21–BOB
Bobil shohi Egamizning qilichi timsolida
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Quddusga yuzlan. Isroil yurtiga va barcha sajdagohlariga qarshi bashorat qil. 3 Isroil yurtiga qaratib shunday soʻzlarni ayt: «Egamiz demoqda: Men Oʻzim senga qarshi chiqaman! Qilichimni qinidan sugʻurib, hammangizni — solihlarni ham, fosiqlarni ham yoʻq qilaman. 4 Qilichim janubdan shimolgacha boʻlgan hamma jonzotni qirib tashlaydi. 5 Shunda Egangiz Men ekanligimni hamma bilib oladi. Ha, Men qilichimni qinidan sugʻuraman! Uni qaytarib joyiga solmayman.»
6 Ey inson, siqilgan odamga oʻxshab, chuqur xoʻrsingin, qaygʻurganingni hamma koʻrsin. 7 Ular sendan: «Nega xoʻrsinyapsan?» deb soʻrashganda, ularga shunday javob ber: «Noxush bir xabar eshitdim. U amalga oshganda, odamlarning yuragi orqaga tortib ketadi, qoʻllarida mador qolmaydi, ruhi tushadi, ishtonlari hoʻl boʻladi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Mana oʻsha vaqt yaqinlashib qoldi! U albatta amalga oshadi.»”
8 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 9 “Ey inson, bashorat qilib ayt: «Rabbiy shunday demoqda:

Mana, Men qilichimni yaltiratib charxladim.
10 Odamlarni qirish uchun qayradim.
Chaqmoq kabi chaqnashi uchun yaltiratib tozaladim.
Ammo bundan qanday xursand boʻlaylik?!
Ey oʻgʻlim Yahudo,
Qilichim saltanat hassasini mensimaydi,
Hech qanday tayoqni pisand qilmaydi .
11 Mana, qilichim charxlandi,
Ishlatish uchun tayyor boʻldi.
Yaltiratib qayraldi,
Qotil uchun hozirlandi.»

12 Ey inson, dod solib faryod qil!
Endi koʻksingga ur!
Zero, qilich xalqimga qarshidir,
Barcha Isroil shahzodalariga qarshidir.
Ular qilichdan nobud boʻladi,
Xalq qatori qirilib ketadi.
13 Bu sinov paytidir!
Qilich hatto Yahudoning saltanat hassasini
Mensimasa nima boʻladi?!
Saltanatning kuni bitadi,
— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. —

14 Ey inson, bashorat qil.
Kaftingni kaftingga uraver,
Qilich xalqimni qayta–qayta chopaversin.
Bu qirgʻin qilichidir,
Qirgʻin–barot qilichidir.
U xalqimni har tomondan siqib kelmoqda!
15 Odamlarning yuragi orqaga tortib ketdi,
Ular qoʻrquvdan qoqila boshlashdi.
Men qilichimni qirgʻin uchun oʻrnatdim,
Shaharning har bir darvozasi oldiga qoʻydim.
Eh, mana qilichim yaltiratib tozalandi.
Odamlarni qirish uchun qinidan chiqarildi.
16 Ey qilichim, oʻngdagilarni chop!
Soʻldagilarni chop! Hammani tigʻdan oʻtkaz!
17 Men ham kaftimni kaftimga uraman,
Shunda jahldan tushaman.
Bularni Men, Egangiz, aytdim.”

18 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 19 “Ey inson, xaritaga ikki yoʻlni tushir. Bobil shohi bu yoʻllardan yurib, hujum qiladi. Ikkala yoʻl ham bir joydan boshlansin. Yoʻllarning ayrilgan joyiga bir belgi qoʻy. 20 Yoʻllardan biri Bobil shohini Ommon yurtining poytaxti Rabbaga, ikkinchisi Yahudo yurtining mustahkam shahri Quddusga olib borsin. 21 Hozir Bobil shohi yoʻllar ayrilgan joyda turib, qaysi shaharga hujum qilish kerakligi haqida bosh qotiryapti. U kamon oʻqlarini silkitib, qurʼa tashlayapti. But–sanamlarga maslahat solyapti, qurbonlik qilingan hayvonlarning jigariga qarab, fol ochtiryapti. 22 U oʻng qoʻli bilan «Quddus» deb yozilgan oʻqni chiqaradi. Quddus atrofiga devorteshar qurollarni oʻrnashtiradi. Lashkariga, oʻldir, deya buyruq beradi, ularni jangga daʼvat qiladi. Darvozani buzadigan qurollarni oʻrnashtiradi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi , qamal inshootlarini qurdiradi. 23 Quddus aholisi Bobil shohiga sadoqat qasamini ichgani uchun bu ularga soxta bashoratday tuyuladi. Ammo Bobil shohi ularning aybini yuziga soladi, ularni asir qilib oladi.
24 Ey Isroil xalqi, Men, Egang Rabbiy, senga aytyapman: sen ochiqchasiga isyon koʻtarib, oʻz aybingni oʻzing fosh qilding. Qilgan har bir ishing bilan gunohlaringni koʻrsatding. Shu bois sen asirlikka tushasan.
25 Ey buzuq, fosiq Isroil hukmdori , sening kuning bitdi! Oxirgi jazoingning vaqt–soati yetdi! 26 Men, Egang Rabbiy, senga aytyapman: boshingdagi sallangni yech, tojingni olib tashla. Endi hammasi oʻzgaradi, xoʻrlangan odam yuksaladi, yuksalgan odam esa xoʻrlanadi. 27 Ana vayronalar, vayronalar! Ha, Men Quddusni vayron qilaman. Ammo shaharni hukm qiladigan odam kelmaguncha, bular sodir boʻlmaydi. Men shaharni oʻshaning qoʻliga beraman.
28 Ey inson, bashorat qilib ayt: «Isroilni mazax qilgan Ommon xalqi haqida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey qilich, qilich! Sen qirgʻin uchun qindan chiqarilding. Odamlarni qirish uchun charxlanding, chaqmoq kabi chaqnash uchun yaltiratib tozalanding! 29 Ommon xalqi sen haqingda yolgʻon vahiylar koʻryapti, sen toʻgʻringda boʻlmagʻur follar ochtiryapti. Sen bu yovuz fosiqlarning boshini chopib tashlaysan! Ularning kuni bitdi, oxirgi jazosining vaqt–soati yetdi!
30 Ey Bobil shohi, qilichingni qiniga sol! Boshqalarni jazolashdan toʻxta! Endi Men seni ona yurtingda, tavallud topgan joyingda hukm qilaman. 31 Ustingga gʻazabimni sochaman, qahrimning olovini senga ufuraman. Seni shafqatsizlarning qoʻliga beraman, oʻsha mohir qotillarga topshiraman. 32 Sen olovga yem boʻlasan, qoning ona yurtingda toʻkiladi. Sen haqingdagi xotira abadiy oʻchadi. Egamizning kalomi shudir.»”