5–BOB
Xudo Baytlahmlik Hukmdorni vaʼda qiladi
1 Ey Quddus, yiqqin lashkaringni!
Gʻanimlar bizni qurshovga oldi!
Ular Isroil hukmdorining betiga tayoq bilan uradi .
2 Ammo Egamiz demoqda:
“Ey Efratdagi Baytlahm,
Sen Yahudoning mitti shahri boʻlsang ham,
Isroilni Men uchun boshqaradigan zot sendan chiqadi .
Uning nasabi qadimlarga borib taqaladi.”
3 Ha, Egamiz Isroil xalqini bir muddatga dushmanlarga taslim qiladi,
Ammo bu hol uzoq davom etmaydi.
Homilador ayolning koʻzi yoriganda,
Boʻlgʻusi hukmdorning birodarlari surgundan qaytadi.
Ular Isroil xalqi bilan birlashadi.
4 Egamizning qudrati ila oʻsha hukmdor suruvini boqadi,
Oʻz Egasi Xudoning ulugʻvorligi ila ularni boshqaradi.
Isroil xalqi xatarsiz yashaydi,
Axir, hukmdorining dovrugʻi butun dunyoga yoyiladi.
5-6 Oʻsha zot tinchlik oʻrnatuvchi boʻladi.

Mabodo Ossuriyaliklar
Yurtimizga bostirib kelsa,
Chegaramizga qadam bossa,
Hukmdorimiz bizni himoya qiladi.
Ha, Ossuriyaliklar
Yurtimizga bostirib kelsa,
Qalʼalarni ular yorib oʻtsa,
Biz ularga qarshi yetti yoʻlboshchini tanlaymiz,
Hatto sakkiz rahnamoni tayinlaymiz.
Ular qilich koʻtarib, Ossuriya ustidan hukmronlik qilishadi,
Nimroʻdning yerida oʻz hukmini oʻtkazishadi.

7 Koʻp xalqlar orasida
Yoqub naslining omon qolganlari
Egamiz osmondan tushiradigan
Shudringday boʻlishadi,
Maysalarni sugʻoradigan
Yomgʻirga oʻxshagan boʻlishadi.
Ularni hech kim toʻxtata olmaydi,
Ular dushmanlari ustiga bostirib borishadi.
8 Ha, koʻp xalqlar orasida
Yoqub naslining omon qolganlari
Oʻrmon hayvonlari orasidagi
Arslonday boʻlishadi,
Qoʻy suruvi orasiga kirib qolgan
Sher bolasiga oʻxshagan boʻlishadi.
Yurgan yoʻllarida hammaga tashlanib gʻajishadi,
Ularga hech kim bas kela olmaydi.
9 Ey Isroil, sening qoʻling yovlardan baland keladi,
Barcha dushmanlaring qirilib ketadi.
Egamiz Oʻz xalqini poklaydi
10 Egamizning kalomi shudir:
“Oʻsha kuni otlaringizni Men yoʻq qilaman,
Jang aravalaringizni parcha–parcha etaman.
11 Vayron qilaman yurtingiz shaharlarini,
Yakson etaman jamiki qalʼalaringizni.
12 Yurtingizda sehr–joduga barham beraman,
Orangizda bironta folbinni qoldirmayman.
13 Tasviru butsimon toshlaringizni yoʻq qilaman,
Boshqa sajda qilmaysiz qoʻlingiz ijodiga.
14 Asheraga atalgan ustunlarni qoʻporib tashlayman,
Shaharlaringiz kulini koʻkka sovuraman.
15 Menga itoat qilmagan
Xalqlar ustiga qahru gʻazabimni yogʻdirib,
Qasos olaman.”