20–BOB
Edomga qarshi urush
1 Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Moʻabliklar bilan Ommonliklar hamda Mavun xalqining bir qismi Yohushafatga qarshi urishgani otlandilar. 2 Xabarchilar kelib, Yohushafatga: “Son–sanoqsiz lashkar Edomdan — Oʻlik dengizning narigi qirgʻogʻidan sizga qarshi kelmoqda. Ular Xazazon–Tamarni qoʻlga kiritib boʻlishgan”, deb aytdilar. (Xazazon–Tamarning boshqa nomi En–Gedi edi.) 3 Yohushafat qoʻrqib ketdi. U Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi boʻlib, butun Yahudo boʻylab roʻza eʼlon qildi. 4 Yahudoning hamma shaharlaridan xalq Quddusga yigʻilib, Egamizdan madad tiladi.
Shoh Yohushafatning ibodati va gʻalabasi
5 Yohushafat Yahudo va Quddus jamoasi qarshisida — Egamizning uyi oldidagi yangi hovlida turib, 6 iltijo qildi:
“Ey ota–bobolarimizning Xudosi — Egamiz! Samodagi yagona Xudo Sensan. Sen yer yuzidagi barcha xalqlarga hukmronlik qilasan. Kuch–qudrat egasi Oʻzingsan. Kim Senga bas kela oladi?! 7 Ey Xudoyimiz! Xalqing Isroil bu yurtga kelganda, Sen ularning oldidan mahalliy xalqni haydab yubording, bu yurtni doʻsting Ibrohimning nasliga to abad berding. 8 Ota–bobolarimiz bu yerda yashab, Senga atab bir Maʼbad barpo qildilar. Ular shunday degan edilar: 9 «Boshimizga urush, oʻlat va ocharchilik kabi kulfatlar tushganda, biz shu uying oldiga — Sening huzuringga kelamiz. Zero, Sen shu yerdasan. Kulfat ichra Senga yolvoramiz, shunda Sen iltijolarimizni eshitib, bizga najot berasan.»
10 Mana qara, Ommon, Moʻab va Edom yurtining xalqlari bizga hujum qilyaptilar. Bizning ota–bobolarimiz Misrdan chiqqanlarida, Sen ularga bu yurtlarga kirishga ijozat bermagan eding. Ular oʻsha yurtlarni aylanib oʻtib ketgan va u xalqlarni qirib yubormagan edilar. 11 Endi esa bu xalqlarning bizga qaytargan mukofotini koʻrib qoʻy! Sen bizga mulk qilib bergan yurtdan ular bizni haydab yubormoqchilar. 12 Ey Xudoyimiz! Sen Oʻzing ularni jazola, chunki bizga hujum qilgan bu ulkan lashkarga biz qarshilik qilishga ojizmiz. Nima qilishni biz bilmaymiz, Sendan keladigan yordamga koʻz tutib turibmiz.”
13 Shu paytda jamiki Yahudo erkaklari xotin, bola–chaqalari bilan Egamizning oldida — Maʼbadda turgan edilar. 14 Shu on Egamizning Ruhi jamoa orasida turgan levi Zakariyo oʻgʻli Yaxaziyolni qamrab oldi. Yaxaziyol Osif urugʻidan boʻlib, Binayoning nevarasi, Yaviyolning evarasi va Mattaniyoning chevarasi edi. 15 Yaxaziyol dedi:
— Eshitinglar, ey Yohushafat hazratlari, butun Yahudo va Quddus ahli! Egamiz sizlarga shunday demoqda: bu son–sanoqsiz lashkardan qoʻrqmanglar, vahimaga tushmanglar! Bu jang sizniki emas, Xudonikidir. 16 Ertaga ularga hujum qilinglar. Ular Ziz dovonidan oshib keladilar. Sizlar ularni Yarubol adirlarining etagidagi soylik boshida topasizlar. 17 Bu urushda sizlar jang qilmaysizlar. Sizlar joyingizni egallab, kutinglar. Egamiz sizlarni gʻalabaga erishtirganini koʻrasizlar. Ey Yahudo va Quddus ahli! Qoʻrqmanglar, vahimaga tushmanglar. Ertaga ularga hujum qilinglar, Egamiz sizlar bilan birga boʻladi.
18 Shundan keyin Yohushafat yer oʻpib taʼzim qildi. Butun Yahudo va Quddus ahli ham taʼzim qilib, Egamizga sajda qildi. 19 Qohot va Koʻrax nasllaridan boʻlgan levilar tik turib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga baland ovoz bilan hamdu sano oʻqidilar.
20 Yahudo lashkari tong saharda turib, Taxuva adirlariga yoʻl oldi. Ular yoʻlga chiqqanlarida, Yohushafat turib dedi:
— Eshiting, ey Yahudo va Quddus ahli! Egangiz Xudoga ishoning, shunda bexatar boʻlasiz! Egamizning paygʻambarlari aytgan gaplariga ishoning, shunda muvaffaqiyatga erishasiz!
21 Yohushafat xalq bilan maslahatlashib boʻlgandan keyin, Egamizni tarannum etadigan, muqaddasligining goʻzalligiga hamdu sano oʻqiydigan qoʻshiqchilarni tayinladi. Ular lashkar oldida: “Egamizga shukronalar ayting, Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deb qoʻshiq aytishlari kerak edi.
22 Ular qoʻshiq va hamdu sano aytishni boshlashlari bilanoq, Yahudoga qarshi kelgan Ommon, Moʻab va Edom xalqlariga Egamiz gʻoyibdan hujum qildi, ularni tor–mor etdi. 23 Ommon va Moʻab xalqlari Edom xalqiga hujum qilib, ularni bitta qoldirmay qirib tashlashdi. Ularni yoʻq qilganlaridan keyin esa bir–birlarini qirishdi.
24 Yahudo xalqi adirlarning butun manzarasini koʻrsa boʻladigan balandlikka yetib kelganlarida, gʻanimlar tomonga qarab, faqat yerda choʻzilib yotgan murdalarni koʻrdilar. Birontasi ham qochib qutulmagan edi. 25 Yohushafat oʻlja olish uchun lashkarini boshlab borganda, ular koʻp miqdorda yuk hayvonlarini, mol–holni , kiyim–kechaklarni va qimmatbaho buyumlarni topdilar. Koʻtara olgunlaricha narsa olib ketdilar. Oʻljaning koʻpligidan, ular uch kun narsa tashidilar. 26 Toʻrtinchi kuni ular Baraka vodiysida yigʻilishib, Egamizga hamdu sano aytdilar. Shu sababdan bu vodiyning nomi bugungi kunda ham Baraka vodiysi deb yuritiladi. 27 Keyin butun Yahudo va Quddus xalqi Yohushafat boshchiligida xursandchilik bilan Quddusga qaytdilar, chunki Egamiz ularga dushmanlari ustidan tantana qilishga imkon bergan edi. 28 Ular arfa, lira va karnay chalib, Quddusga — Egamizning uyiga keldilar. 29 Egamiz xalqi Isroilning dushmanlarini magʻlub qilganini eshitgan barcha xalqlar Xudodan qoʻrqib qolishdi. 30 Yohushafatning shohligi tinchlikdan bahra topdi, Xudo ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi.
Yohushafat hukmronligining soʻnggi davri
31 Shunday qilib, Yohushafat Yahudoda hukmronlik qildi. U taxtga oʻtirgan paytda oʻttiz besh yoshda boʻlib, Quddusda yigirma besh yil shohlik qildi. Onasi Oziba Shilxining qizi edi. 32 Yohushafat otasi Osoning yoʻlidan yurdi, yoʻldan ozmay, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 33 Ammo sajdagohlarni yoʻq qilib tashlamadi. Xalq hanuz ota–bobolarining Xudosiga chin yurakdan bogʻlanmagan edi.
34 Yohushafatning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Xonin oʻgʻli Yohuning qoʻlyozmalarida bayon etilgan boʻlib, “Isroil shohlari kitobi” tarkibiga kiritilgan.
35 Keyinchalik Yahudo shohi Yohushafat Isroil shohi Oxoziyo bilan ittifoq tuzdi. Oxoziyo koʻp qabih ishlar qilgan edi. 36 Ular birgalikda Ezyoʻn–Geberda dengiz savdo kemalarini yasadilar. 37 Shunda Morisholik Doʻdavahu oʻgʻli Eliazar Yohushafatga qarshi bashorat qilib: “Sen Oxoziyo bilan ittifoq tuzganing uchun, Egamiz bu kemalaringni buzib tashlaydi”, deb ogohlantirdi. Kemalar parchalanib, ular dengizga chiqishga muvaffaq boʻla olmadilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020