12–BOB
Xudo Ibromni tanlaydi
1 Shundan keyin Egamiz Ibromga dedi: “Oʻz yurtingdan, qarindosh–urugʻlaring oldidan — otang xonadonidan chiqib ket. Men senga bir yurtni koʻrsataman, oʻsha yerga borasan.

2 Buyuk xalqning otasi qilaman seni,
Baraka beraman senga,
Ulugʻ qilaman sening nomingni,
Baraka manbai boʻlasan sen.
3 Men baraka berarman seni duo qilganlarga,
Seni laʼnatlaganlarni Men laʼnatlayman.
Sen orqali baraka toparlar
Yer yuzidagi jamiki xalqlar.”

4 Egamiz amr qilganday, Ibrom ketdi. Lut ham Ibrom bilan birga ketdi. Ibrom Xorondan chiqib ketganda, yetmish besh yoshda edi. 5 Ibrom xotini Sorayni , jiyani Lutni, Xoronda xizmatga olgan odamlarini boshlab, toʻplagan jamiki mol–mulkini olib, Kanʼon yurtiga qarab yoʻlga tushdi. Nihoyat, ular Kanʼon yurtiga yetib kelishdi. 6 Ibrom bu yurtda koʻchib yurib, Shakam yaqinidagi Moʻre nomli muqaddas eman daraxti yoniga yetib kelib toʻxtadi. Oʻsha paytlarda bu yurtda Kanʼon xalqi yashardi. 7 Shu yerda Egamiz Ibromga zohir boʻlib: “Mana shu yurtni sening naslingga beraman”, dedi. Shunday qilib, Ibrom zohir boʻlgan Egamizga atab oʻsha yerda qurbongoh qurdi. 8 Shundan soʻng Ibrom Baytilning sharqidagi qirlarga yoʻl oldi. Baytil bilan Ay shaharlarining oʻrtasida chodir tikdi. Chodirdan gʻarb tomonda Baytil, sharq tomonda Ay shaharlari bor edi. Bu yerda u qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi. 9 Ibrom u joydan bu joyga koʻchib, janubga — Nagav choʻliga ketdi.
Ibrom Misrda
10 Oʻsha paytda Kanʼonda qahatchilik haddan ortiq avjiga chiqdi. Shuning uchun Ibrom, qahatchilik tugaguncha kutib turay deb, Misrga yoʻl oldi. 11 Ibrom Misr chegarasiga yaqinlashganda, xotini Sorayga dedi:
— Sen juda ham goʻzal ayolsan. 12 Misrliklar seni koʻrganlarida: “Manavi ayol — uning xotini”, deb aytishadi. Meni oʻldirib, seni tirik qoldirishadi. 13 Sen, uning singlisiman, deb aytgin, toki sen tufayli Misrliklar menga yaxshi munosabatda boʻlsinlar, jonimga rahm qilsinlar.
14 Ibrom Misrga kirib kelganda, Sorayning goʻzalligi hammaning ogʻzida duv–duv gap boʻldi. 15 Saroy aʼyonlari ham Sorayni koʻrishgach, uni firʼavnga rosa maqtashdi. Shunday qilib, Sorayni firʼavnning saroyiga olib kelishdi. 16 Firʼavn Soray tufayli Ibromga ham koʻp muruvvat qildi: mol–qoʻy, eshaklar, qul va choʻrilar, tuyalar inʼom qildi.
17 Lekin firʼavn Sorayni oʻz haramiga olmoqchi boʻlgani uchun, Egamiz firʼavn xonadoniga dahshatli oʻlat kasalligini yubordi. 18 Firʼavn Ibromni chaqirtirib kelib, unga dedi:
— Bu nima qilganing? Nima qilib qoʻyding meni? Nimaga Soray xotining ekanini menga aytmading? 19 Nimaga, u mening singlim, deb aytding? Gapingga ishonib, uni oʻzimga xotin qilib olmoqchi boʻldim–a! Mana xotining, ol–da, koʻzimdan yoʻqol!
20 Firʼavn oʻz odamlariga farmon bergan edi, ular Ibromni xotini, hamma odamlari va mol–mulki bilan birga yurtdan chiqarib yubordilar.