3–BOB
Xayrli ishlarga bel bogʻlang
1 Sen jamoatdagilarga eslatib tur: ular davlat boshliqlariyu hokimlarga boʻysunsinlar, itoat etib, har qanday xayrli ishga tayyor boʻlsinlar. 2 Hech kimni yomonlamasinlar, janjallashmasinlar, boshqalarga nisbatan doim muloyim va mehribon boʻlsinlar.
3 Bir vaqtlar bizlar ham fahmsiz, itoatsiz, adashgan odamlar edik, har xil zavqu ehtiroslarning quli boʻlib, gina–kudurat va hasadgoʻylik bilan kun kechirardik, bir–birimizdan nafratlanadigan razil odamlar edik. 4 Ammo najotkorimiz Xudo bizga boʻlgan ezguligi va mehr–muhabbatini koʻrsatdi. 5 Savob ishlarimiz tufayli emas, balki Oʻzining rahm–shafqati tufayli U bizni qutqardi. Muqaddas Ruh orqali gunohlarimizni yuvdi, bizni yangidan tugʻdirib, yangi hayot ato etdi. 6 Najotkorimiz Iso Masih orqali Xudo bizning ustimizga Muqaddas Ruhini moʻl–koʻl qilib yogʻdirdi. 7 Biz Isoning inoyati bilan oqlandik, endi abadiy hayotga umid bogʻlab, Xudo vaʼda qilgan barakalardan bahramand boʻla olamiz. 8 Bu gaplarning hammasi toʻgʻri va asoslidir.
Ushbu taʼlimotning foydasi katta. Jamoatdagilarga yaxshilab uqtir, ular oʻrgatganlarimning hammasiga rioya qilsinlar. Xudoga ishonganlar xayrli ishlarga astoydil bel bogʻlasinlar.
9 Sen esa ahmoqona bahslardan, shajaralar hamda Tavrot qonunlari borasidagi munozarayu janjallardan oʻzingni olib qoch . Bular foydasiz va behudadir. 10 Orangizga nizo urugʻini sepayotgan odamni bir–ikki marta ogohlantir, agar gapingga kirmasa, u bilan aloqani uz. 11 Oʻzing bilasan–ku, bunday odamning fikri buzuq. Uning qilayotgan gunohlari oʻzini mahkum etadi.
Soʻnggi koʻrsatmalar va salomlar
12 Artemas yoki Tixikusni sening yoningga yuborganimdan keyin, Nikopolis shahriga , mening oldimga tezroq kelishga harakat qil. Chunki men qishni shu yerda oʻtkazishga qaror qildim. 13 Qoʻlingizdan kelgancha qonunshunos Zinas va Apollosga yordam qilinglar, safarga chiqishlari uchun kerakli hamma narsani ularga bekamu koʻst qilib yetkazib beringlar. 14 Toki jamoatdagilar ham xayrli ishlarga astoydil bel bogʻlashga odatlansinlar, boshqalarning zaruriy ehtiyojlarini qondirsinlar, shunda hayotlari samarasiz boʻlmaydi.
15 Yonimdagilarning hammasi senga salom yoʻllayaptilar. Bizni yaxshi koʻradigan imondagi birodarlarimizga salom aytgin.
Xudoning inoyati hammangizga yor boʻlsin .