5–BOB
Ahd sandigʻi Ashdod va Exronga suriladi
1 Filistlar Xudoning Sandigʻini qoʻlga kiritganlaridan keyin, uni Evanzordan Ashdod shahriga olib ketishdi. 2 Uni Filistlarning xudosi Doʻgʻon uyiga olib borib, Doʻgʻon haykali yoniga joylashtirishdi. 3 Ashdodliklar ertasiga saharda turib qarashsa, Doʻgʻon Egamizning Sandigʻi oldida yuzi bilan yerga agʻdarilib yotgan ekan. Shunda Doʻgʻonni koʻtarib, joyiga turgʻizib qoʻyishdi.
4 Ertasiga yana saharda turib qarashsa, Doʻgʻon Egamizning Sandigʻi oldida yuzi bilan yerga agʻnab yotgan ekan. Bu safar Doʻgʻonning boshi bilan ikkala qoʻli sinib, ostonada yotgan, faqat gavdasi butun qolgan ekan, xolos. 5 Shuning uchun Doʻgʻon ruhoniylari va Doʻgʻon uyiga kelib sajda qiluvchilarning birortasi bugungacha Ashdoddagi bu joyning ostonasini bosmaydi, ular ostonani hatlab, ichkariga kirishadi.
6 Egamiz Ashdod aholisini va uning atrofidagi qishloqlar aholisini qattiq jazoladi. Ularni chipqonga giriftor qilib, katta kulfat keltirdi. 7 Ashdodliklar boʻlib turgan voqealarni koʻrgach:
— Isroil Xudosining Sandigʻi endi biz bilan qolmasin, chunki u oʻzimizga ham, xudoyimiz Doʻgʻonga ham ogʻir kulfat keltirdi, — deyishdi. 8 Soʻngra xabarchilar joʻnatib, hamma Filist beklarini chaqirtirib kelishdi:
— Isroil Xudosining Sandigʻini nima qilamiz? — deb soʻrashdi Ashdodliklar.
— Isroil Xudosining Sandigʻi Gatga yuborilsin, — deyishdi Filist beklari.
Shunday qilib, Isroil Xudosining Sandigʻi Gat shahriga joʻnatib yuborildi. 9 Ammo Sandiq u yerga keltirilgandan keyin, Egamiz oʻsha shaharga ham balo–qazo keltirdi. Shaharni qattiq vahima bosdi. Egamiz butun shahar aholisini, kattayu kichikni yana chipqonga mubtalo qildi. 10 Shundan keyin Isroil Xudosining Sandigʻini Exron shahriga joʻnatishdi.
Xudoning Sandigʻi Exronga kirar–kirmas, Exronliklar:
— Oʻzimizni va xalqimizni qirib tashlagani Isroil Xudosining Sandigʻini bizga olib kelishdi! — deb shovqin soldilar. 11 Xabarchilar joʻnatib, Filistlarning hamma beklarini toʻplab, shunday dedilar:
— Isroil Xudosining Sandigʻini kelgan joyiga qaytarib yuboringlar, tagʻin oʻzimiz ham, xalqimiz ham qirilib ketmaylik.
Shaharning har tarafida oʻlim vahimasi hukm surardi. Xudo ularga ogʻir jazo yuborgan edi. 12 Omon qolganlarning hammasiga esa chipqon chiqdi. Shahar ahlining ohu figʻoni koʻklarga oʻrladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020