4–BOB
Xudo yoʻlida yashash
1 Masih bu dunyoda azob chekkani kabi, sizlar ham azob chekishga tayyor turinglar. Zotan, azob chekishga rozi boʻlgan kishi gunohdan yuz oʻgirgan boʻladi. 2 Bunday odam qolgan umrini nafsini qondirishga emas, Xudoning irodasini bajarishga bagʻishlaydi. 3 Sizlar oʻtmishda xudosizlarday yashaganingiz yetar. Oʻsha vaqtlarda axloqsizlik, shahvatparastlik, mayxoʻrlik, aysh–ishrat, kayf–safo, razil butparastlik bilan kun kechirardingizlar. 4 Endi esa atrofdagilar sizlarni koʻrib, hayron boʻlyaptilar. Ularning yaramas qilmishlariga qoʻshilmaganingiz uchun sizlarni haqorat qilyaptilar. 5 Ammo ular oʻz qilmishlari uchun Xudo oldida javob beradilar. Xudo tirigu oʻliklarni hukm etishga tayyor turibdi. 6 Xushxabar nima sababdan eʼlon qilinganini esingizda tutinglar. Toʻgʻri, Xushxabarni eshitgan koʻp odamlar olamdan koʻz yumdi, chunki oʻlim bu dunyoga gunoh natijasida kirib keldi. Ular ham, boshqa insonlar kabi, jisman oʻlimga mubtalo boʻlishdi. Biroq bir kun kelib, Xudo ularga ulugʻvor, yangi hayot ato qiladi .
7 Oxirzamon yaqinlashib qoldi. Aqlingizni yigʻib, doim hushyorlik bilan ibodat qilinglar. 8 Avvalambor, bir–biringizni chin yurakdan yaxshi koʻringlar. Chunki sevgi koʻp gunohlarni yuvadi. 9 Nolimay, ochiq chehra bilan bir–biringizni mehmon qilinglar. 10 Xudo sizlarga bergan inʼomlar bilan bir–biringizga xizmat qilinglar. Xudoning bu boy ehsonlaridan oqilona foydalaninglar. 11 Vaʼzxonmisiz? Shunday vaʼz qilingki, goʻyo siz orqali Xudoning Oʻzi gapirganday boʻlsin. Xizmatchimisiz? Xudoning bergan kuchiga muvofiq xizmat qiling. Toki Iso Masih orqali Xudo har bir ishingizda va har bir soʻzingizda ulugʻlansin. Qudratli Xudoga abadulabad shon–sharaflar boʻlsin. Omin.
Masih uchun azob chekish
12 Ey azizlarim, xuddi gʻayritabiiy hodisa yuz berganday, boshingizga tushgan ogʻir sinovlardan hayron boʻlmanglar. 13 Aksincha, Masihning azoblariga sherik boʻlganingizdan xursand boʻlinglar! Shunday qilsangiz, U oxiratda ulugʻvorlikka burkanib kelganda, qalbingiz yanada koʻproq quvonchga toʻladi. 14 Agar sizlarni Masihga tegishli boʻlganingiz uchun haqorat qilishsa, baxtlisizlar! Axir, Xudoning Ruhi sizlarga madad beradi. U sizlarni Xudoning ulugʻvorligidan bahramand qiladi . 15 Orangizda hech kim qotil, oʻgʻri, badkirdor yoki janjalkash odam sifatida azob chekmasin. 16 Ammo masihiy boʻlganingiz uchun azob cheksangiz, bundan uyalmang, aksincha, sizlarni bunday nomga sazovor qilgan Xudoni ulugʻlang.
17 Xudo dunyoni hukm qiladigan vaqt keldi. U hukmini Oʻz xonadonidan boshlaydi. Agar biz birinchi navbatda hukm qilinadigan boʻlsak, unda Xushxabarni rad etib, Xudoga itoat qilmaganlarning oxirati nima boʻladi? 18 Agar solih odam zoʻrgʻa qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi?
19 Shunday ekan, Xudoning irodasiga koʻra, azob chekayotgan boʻlsangiz, yaxshilik qilishda davom etinglar, oʻzingizni sodiq Yaratuvchiga topshiringlar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020