2–BOB
Yunus baliq qornida ibodat qiladi
1 Yunusni yutsin deb, Egamiz nahang baliqni yubordi. Yunus uch kechayu uch kunduz baliq qornida qoldi.
2 Yunus baliqning qornida ekan, oʻzining Egasi Xudoga shunday deb ibodat qildi:
3 “Ey Egam, qaygʻuli damlarimda
Senga qildim iltijo,
Iltijolarimni Sen eshitding.
Oʻliklar diyorining qaʼridan faryod koʻtardim,
Sen eshitding ovozlarimni.
4 Meni otganding tubsiz chuqurga,
Dengiz bagʻriga,
Meni qurshab olgandi suvning girdobi.
Sening toʻlqinlaring
Oʻtgandilar ustimdan bosib.
5 Sening huzuringdan quvilganman,
Dedim oʻshanda,
Lekin muqaddas Maʼbadingni
Yana koʻraman!
6 Suvlar meni boʻgʻzimgacha koʻmgandi,
Tubsiz dengiz atrofimni oʻradi.
Dengiz oʻtlari boshimga oʻralib qoldi.
7 Togʻlarning tubiga choʻkkandim —
Zanjirlari bilan to abad menga toʻsiq qoʻygan joyga .
Sen esa, ey Egam Xudo,
Jonimni oʻsha joydan qutqarding!
8 Ey Egam, hayotim onlari tugay deganda,
Men Seni esladim.
Iltijolarim Sengacha,
Muqaddas Maʼbadinggacha yetib bordi.
9 Soxta, bemaʼni butlarga sigʻinadiganlar
Senga boʻlgan sadoqatidan voz kechdilar!
10 Men esa shukrona aytib,
Senga qurbonlik keltiraman.
Atagan nazrlarimni ado etaman.
Ey Egam, najot faqat Sendandir!”
11 Egamiz shundan keyin nahang baliqqa amr bergan edi, nahang baliq Yunusni quruqlikka chiqarib qoʻydi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020