3–BOB
1 U menga shunday dedi:
— Ey inson, Men senga berayotgan bu oʻrama qogʻozni olib yegin. Soʻng Isroil xalqining oldiga borib, aytganlarimni ularga yetkaz.
2 Men ogʻzimni ochdim, U menga oʻsha oʻrama qogʻozni yegani berdi. 3 U menga dedi:
— Qogʻozning hammasini yeb, qorningni toʻygʻaz.
Men qogʻozni yedim, uning taʼmi asalday shirin edi. 4 U menga yana shunday dedi:
— Ey inson, endi borib, Isroil xalqiga Mening gaplarimni ayt. 5 Men seni qiyin va murakkab tilda gapiradigan xalq oldiga emas, balki Isroil xalqi oldiga yuboryapman. 6 Agar Men seni tili tushunarsiz boʻlgan koʻp xalqlar oldiga yuborganimda edi, ular senga albatta quloq solishgan boʻlar edi. 7 Ammo Isroil xalqi senga quloq solmaydi, ular hatto Menga ham quloq solishmaydi. Ha, bu xalq qaysar va oʻjardir. 8 Mana qara, Men seni ular kabi qaysar va oʻjar qilaman. 9 Sening boshing toshday qattiq, qayroqtoshdan ham qattiqroq boʻladi. Ular isyonkor xalq boʻlsa–da, sen ulardan choʻchima, dahshatga tushma.
10 U gapida davom etib shunday dedi:
— Ey inson, senga aytadigan gapimni ikki qulogʻing bilan yaxshilab eshitib, hammasini dilingga tugib olgin. 11 Soʻng surgundagi yurtdoshlaring oldiga bor. Ular senga quloq soladimi, yoʻqmi, ularga: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda”, deb gaplarimni yetkaz.
12 Ruh meni koʻtardi. Shunda men orqadan kelayotgan qattiq gumburlagan tovushni eshitdim. Oʻsha tovush: “Egamizning ulugʻvorligini Uning makonida madh qilinglar”, deb aytayotgan edi . 13 Men jonli mavjudotlarning bir–biriga ishqalangan qanotlarining tovushini va yonlaridagi gʻildiraklarning guldurosini eshitdim. 14 Ruh meni boshqa yoqqa olib ketdi. Men achchiqlanib, jahlim chiqa boshladi. Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. 15 Men Kavor daryosining boʻyidagi Tel–Ovuvda yashayotgan surgundagilarning oldiga bordim. Oʻsha yerda yetti kun davomida oʻzimga kela olmay gangib oʻtirdim.
Hizqiyolni Egamiz soqchi qilib tayinlaydi
16 Yetti kundan keyin Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi:
17 — Ey inson, Men seni Isroil xalqiga soqchi qilib tayinladim. Ogʻzimdan chiqqan har bir gapimni ularga aytib, ogohlantirasan. 18 Agar Men fosiqqa: “Sen albatta oʻlasan”, deb aytsam–u, sen esa oʻsha odamni bu haqda ogohlantirmasang, hayotini saqlab qolay deb, uni fosiqlik yoʻlidan qaytarmasang, oʻsha odam oʻz gunohi uchun oʻladi. Biroq uning oʻlimi uchun Men seni javobgar qilaman. 19 Agarda sen fosiqni ogohlantirsang–u, u esa fosiqlik yoʻlidan qaytmasa, u oʻz gunohi uchun oʻladi, sen esa oʻz joningni asrab qolgan boʻlasan. 20 Agar solih kishi yomon yoʻlga kirib, gunohga qoʻl ursa, Men uning oyogʻiga toʻgʻonoq solaman, u qoqilib yiqiladi . Bordi–yu, sen oʻsha odamni ogohlantirmasang, u nobud boʻladi. Men uning qilgan savob ishlarini esga olmayman, u oʻzining gunohi uchun oʻladi. Uning oʻlimi uchun esa seni javobgar qilaman. 21 Bordi–yu, sen solih kishini yomon yoʻldan qaytarsang, u senga quloq solgani uchun yashaydi. Sen esa oʻz joningni asrab qolgan boʻlasan.
Hizqiyol tildan qoladi
22 Egamiz menga Oʻz qudratini ato etib, shunday dedi:
— Qani, tur, vodiyga tush. Men sen bilan oʻsha yerda gaplashaman.
23 Men turib, vodiyga tushdim. Egamizning ulugʻvorligi menga zohir boʻldi. Men u yerda koʻrgan Egamizning ulugʻvorligi xuddi Kavor daryosi boʻyida koʻrgan ulugʻvorlikka oʻxshar edi . Men muk tushdim.
24 Ruh vujudimga kirib, meni oyoqlarimga turgʻizib qoʻydi. Soʻng Egamiz menga shunday dedi:
— Uyingga kirib, eshiklarni ichidan qulflab ol. 25 Koʻchaga chiqa olmasliging uchun seni arqonlar bilan bogʻlashadi. 26 Sen bu isyonkor xalqqa tanbeh bera olmasliging uchun, Men seni gung qilib, tilingni tanglayingga yopishtirib qoʻyaman. 27 Ammo ularga aytadigan gapim boʻlganda, seni yana tilga kiritaman . Ularga: “Egamiz Rabbiy shunday demoqda”, deb gapirasan. Senga quloq soladiganlar quloq solsin, quloq solishni xohlamaganlar esa solmasin. Axir, ular isyonkor xalq–ku!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020