftoxga aytinglar, yerlarimni menga tinchgina qaytarib bersin.”
14 Yiftox yana choparlarini Ommon shohiga yuborib 15 dedi:
“Isroil xalqi na Moʻab, na Ommon yerlarini tortib olgan. 16 Ular Misrdan chiqqandan keyin, Qizil dengiz tomon sahrodan yurib, Kadeshga kelgan edilar. 17 Shunda Edom shohi huzuriga elchilar joʻnatib, Edom yurti orqali oʻtib ketishga ijozat soʻradilar. Ammo Edom shohi quloq solmadi. Ular Moʻab shohidan ham ijozat soʻradilar, biroq u ham rozi boʻlmagandan keyin, Kadeshda qoldilar. 18 Keyin ular sahroga yoʻl olib, Edom va Moʻab yurtlarini aylanib oʻtdilar. Moʻab hududining sharqiy chegarasi boʻylab yurib, qarorgohni Arnon soyligining narigi qirgʻogʻida qurdilar. Arnon soyligi Moʻabning chegarasi boʻlgani uchun, ular daryodan oʻtmadilar, Moʻab yurtiga oyoqlarini ham bosmadilar.
19 Soʻng elchilarini Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻn oldiga yuborib, hududingizdan yurtimizga oʻtib ketaylik, deb ijozat soʻradilar. 20 Ammo shoh Sixoʻn rozi boʻlmadi. U barcha odamlarini yigʻdi–da, qarorgohini Yaxazda joylashtirib, Isroil xalqiga hujum qildi. 21 Ammo Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Sixoʻnni barcha odamlari bilan Isroil xalqining qoʻliga berdi. Shuning uchun Isroil xalqi oʻsha yurtda istiqomat qilgan Amor xalqining barcha yerlarini qoʻlga kiritdi. 22 Ular Arnondan Yavoqqacha, sahrodan Iordangacha boʻlgan Amor xalqining barcha yerlariga ega boʻldilar. 23 Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Oʻzi bu yerlarni Amor xalqidan tortib olib, Oʻzining xalqi Isroilga berdi. Shunday ekan, ularni qaytarib olishga sening hech qanday haqing yoʻq. 24 Undan koʻra, xudoying Xamoʻsh bergan narsalarga egalik qil! Biz esa Egamiz Xudo bizga bergan hamma narsaga egalik qilamiz!
25 Nima, sening Zippur oʻgʻli Boloqdan ortiq joying bormidi?! U Moʻab shohi boʻla turib, Isroil xalqi bilan biron marta ham tortishgan emas. Biron marta ham bizga qarshi jang qilgan emas.
26 Isroil xalqi uch yuz yildan beri Arnon soyligining boʻyidagi shaharlarda, Xashbon, Aror va ularning atrofidagi qishloqlarda yashab kelmoqda. Nima uchun shu paytgacha oʻsha yerlarni qaytarib olmading?! 27 Men senga hech qanday yomonlik qilmadim, sen esa menga qarshi jang qilmoqchi boʻlib notoʻgʻri ish qilyapsan. Xudoga soldim, Uning Oʻzi bugun kim haq, kim nohaq ekanini koʻrsatsin.”
28 Ammo Ommon shohi Yiftoxning soʻzlarini eshitishni ham xohlamadi.
29 Egamizning Ruhi Yiftoxni qamrab oldi. Yiftox Gilad va Manashe yerlaridan oʻtib, Giladdagi Mispax shahriga yetib bordi. U yerdan yoʻlida davom etib, Ommon yurti tomon yurdi. 30 Soʻng qasam ichib, Egamizga dedi: “Agar jangda Ommon xalqini yengishimga yordam bersang, 31 uyimga eson–omon qaytib borganimdan soʻng meni qarshilab chiqqan birinchi tirik jonni Senga qurbonlik qilib kuydiraman.” 32 Yiftox lashkari bilan Ommon xalqining ustiga bostirib borib, jang qildi. Egamiz Ommon xalqini Yiftoxga taslim qildi. 33 Yiftox Arordan Minnit atrofigacha boʻlgan yigirmata shaharni va Ovil–Karomgacha boʻlgan barcha qishloqlarni vayron qildi. Katta talafot koʻrgan Ommon xalqi Isroil xalqiga boʻysundi.
Yiftoxning qizi
34 Yiftox Mispaxdagi oʻz uyiga qaytib kelganda, qizi childirma chalib oʻynaganicha, uni qarshilab chiqdi. Bu qiz uning yolgʻiz farzandi edi. 35 Yiftox uni koʻrgach, qaygʻu–alamdan kiyimlarini yirtib:
— Voy qizim! Nima qilib qoʻyding?! — dedi. — Yurak–bagʻrimni qon qilding–ku! Men Egamizga qasam ichgan edim, endi soʻzimni qaytib ololmayman!
36 — Otajon, — dedi qizi, — Egamizga soʻz bergan boʻlsangiz, zinhor soʻzingizdan qaytmang, chunki Egamiz sizga dushmaningiz — Ommon xalqi ustidan gʻalaba berdi. 37 Mening esa birgina tilagim bor. Menga ikki oy muhlat bersangiz, men dugonalarim bilan toqqa chiqib, u yerda yoshligim xazon boʻlganidan qaygʻuray. Chunki men endi hech qachon turmushga chiqmayman.
38 Yiftox unga ijozat berib, ikki oyga toqqa joʻnatib yubordi. Qiz dugonalari bilan toqqa chiqib, qaygʻurib yigʻladi. 39 Ikki oy oʻtgach, otasining yoniga qaytib keldi. Yiftox Egamizga bergan vaʼdasiga vafo qildi. Qiz bokira edi.
Shundan keyin Isroilda bir odat paydo boʻldi: 40 har yili Isroil qizlari togʻlarga chiqib, toʻrt kun davomida Giladlik Yiftoxning qizi uchun motam tutadigan boʻlishdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020