15–BOB
Muso va Maryamning gʻalaba qoʻshigʻi
1 Shundan keyin Muso va Isroil xalqi Egamizga quyidagi qoʻshiqni kuyladi:

“Egamizni madh etib kuylayman. U buyuk gʻalaba keltirdi.
Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.
2 Egamiz mening kuch–qudratimdir .
U mening qutqaruvchimdir.
U mening Xudoyimdir, men Uni olqishlayman,
Otamning Xudosidir, men Uni ulugʻlayman.
3 Ha, U jangchidir, U Egamizdir .
4 Firʼavnning lashkarini, jang aravalarini Egamiz dengizga uloqtirdi.
Uning sara lashkarboshilarini Qizil dengizga choʻktirdi.
5 Dengiz qaʼri ularni koʻmdi.
Ular tosh singari tubsizlikka tushib ketdilar.

6 Ey Egamiz, Sening qudrating azimdir.
Ey Egamiz, Sening oʻng qoʻling dushmanni rosa ezdi.
7 Sen buyuk gʻalaba qozonding.
Dushmanlaringni yiqitib,
Ularga gʻazabingni sochgan eding,
Gʻazabing ularni xas–choʻp singari yondirib tashladi.
8 Qahrli nafasingdan suv bir joyga yigʻilib,
Devor kabi tik turib qoldi,
Dengizning qaʼri qattiq yer boʻlib qoldi.
9 Shunda dushman gerdayib aytdi:
«Orqalaridan tushaman, quvib yetaman.
Oʻljani baham koʻraman. Bulardan koʻnglim qoniqadi.
Qilichimni yalangʻochlab, ularni yana qul qilaman.»
10 Qahrli nafasingdan dengiz ularni koʻmib yubordi.
Ular bahaybat suvda qoʻrgʻoshinday gʻarq boʻldilar.

11 Xudolar orasida Senga oʻxshagani bormi, ey Egamiz?!
Kim Senga oʻxshar?!
Muqaddasliging bilan ulugʻvorsan Sen,
Qoʻrqinchli ishlaring bilan hamdu sanoga ilhomlantirasan,
Sen ajoyibotlar koʻrsatasan.
12 Sen oʻng qoʻlingni uzatgan eding,
Gʻanimlarni yer yutdi.

13 Oʻzing qutqargan oʻsha xalqni Sen sodiq sevging bilan olib borasan.
Muqaddas makoningga qudrating bilan ularni yetaklab borasan.
14 Xalqlar eshitib buni, titrashadi:
Filist xalqi vahimaga tushib qoladi.
15 Edom urugʻboshilari qoʻrquvga tushadi–ku,
Moʻab beklarini titroq bosadi–ku!
Kanʼondagi xalqlar umidsizlikka tushadi–ku!
16 Ularni qoʻrquv va dahshat qamrab olar.
Ey Egamiz, Sening xalqing oʻtib ketguncha,
Oʻzing ega boʻlgan bu xalq oʻtib ketguncha,
Ular bilaging kuchi oldida toshday qotib qoladi.
17 Xalqingni Oʻz togʻingga olib kelasan,
Ularni joylashtirasan uying uchun tanlagan yerga, ey Egamiz!
Qoʻllaring oʻrnatgan muqaddas maskaningga
Olib kirib joylashtirasan, ey Rabbiy!
18 Egamiz abadulabad shoh boʻlib hukmronlik qiladi.”

19 Firʼavnning otlari, aravakashlari va jang aravalari dengiz oʻrtasiga tushdi. Shunda Egamiz ularning ustiga dengiz suvlarini qaytarib olib keldi. Isroil xalqi esa dengiz oʻrtasidagi quruq yerdan oʻtib ketdi. Shu bois Muso va xalq qoʻshiq kuyladi.
20 Horunning opasi Maryam paygʻambar childirmani qoʻliga oldi. Hamma ayollar unga ergashib, childirmalarini qoʻllariga olib, oʻynadilar. 21 Maryam quyidagi naqoratni kuylab, ularga boshchilik qildi:

“Egamizni madh etib kuylang. U buyuk gʻalaba keltirdi.
Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.”
Taxir suv
22 Muso Isroil xalqini Qizil dengizdan boshlab chiqqandan keyin, ular Shur sahrosiga bordilar. Ular sahroda uch kun yursalar ham, suv topa olmadilar. 23 Undan keyin Maroga bordilar. Ammo Maroning suvi taxir boʻlgani uchun icholmadilar. Shuning uchun ham u yerga Maro deb nom berilgan edi. 24 Xalq esa: “Endi nima ichamiz?” deb Musoga mingʻirlab nolidi. 25 Muso esa Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz Musoga bir choʻpni koʻrsatdi. Muso choʻpni olib suvga tashlagan edi, suv ichishga yaroqli boʻlib qoldi. Shunday qilib, oʻsha yerda Egamiz Isroil xalqini sinadi. Egamiz ularga yashash qonun–qoidasini berdi. 26 U Isroil xalqiga shunday dedi: “Agar Men, Egangiz Xudoga hushyor boʻlib quloq solsangiz, Mening oldimda toʻgʻri ishlar qilsangiz, amrlarimga itoat etsangiz, hamma qonunlarimga rioya qilsangiz, oʻshanda Men Misrliklarni duchor qilgan xastaliklarning birortasiga ham sizlarni duchor qilmayman. Sizlarga shifo beradigan Egangiz Menman.”
27 Shundan soʻng Isroil xalqi Ilim degan joyga keldi. U yerda oʻn ikkita buloq, yetmishta palma daraxti bor edi. Ular buloq boʻyida qarorgoh qurdilar.