4–BOB
Levi qabilasidan boʻlgan Qohot urugʻining burchlari
1 Muso bilan Horunga Egamiz yana dedi: 2 “Endi Levi qabilasidan boʻlgan Qohot avlodini urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiq. 3 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlganlarni sana. 4 Qohot urugʻining xizmati Uchrashuv chodirining eng muqaddas ashyolari bilan bogʻliq boʻladi.
5 Yoʻlga chiqqaningizda, Horun va uning oʻgʻillari Chodirga kirib, Ahd sandigʻini toʻsib turadigan ichki pardani yechishsin. Oʻsha parda bilan Sandiqni yopishsin. 6 Soʻng uning ustidan yumshoq teridan qilingan yopinchiq tashlashsin. Yopinchiq ustidan esa sidirgʻa koʻk choyshab tashlashsin. Soʻng xodalarni joy–joyiga oʻrnatishsin. 7 Keyin muqaddas nonlar qoʻyiladigan xontaxtaga koʻk choyshab toʻshashsin. Xontaxtaga lagan, piyola, sharob nazr qilish uchun kosa va koʻzalar qoʻyishsin. Xontaxta ustida muqaddas nonlar doimo tursin. 8 Bu narsalarning ustidan qirmizi choyshab tashlashsin. Keyin yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, xodalarni joy–joyiga oʻrnatishsin. 9 Soʻng koʻk choyshab bilan chiroqpoyani, uning moychiroqlarini, qisqichlarini, patnislarini va zaytun moyi solingan hamma idishlarini yopib qoʻyishsin. 10 Soʻng bularning ustidan yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, zambilga solishsin. 11 Oltin qurbongoh ustiga koʻk choyshab tashlab, uning ustini yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopishsin va xodalarni joy–joyiga oʻrnatishsin. 12 Keyin Muqaddas xonada ishlatiladigan buyumlarni olib, koʻk choyshab ustiga qoʻyishsin. Soʻng ustini yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan yopib, zambilga solishsin. 13 Bronza qurbongohni kuldan tozalab, uni safsar rangdagi choyshab bilan yopishsin. 14 Soʻng qurbongohda ishlatilgan hamma buyumlarni — olovkurak, sanchqi, kurak, togʻorachalarni qurbongoh ustiga qoʻyishsin. Yumshoq teridan qilingan yopinchiq bilan qurbongohni yopib, xodalarni joy–joyiga oʻrnatishsin. 15 Horun va uning oʻgʻillari Muqaddas chodirdagi jihozlarni va buyumlarni yopib boʻlganlaridan keyin, yoʻlga chiqish vaqti boʻlganda, Qohot urugʻi bu ashyolarni koʻtarib borsin. Lekin ular bu muqaddas ashyolarga qoʻl tekkizmasin, aks holda, ular oʻladilar. Demak, Qohot urugʻi Uchrashuv chodiridagi ashyolarni koʻtarib boradi.
16 Ruhoniy Horun oʻgʻli Elazar chiroqpoya uchun zaytun moyi, xushboʻy tutatqi, kundalik don nazri va muqaddas qiladigan moyga masʼul boʻladi. Xullas, butun Muqaddas chodir va u yerdagi hamma narsalar, muqaddas jihozlar va buyumlar Elazar nazorati ostida boʻladi.”
17 Egamiz Muso bilan Horunga yana dedi: 18 “Levi qabilasi orasidan Qohot urugʻining qirilib ketishiga yoʻl qoʻymanglar. 19-20 Qohot urugʻidan boʻlgan har bir odamga xizmat vaqtida nima qilishini va nimani koʻtarib borishini Horun va uning oʻgʻillari aytishsin. Muqaddas ashyolarga bir lahza boʻlsa ham qaragani Qohot urugʻi Chodirga kirmasligi kerak. Shunda Qohot urugʻidagi erkaklar eng muqaddas ashyolarga yaqin kelganlarida, oʻlmay tirik qolishadi.”
Levi qabilasidan boʻlgan Gershon urugʻining burchlari
21 Soʻng Musoga Egamiz shunday dedi: 22 “Gershon avlodini ham urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiq. 23 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlganlarini sana. 24 Gershon urugʻining xizmati va koʻtaradigan yuklari quyidagilardan iborat boʻladi:
25 Ular Muqaddas chodirning ichki qavatini, Chodirning qoplamasi va yumshoq teridan qilingan tashqi qoplamani, Chodirga kiraverishdagi pardani, 26 Chodir bilan qurbongoh atrofini toʻsib turadigan pardalarni, hovliga kiraverishdagi pardani va unga tegishli arqonlar va hamma buyumlarni koʻtarib borishlari lozim.
Bu ashyolar bilan aloqador ishlarning hammasini Gershon urugʻi bajarsin. 27 Horun va uning oʻgʻillari Gershon urugʻining xizmatini, tashiydigan yuklarini va bajaradigan vazifalarini toʻliq nazorat qilib turishsin. Gershon urugʻi ularning aytganlarini qilib, aytgan yuklarni koʻtarishsin.
28 Gershon urugʻining Uchrashuv chodirida qiladigan xizmati mana shulardan iboratdir. Ular ruhoniy Horun oʻgʻli Itamarning nazorati ostida xizmat qilishadi.
Levi qabilasidan boʻlgan Marori urugʻining burchlari
29 Endi Marori avlodini urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiq. 30 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlganlarini sana. 31 Ularning Uchrashuv chodiridagi vazifasi quyidagi ashyolarni koʻtarib yurishdan iborat boʻladi: Chodirning romlarini, tambalarini, ustunlar va ustun tagliklarini, 32 hovlining atrofidagi ustunlar va ustun tagliklarini, qoziq va arqonlarini, ularga tegishli hamma buyumlarni. Qaysi odam qaysi narsani koʻtarib borishini aniq belgilanglar. 33 Marori urugʻining Uchrashuv chodirida qiladigan ishlari mana shulardan iboratdir. Ular ruhoniy Horun oʻgʻli Itamarning nazorati ostida xizmat qilishadi.”
Levi qabilasi sanab chiqiladi
34 Muso, Horun va jamoaning yoʻlboshchilari Qohot avlodini urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiqishdi. 35 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli, oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklarning soni 36 2750 ta chiqdi. 37 Qohot urugʻining Uchrashuv chodirida xizmat qiladiganlari ana shular edi. Muso orqali Egamiz bergan amrga koʻra, Muso bilan Horun ularni sanadi.
38 Gershon avlodi ham urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiqildi. 39 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha erkaklarning soni 40 2630 ta chiqdi. 41 Gershon urugʻining Uchrashuv chodirida xizmat qiladiganlari ana shular edi. Egamizning amriga koʻra, Muso bilan Horun ularni sanadi.
42 Marori avlodi ham urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiqildi. 43 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga yaroqli oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha erkaklarning soni 44 3200 ta chiqdi. 45 Marori urugʻi ana shular edi. Muso orqali Egamiz bergan amrga koʻra, Muso bilan Horun ularni sanadi.
46 Shunday qilib, Muso, Horun va Isroil yoʻlboshchilari Levi qabilasini urugʻi va xonadoni boʻyicha sanab chiqishdi. 47 Uchrashuv chodirida xizmat qilishga va Chodir ashyolarini koʻtarishga yaroqli, oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklarning 48 umumiy soni 8580 ta chiqdi. 49 Ular Muso orqali Egamiz bergan amrga koʻra, har bir odamga qiladigan ishlarini va koʻtarib boradigan buyumlarini taqsimlab berishdi. Musoga Egamiz amr etganday, hamma odam roʻyxatga olindi.